Marhamatga marhamat!

TUPROQLARI MUQADDAS MAKON

Marhamat tumani – zamini tabarruk bo’lgan aziz vohalardan biri.

Viloyatning janubiy qismida joylashgan. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1963 yilda Marhamat tumani yondosh tuman bilan birlashtirilib, tuman markazi Marhamat tumanidagi Russkoe selo poselkasiga ko`chirilgan. 1965 yil 15 fevralda tuman  nomi o`zgartirilib, markazi hozirgi Asaka shahriga ko`chirilgan. 1970 yil 7 dekabrda Marhamat tumani bilan qayta tashkil etilgan. Marhamat tumani shimolda viloyatning Asaka, Xo`jaobod, Buloqboshi tumanlari, sharq va janubda Qirg`iziston Respublikasi O`sh viloyatning Aravon tumani, g`arbda Farg`ona viloyatining Quva tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,32 ming kv.km. Aholisi, 133,4 ming kishi. Marhamat tumanida 1 ta shahar (Marhamat), 1 ta shaharcha (Polvontosh), 5 ta qishloq (Marhamat, Qorabag`ish, Shukurmergan, Qoraqo`rg`on, Ko`tarma) bor. Markazi – Marhamat shahri. Tabiati. Tumanning shimol va shimoliy-sharqi tekislik, qolgan qismi tog` etaklari va yon bag`irlaridan iborat. Olay tizmasining etaklaridagi tog`lar, Ulug`tog` (balandligi 1,5 ming metr), Tuyamo`yin adirlari (920 m) birgalikda Oyim-Marhamat-Xo`jaobod botig`ini tashkil etadi. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o`rtacha harorati 26,1, yanvarniki minus 2,9 daraja. Yiliga o`rtacha 218 — 320 mm yog`in tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Ko`proq sharqiy shamollar esadi. Vaqtincha shamollar janubiy-g`arbdan esadi. Tuman hududidan Qoradaryoning quyi irmoqlari: Shahrixonsoy, Janubiy Farg`ona va Karkidon kanallari oqib o`tadi. Tuman yerlari Janubiy Farg`orna kanali va Aravonsoydan sug`oriladi. Tuproqlari, asosan, bo`z tuproq, adirlar arziq, etaklari o`tloqi bo`z, o`tloqi, botqoq-o`tloqi tuproq. Yovvoyi o`simliklardan shuvoq, sho`ra va boshoqlilar, efemer va efemeroidlar, soy bo`ylarida va yer osti suvlari yuzaroq joylarida tol, terak, turli xil butalar o`sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo`ri, chiyabo`ri, quyon yashaydi. Aholisi asosan o`zbeklar. Shuningdek, tojik, qirg`iz, rus, tatar, koreys, uyg`ur, qozoq, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kv. km.ga 437 kishi to`g`ri keladi.

Men nechun yod aylamay qalbim aro jon Marhamat,

Jon nadur, balki tanim ichra oqar qon   Marhamat!

Men munosib so’z topolmayman jamoling vasfiga,

Katta-yu yosh bagring ichra shodu xandon, Marhamat.

Men simirdim yoshligimdan gardi yo’q toza havong,

Berdi har xil ne’mating jonimga darmon, Marhamat!

Mehnat ahlin qo’lidan tun-kun toparsan sen chiroy,

To jahon boricha surgin yaxshi davron, Marhamat!

Necha o’g’il-qizlaring paxtang bila topdi kamol,

Paxtakorlik bobida ham usta dehqon, Marhamat!

Sen qoloq qishloq eding, topding bugun dovrug’u shon,

Qancha gullab yashnasang bor shuncha imkon, Marhamat!

Marhamat, yuksal yana «oq oltin»ning, bog’ing bilan,

Rahmat aytsin Marhamatga barcha inson, Marhamat!

Mahmud HASANIY,

tarix fanlari doktori,

“Mehnat shuhrati ordeni” sohibi,

Turon Fanlar akademiyasining akademigi.

O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.