XITOY IMPERATORLIGI HARBIY YURISHLARI TARIXIDA DOVON DAVLATINING O‘RNI VA AHAMIYATI
XITOY IMPERATORLIGI HARBIY YURISHLARI TARIXIDA DOVON DAVLATINING O‘RNI VA AHAMIYATI

XITOY IMPERATORLIGI HARBIY YURISHLARI

TARIXIDA DOVON DAVLATINING O‘RNI VA AHAMIYATI

Boburmirzo Iminjanov Xabibullo o‘g‘li,

Andijon davlat universiteti talabasi.

 

Xitoy imperatorligi tarixdagi eng buyuk va uzoq vaqt hukm surgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu davlatni bir nechta sulolalar boshqardi. Imperatorlikning o‘ziga xos harbiy yurishlar tarixi mavjud. Xitoyliklarning vaqti-vaqti bilan bizning hududlarimizga ham ko‘zlarini tikkanlari hech kimga sir emas. Shu jumladan Farg‘ona vodiysi hududlarida tashkil etilgan Dovon davlati ham xitoyliklar ko‘z tikkan hudud hisoblangan. Dovon yurishlari Xitoy tarixida o‘ziga xos sahifa ochdi. Quyida ana shu sahifa haqida so‘z boradi.

Farg‘ona qadimgi davrda ahamoniylar va yunonlar hukmronligi davrida siyosiy erkini o‘z qo‘lida saqlab qolgan. Yunon mualliflari faqat salavkiylarning lashkarboshisi Demodam miloddan avvalgi 280-yilda Yaksart (Sirdaryo) dan kechib o‘tib yunon xudosi Apollon sha’nigamehrob (olovxona) o‘rnatdi, degan xabarni qoldirgan. Yunon-Baqtriya podsholaridan birining Sharqiy Turkistonga Farg‘ona orqali bir marta qo‘shin tortib borganligi haqida ham antik tarixchilar ma’lumot qoldirganlar. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, qadimgi Farg‘ona davlati – Dovon miloddan avvalgi II asrda emas, balki, ancha avval, III yoki IV asrlardayoq O‘rta Osiyo tarixida shakllangan davlat sifatida mavjud edi. U qadimda Parkan deb atalgan. Uning Dovon nomi esa xitoylar tomonidan berilgan nomdir.

Miloddan avvalgi II-I asrlardagi rivojlangan davr Farg‘ona tarixida Sho‘rabashat bosqichi deb yuritiladi. Sho‘rabashat O‘zgan shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, vodiyning yirik shaharlaridan biridir, uning maydoni 70 gektarga teng. Sima Syanning “Tarixiy xotiralar” asarida Dovonning ikkita poytaxti – Ershi va Yuchen bo‘lganligi xabari beriladi. Miloddan avvalgi II asr (mil.avv. 125-yil) da bu hududlarga kelgan Xitoy elchisi Chjan Syan bir nechta Dovon hukmdorlarining ismini keltirib o‘tgan. Ularning nomlari xitoychada Mugua, Chan Fin, Yanlyu, Mosoy deb berilgan. Hukmdor (“Van” deb atalgan) ning yonida eng yaqin qarindoshlardan ikkita yordamchi – katta yordamchi (Fu van) va kichiki yordamchi (Fu-go van) bo‘lgan. Hukmdor davlat ishlarini olib borishda oqsoqollar kengashiga suyangan. Chjan Syan qadimgi Farg‘ona xalqi bilan, uning xulq-atvori, urf-odatlari, kuch-qudrati, tabiati va hayvonot dunyosi bilan tanishar ekan, o‘z imperatori nomiga hisobot yozgan va Xitoy imperatorining e’tiborini Dovonga tortgan.

Xitoyning Dovon uchun bo‘lgan mujodalasi tahminan miloddan avvalgi II asrlarda boshlandi. O‘sha davrda Xitoyda Xan sulolasi hukmronlik qilardi. G‘arbiy chegara hududlar hisoblangan Dovon yerlari tom ma’noda sharq va g‘arbni bog‘lab turuvchi asosiy ko‘prik vazifasini bajarardi. Bundan tashqari, Buyuk Ipak yo‘li deb nomlangan savdo-tijorat yo‘li ham aynan shu hududlar orqali o‘tgan. Bu yo‘ldagi qit’alararo savdoda sharqiy So‘g‘diyona chegaralaridan to Tan davridagi Xitoy imperiyasigacha bo‘lgan yo‘lning xavfsizligini ta’minlashda, oziq-ovqat, yo‘l ko‘rsatuvchilar va tarjimonlar yetkazib berishda Dovon asosiy rol o‘ynagan. Bundan tashqari, Farg‘onaning “samoviy duldullari” – arg‘umoq otlari ham Dovonni o‘z tasarrufiga olishga undardi. Bu otlar tasviri tushirilgan qoyatosh rasmlari bizning kunimizgacha yetib kelgan. Ayrimchatov, Obishirsoy, Aravon, Novqat qoyalaridagi suratlar shular jumlasidandir.

O‘sha davrda Dovon aholisi ko‘p hamda iqtisodiy jihatdan ilg‘or hududlardan biri hisoblanardi. Miloddan avvalgi II-I asrlarda Xitoy manbalari qoldirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Dovonda asosan dehqonchilik madaniyati avj olgan, aholisi yilqichilik bilan mashg‘ul edi. Sharqiy Turkistondagi shahar-davlatlar tashqi siyosat masalalarida o‘z hududlarini himoya qila olishlari uchun yagona bir birlik bo‘lib birlasha olmadilar. Xitoy tarixchilari bu shahar-davlatlarning qo‘shinlari haqida shunday ma’lumotlarni yozib qoldirganlar: “yakka holda ular juda ham zaif hamda qo‘shinda o‘rnatilgan tartib yo‘q” [Бичурин Н. Я. “Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена”. Москва-Ленинград 1950, ст. 214]. Dovonliklar g‘arbda qang‘lilar, shimolda usunlar, sharqda esa uyg‘urlar bilan yaqin aloqada bo‘lganlar. Xitoy bilan bo‘lgan janglarda ularni har doim qang‘uylar qo‘llab-quvvatlagan. Xitoy manbalariga qaraganda, qadimgi Farg‘onani 419-yilgacha bir sulola vakillari uzluksiz boshqarib kelgan. O‘rta Osiyo hududlarida Eftalitlar davlati qaror topgach, qadimgi Farg‘ona davlati o‘z mustaqilligini yo‘qotgan.

Miloddan avvalgi 104-yilda Xan imperiyasi qo‘shini Dovon hududlariga hujum qilishni boshladi. Farg‘onaliklar tomonidan Xitoy fuqarosi Che Lining o‘ldirilishi hujumga sabab bo‘ldi. Lekin uzoq yo‘l, har qadamda mahalliy hokimlar qo‘shinlari bilan (ayniqsa, Lobnordagi jang talofatli bo‘ldi) bo‘lib turadigan to‘qnashuvlar Xitoy armiyasining tinkasini quritdi. Ular Farg‘onani egallash uyoqda tursin, hatto bironta arg‘umoq olishga ham erisha olmay, miloddan avvalgi 102-yilda katta sonli qo‘shindan qolgan qoldiq bilan zo‘rg‘a Dun Xuan shahriga qaytadi. Lekin imperator U-Di 60 ming askardan iborat muazzam bir qo‘shin to‘plab takror hujumga o‘tdi. Harbiy safar davomida “Shimoliy o‘rdugoh” tashkil etildi va harbiy hujumlar shu yerdan turib boshqarila boshlandi. Miloddan avvalgi 101-yilda Xan qo‘shini Farg‘ona hududlariga bostirib kirdi. Yerli aholi ko‘p sonly Xitoy askarlari bilan ochiq maydonda jang qilishdan qochib, mayda-mayda guruhlarga bo‘linib qal’alarga yashirinadilar. Poytaxt Ershining qamali 40 kun davom etadi. Mudofaachilar agar Xitoy harbiy harakatlarini to‘xtatsa, o‘z hukmdori qaysar Muguani o‘ldirishlarini, xitoyliklarga bir necha “samoviy duldullar” va armiya uchun yemak berishlarini va’da qiladilar. Tinkasi qurigan Xitoy bu shartlarga rozi bo‘ladilar va bu yerlardan 3 mingga yaqin otni o‘lja o‘laroq olib ketdilar.

Sima Syanning yozishicha, farg‘onaliklar Muguani o‘ldirib, sobiq keksa hukmdor Mosoyni taxtga o‘tqizadilar. O‘zgan aholisi xitoyliklar qoldirib ketgan qo‘shinni oziq-ovqat va yem-xashak bilan ta’minlashdan voz kechib, ularni qirib tashlaydilar. Bundan xabar topgan Xitoy qo‘shini ortiga qaytadi va O‘zganni egallaydi. Shahar hokimi Qang‘ davlatiga qochib ketgandi. Uni ham tutib kelib qatl etadilar. Xitoy qo‘shini o‘z yurtiga qaytib ketishi bilanoq aholi Mosoyni taxtdan tushirib, Muguaning ukasini hukmdor qilib ko‘taradilar.

Xitoy tarixchilari qadimgi Farg‘ona aholisini tashqi qiyofada qang‘arlarga o‘xshab ketadi, ular chuqur ko‘zli va qalin soqolli bo‘lganlar deb ta’riflaydi. Chjan Syanning yozishicha, Dovon 60 ming kishilik qo‘shinga ega bo‘lgan, otliq qo‘shin harbiy mahoratda tengi yo‘q bo‘lgan. Ularning chopar ot ustida turib orqaga qayrilib kamondan uzgan o‘qlari dushmanni dog‘da qoldirgan. Ularning ayollari ham kamondan o‘q uzishda erlaridan qolishmagan. Dovondan to An’sigacha bo‘lgan hududlarda yashovchi aholining tili har xil bo‘lsa-da, ammo ular bir-birlarini tushunishgan, ularning urf-odatlari ham bir-biriga o‘xshash bo‘lgan.

Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, Dovon davlatini egallash faqatgina Xitoy davlatining maqsadi bo‘lmagan. Xususan, Xitoyga qo‘shni bo‘lgan Sogyui davlatining ham shunday rejalari bo‘lgan. Milodiy 33-yilda Xyan Sogyui davlatining hukmdori deb e’lon qilindi. Xyan o‘zining zafarli harbiy yurishlari orqali davlatni yanada yuksaltirdi. Xususan, bu yurishlarning birida, tahminan 46-yilda Sogyui davlati Farg‘ona hududlaridagi Dovon davlatini zabt etdi. Bu davrda Dovon ancha kuchli davlat hisoblanardi. Xyanning buyrug‘iga ko‘ra, Gyuim davlatining eski hukmdori Farg‘ona taxtiga o‘tiradi. Faqat bu hukmdor Dovon davlati taxtida roppa-rosa bir yil o‘tirdi. Qang‘ davlati Dovonga ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Oqibatda xitoylar Dovonni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Sogyui hukmdori Xyan bu davlatdan katta miqdorda o‘lja va soliqlarni oldi hamda hududni tark etdi.

Xitoy harbiy yurishlari tashkil etilgan bu davr Dovon davlati uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Butun harbiy muhorabalar aynan ularning hududlarida bo‘lib o‘tdi, shaharlar vayron bo‘ldi, aholisi talon-taroj etildi, ekin dalalari yoqib yuborildi, tijorat ishlari to‘xtab qoldi va qanchadan-qancha insonlar halok bo‘ldi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.   Ban Gu. “Istoriya dinasti Xan”. Moskva, 1964.

2.   Prof. Risalet Kerimova. “Turkler”. I jild.

3. Asqarov A. O‘zbekiston tarixi. – Toshkent, 1994.