FAXRIYA
FAXRIYA

FAXRIYA

Munira Xamdamova

Andijon davlat universiteti,

 filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi.

 

Xalqim, ona yurting, bulog‘ing guvoh,

Boshingda osmoning, tuprog‘ing guvoh,

Mag‘rur, faxrga boy, alp tog‘ing guvoh,

Qadimni titratgan shijoatingga.

 

Xalqim, tomiringda jo‘shar qonlaring,

Jasoratni qo‘lga tutgan onlaring,

Millat uchun fido barcha jonlaring,

Tahsin o‘qir olam matonatingga.

 

Xalqim, ko‘zlaringda g‘urur, iftixor,

Qalbingda muhabbat o‘ti beqaror,

Vataning minnatdor takror va takror,

Asrni qaqshatgan sadoqatingga.

 

Xalqim, ko‘pni ko‘rgan tarixing buyuk,

Biz uchun har davr-u har oni suyuk,

Totgan azoblaring yelkamizda,

Lol qolamiz chidam, qanoatingga.

 

O‘z xalqim, o‘zbegim, yuzingda yoshlar,

Porloq kelajakka ozodlik boshlar,

Shivirlab aytarman, hislarim toshar:

Ko‘z tegmasin cheksiz saodatingga!

 

BOBUR OʻYLARI

 

Shon-sharafga sazovor boʻlib,

Sensizlikda, uzoqda yurdim.

Har onimda figʻonga toʻlib,

Sen haqingda koʻp xayol surdim.

 

Sovgʻa qildi baxt qushin taqdir,

Kecharman men undan butunlay.

Atrofda nur sochsa-da gir-gir

Sensiz kunim zulmatli tunday.

 

Tushlarimda birgamiz har dam,

Chiroyingga boʻlmaydi toʻyib.

Uygʻonaman: yurak toʻla gʻam

Toʻlgʻonaman: ich-etim oʻyib.

 

Oy sirdoshdir menga har kecha,

Sen haqingda soʻzlab berar goh.

Yurtlar kezdim men necha-necha,

Sendaqasin topmadim, ey voh.

 

Nomam etib senga baxshida,

Har she’rimda seni yod oldim.

Ayriliqdan olam sathida,

Yaxshilikni topolmay qoldim.

 

Qismatim shu: belanib qonga,

Oʻz jonimdan olisda boʻlmoq.

Zorlanaman boqib osmonga,

Nasib etsin sen bir-la oʻlmoq.