BUYUK IPAK YO‘LIDA JOYLASHGAN MINGTEPA SHAHRI
BUYUK IPAK YO‘LIDA JOYLASHGAN MINGTEPA SHAHRI

BUYUK IPAK YO‘LIDA JOYLASHGAN MINGTEPA SHAHRI

Durdona To‘lqinova Umidjon qizi,

Andijon Davlat Universiteti talabasi .

 

Mustaqillik davridan boshlab yurtimiz tarixini o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va buning uchun keng imkoniyatlar berildi. O‘tgan asrdan beri arxeologiya sohasi  katta yangiliklar va olam shumul o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazdi.Bugungi kunda yurtimizda mahalliy tadqiqotchilar va  ko‘plab xorijiy olimlar arxeologik izlanishlar olib bormoqda. Shunday tadqiqot ob’yektlaridan biri bir-necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan, Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan hamda jahondagi eng qadimiy davlatlardan bo‘lmish Dovon davlatining poytaxti Mingtepa shahri. Mingtepada olib borilgan arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kamida ikki yarim ming yillik tarixga ega. Qadimgi Dovon davlati ( mill.avv. II asr ) haqida yunon manbalarida ma’lumotlar uchramaydi, biz Dovon tarixi uchun zaruriy bo‘lgan ma’lumotlarni faqatgina xitoy manbalaridan olishimiz mumkin. Xitoy muarrixlari asarlarida Ershi shahri Dovonning poytaxi deb berilgan. Xitoyshunos olim Bichurin Ershi bu Qo‘qon shahri bo‘lishi kerak degan fikrni bergan. [1.31] Lekin shu vaqtgacha Qo‘qon shahri atrofidan katta hajmdagi yodgorlik topilmagan. Yana bir xitoyshunos olim va arxeolog Bernshtam Ershi shahri va uning joylashgan o‘rni haqida jo‘yali fikr bildiradi. Andijon viloyati, Marhamat tumanida joylashgan Mingtepa shahar harobasi Dovon poytaxti Ershi ekanligi haqida habar beradi. Xitoy manbalarida shaharni Farg‘ona vodiysini sharqiy qismida joylashganligi haqida so‘z boradi. Mingtepa hududiy jixatdan ham Ershiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari Mingtepa katta hajmni egallagani va mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralganligi buning isbotidur. Shu kungacha Mingtepadan ulug‘vorroq yodgorlik vodiydan topilmadi. Ilmiy kengash Mingtepani Dovonning markazi -Ershi deb tan oldi. Mingtepa Axsikent shahri ekanligiga chin dildan ichonuvchi Anarboyev ham “ Vodiynoma “ jurnalidagi ( 2016-yil 1-son ) maqolasida Mingtepa – bu Ershi degan fikrni tan oldi.

Ershi shahri haqida Xitoy manbalarida ma’lumotlar saqlanib qolishining sababi shundaki, Mingtepa Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan. Ya’ni Qoshg‘ar – Farg‘ona yo‘lagida o‘ziga xos o‘rin egallagan. Mingtepa tarkibiga kiruvchi Qorovultepa yodgorligi orqali O‘sh va Aravon ( Qirg‘iziston ) shaharlariga o‘tilgan. Bundan ikki ming yil muqaddam Mingtepa ( Ershi ) shahri juda ham gavjum bo‘lgan. Chunki Farg‘ona ipak yo‘lining markazi bo‘lgan. Xitoyga boradigon karvon ham, O‘rtayer dengiziga boruvchi karvonlar ham, Hindistonga boruvchi karvon ham aynan Mingtepadan o‘tgan. Xitoy elchilari mill. avv. 138 – yilda kelgan shahar ham aynan Ershi shahridur.

Farg‘ona xususan Mingtepa Ipak yo‘li bo‘ylab o‘z samoviy otlari bilan nom chiqargan. Biz bevosita uni otlar shahri diyishimiz mumkin. Xitoy elchilarida samoviy tulporlarimiz katta qiziqish uyg‘otgan. Xitoy hukmdori U-Di Duldul otlarga almashtirish uchun Che Lin raxbarligidagi elchilarni katta sovg‘a- salom bilan yuborgan. Taxminan 200-500 kg miqdoridagi ot haykallarini olib kelishgan. Lekin otlar qimmatbaho sovg‘alarga almashtirilmaydi. Bundan g‘azablangan U-Di Ershiga qo‘shin tortadi, ikki marotaba qattiq jang bo‘lib o‘tdi. Birinchi jang mill.avv.104-102 yillarda amalga oshirildi, bu jangda U-Di Dovonni qudratini anglab yetmasdan bor-yo‘g‘i 3 ming kishilik lashkar yuborgan, natijada mag‘lubiyatga uchradi. Ikkinchi jang mill.avv. 101-99 yillarda bo‘lib otdi, imperator bu jang uchun 60 ming qo‘shin yubordi. Jang juda ham keskin yuz berdi, shahar 40 kun qamal qilindi, bu holat Mingtepani juda ham mustaxkam qurilganligidan dalolat beradi. Shahar devorlari shu darajada qalin va chidamli bo‘lgani sababli 40 kun bo‘lsa hamki, istehkomni yorib kirish imkonsiz bo‘lgan. Oxiri Xitoy qo‘shini sulh taklif qildi, unga ko‘ra Dovon davlati imperatorga samoviy otlarni taqdim etsa urush tugashini ma’lum qilgan. Ayrim manbalarda Xitoy qo‘shini 3 mingta otga ega bo‘lgani haqida ma’lumot uchrasa, bazi manbalarda esa 15-20 ta ot bilan kifoyalangan degan ma’lumotlarni uchratamiz. [1.34] Mingtepa ot savdosidan tashqari kandakorlik sohasi bilan ham mashxur bo‘lgan, dehqonchilik va chorvachiligi bilan dong taratgan. Uzoq yillar davomida Ipak yo‘lidagi muhim savdo markazi sifatida geosiyosiy ro‘l o‘ynagan. Ipak yo‘li albatta savdo uchun har tomonlama ham iqtisodiy, siyosiy tomonlama, geografik jihatdan qulay bo‘lgan shaharlardan o‘tgan.

Mingtepani joylashgan o‘rniga tasnif beradigan bo‘lsak, u Andijon viloyati, Marhamat tumanida joylashgan. Ichki ( 40 ga) hamda tashqi ( 300 ga ) shahardan iborat. Hozirgi kunda faqat ichki shahar qismi saqlanib qolgan, tashqi shahar qismi esa aholi uylariga qo‘shilib ketgan. Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda katta qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdi. Mingtepa arxeologik yodgorligi hududi paxta ekin maydoni uchun ajratilgan. Shunday qilib sobiq sovet davrida ekinzor sifatida foydalanilgan. Bu holat yodgorlikning katta qismiga moddiy ziyon yetkazdi. SSSR bu bilan qanoatlanmasdan Mingtepa yodgorlik hududida g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona ochmoqchi bo‘lgan.

Yodgorlikda 1939 yildan buyon tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida Ichki saroy qismi keng ko‘lamda o‘rganildi hamda muhofazaga olindi. Mustaqillikdan avvalgi davrda Bernshtam, Zadneprovskiy kabi arxeolog olimlar tadqiqot ishlari olib borgan bo‘lsa, hozirgi davrda Matboboyev kabi o‘zbek olimlari hamda 2012 –yildagi hamkorlik asosida Xitoy tadqiqotchilari, O‘z Fanlar akademiyasi Arxeologiya instuti olimlari arxeologik izlanishlar bilan shug‘ullanmoqda. Tadqiqotlar natijasida shahar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar aniqlandi . Shahar mill.avv. IV millodiy V asrlarga tegishli. Mingtepada tepaliklar soni 52 ta, mudofaa devorining har 38-40 masofasida quzatuv minoralar joylashgan , uning uzunligi 18 m, eni 9 m, balantligi 3-4 m . Minoralar orasida soqchilar xonasi bo‘lgan, u soqchilarga almashib turishi uchun xizmat qilgan. Kuzatuv minoralari 1952- yilda aniqlangan, o‘sha vaqtda g‘arbiy va sharqiy hududda 20 tadan , janubda 6 ta, shimolda 12 ta bo‘lgan. Kegingi davrda zamonaviy arxeologik tadqiqot qurollaridan foydalanilmoqda, ular arxeologlarimizga juda katta yengillik yaratmoqda. Jumladan 2011 yilda Mingtepani kosmik surati olingan, bundan ma’lum bo‘ldiki shahar paralellogramma shakilga ega, bu unga Eylaton madaniyatining ta’sirini bildiradi. Aynan shaharning tashqi qismi 300 gektar maydonni egallashi ham, zamonaviy arxeologik qurollar yordamida Xitoy olimlari bilan hamkorlikda aniqlandi. Jumladan, Mingtepa ichki mudofaa devorining har to‘rt tomonidan 500 gektar uzunlikda maxsus xitoy arxeologik quroli Tan chan yordamida tekshirildi va 300 gektar masofada devor qoldiqlari aniqlandi.

Hozirgi kunda Mingtepani qanchalik katta tarixiy ahamiyatga ega ekanligi to‘la anglanib uni saqlab qolishga qaratilgan chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar mahkamasining 2018-yil 29 dekabrdagi qaroriga ko‘ra “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa “ arxeologik merosi ob’yektni muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi” qonun chiqarilgan. 2019- yil 22- yanvar kuni O‘zbekiston Davlat Tarix muzeyida  “Chanyan – Vandu” ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ko‘rgazmada Mingtepa yodgorligidan topilgan topilmalar namoyish etildi va jahon olimlarida katta ta’surot qoldirdi.

Xulosa. Farg‘ona tarixida uning sivilizatsiyasida Mingtepaning tutgan o‘rni beqiyosdur. Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachiligi rivojlangan, qudratli davlatning markazi hamda Ipak yo‘li aloqalarida faol qatnashgan shahar bo‘lgan.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.       Matboboyev, Shamsutdinov, Mamajonov, Buyuk ipak yo‘lidagi Farg‘ona shaharlari, Meros 1994.

2.       Azamat Ziyo. O‘zbek davlatchiligi tarixi. – T.: Sharq, 2001.

3.       Xo‘jayev. Buyuk ipak yo‘li. – Toshkent, 2007.