“SARIQ AJDAR HAMLASI” ROMANIDA QULDORLIK
TUZUMINING BADIIY TASVIRI
Sarvinoz
Olimjonova,
ADU filologiya va
tillarni o‘qitish o‘zbek tili
ta’lim yo‘nalishi
3-bosqich, 301- guruh talabasi
Epik turga mansub roman janrlar tarkibida nisbatan
murakkab hisoblanadi.Tarixiy mavzudagi roman yozishda yozuvchidan faqat badiiy
tafakkur xayolot ko‘magi emas, ilmiy tafakkur ham talab etiladi. Tarixiy roman
o‘quvchidan tarixiy ma’lumotlar, manbaalar, faktlarni olim singari tahlil
qilish malakasiga ega bo‘lishi talab qilinadi. Shu bois ham yozuvchida badiiy
tafakkur bilan birgalikda ilmiy tafakkur tamoyili bo‘lmog‘i lozim.
Tarixiy roman yozishning yana bir qiyin tomoni
shundaki, asar tarixga oid bo‘lgani uchun yozuvchi asarda ilmiylikni badiiylik
ichiga singdirib, o‘quvchini qiziqtira olishi, zeriktirib qo‘ymasligi ham muhim
sanaladi.
“Sariq
ajdar hamlasi”- tarixiy faktlarga asoslangan, yirik tarixiy roman. Bu romanda
nafaqat Xitoy tarixi ,balki butun olam tarixi tasvirlangan.
Romanning
“Sariq ajdar hamlasi” deb nomlanishi Chin xalqining e’tiqodi bilan bog‘liq. Bu
xalq azaldan olov, tuproq, suv va havoga sig‘inib kelgan. Xan imperiyasi sariq
tuproqni asosiy ilohga aylantirgan. Sariq rangli hamma narsa muqaddas
hisoblangan. Xan imperiyasining homiysi deb sariq ajdar e’lon qilingan. Davlat
bayrog‘iga ham ushbu afsonaviy hayvon tasviri tushiriladi. Keyinchalik bu
davlatning barcha urushlarida ushbu hayvon ramziy belgi bo‘lib xizmat qilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shundaki, sariq ajdar orqali barcha xalqlarni
qo‘rqitish va vahimaga solish.
Roman
ham shaklan, ham mazmunan tugallikka ega. Shaklan va mazmunan uyg‘unlikda
tasvirlangan. Asar tarixiy voqealar tasviridan boshlanadi, asarning bosh
g‘oyasi voqealar zamiriga singdirib yuborilgan. Muallif qahramonlarni shunday
tasvirlaydiki, o‘quvchi qahramonlar sarguzashtlari ortidan boradi.
Qahramonlarni hech qanday ortiqcha bo‘yoqlarsiz, tabiiy tasvirlagani asarning
haqiqatga yaqinligini ko‘rsatgan va o‘ziga xos badiiylikni ham yuzaga chiqargan.
Asar
kichik-kichik boblardan tashkil topgan. Bu boblarga alohida nom berilishi ham
asarning o‘qishliligini ta’minlagan. Bob nomlari asarning tub mohiyatini ochish
vazifasini bajaradi.
Romanning
1-bobi “Qonga belangan yo‘l” deb nomlanadi. Ushbu bobda o‘sha davr muhiti,
qulliklar davri, uning dahshatli oqibati ro‘yi- rost tasvirlanadi. Birgina
shaxs misolida barcha qullarning hayotini aks ettira oladi. Quldorlik davri
tuzumi insoniyat tarixining eng chirkin davri hisoblanadi. Romanga qo‘yilgan
bob mavzusida esa bu davrni qonga belangan yo‘l deya ta’riflaydi. Bob davomida
davrni jonli tarzda aks ettiradi. Asar qahramoni bo‘lgan An-Inning hayoti
ayanchli tasvirlangan.
An-inni
qul qilib sotishga majbur bo‘lgan ota-ona holati-yu, atrofida o‘zi haqidagi
gaplardan bexabar bo‘lgan, bir umr qullikka mahkum bo‘lgan murg‘ak go‘dak
holati ta’sirli aks etgan.
“To‘rtinchi
bo‘lib tug‘ilgan bolani An-szi deyishadi-ku, nega sening oting An-in?”,-degan
sherigining savoliga befarqlik bilan:
“Nahotki
qulning otini tez-tez o‘zgartirib turishlarini bilmasang?”,-deya qismatiga
ko‘ngan insonning achinarli holati tasvirlanadi. Bu ikki yoshning boshidan
o‘tkazganlarini eshitib yotgan dehqonning ahvoli esa undan-da achinarli:
“Oppa-oson yo‘li bor ekan-ku! Voy xomkalla –yey! Men ham An-inning otasi
singari o‘g‘limni bozorga tashlab ketganimda, birorta odam uni uyiga olib
ketardi. Hozir u ham yigitcha bo‘lib qolardi. Qachonlardir meni topib
kelarmidi…”, - deya ich- etini yegan otaning ahvoli edi bu. Kitobxonda bu
voqeadan keyin yana nechta go‘dakning holati shunday kechgan ekan degan o‘y
kelishi tabiiy. Bu voqea kitobxonni hech shubhasiz larzaga soladi.
Yozuvchi
mohirlik bilan voqealar rivojini tasvirlay turib, voqealarni darajama-daraja
kuchaytirib boradi va natijada o‘quvchida asar muhitini to‘laqonli anglash
o‘sha muhitga kirib har bir qahramon ichida yashash hissi tug‘yon uradi.
“Ertalab
ayol qaznoq yonidagi poxol ustida go‘dagining nimtasini ko‘rib
qolibdi.Yo‘rgaklangan lattadan bu o‘zining chaqalog‘i ekanini bilibdi. Keyin
ma’lum bo‘lishicha, shu oilaning iti tunda daydib yurib “O‘lja”ni uchratib
qolgan va yarmini o‘sha yerda yeb, qolgan nimtasini tishida ko‘tarib kelgan.
Ona shu zumdayoq aqldan ozgan.”Yozuvchi bu voqeani keltirish orqali norasida
go‘dak fojiasini, qolaversa, butun jamiyat fojiasini ochib beradi. Quldorlik
davrida inson xohish –irodasi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagani, hukmdor
tabaqa vakillari faqat o‘z manfaatlarini o‘ylagani ochiq tasvirlanadi. Bu narsa
kitobxonga” jamiyat aslida qanday bo‘lishi kerak?” degan savolni to‘g‘ri
mulohaza qilishga undaydi. O‘quvchi dunyoqarashi o‘sadi.
Muallif
davr tuzumini aks ettirishda personajlar xatti-harakatlarini, voqeaga oid
detallarni o‘rnida ishlatib muvaffaqiyatga erishgan.
Bobda yana shunday o‘rin borki, bu An-inning
yoza olishidir. Buni bilgan oddiy ishchilar unga hurmat bilan qarashadi. Bir
ondayoq xalqning fikrlashi o‘sadi. Xatto Osmono‘g‘lining ham dehqon oilasidan
chiqqanini bilishadi va ularda u xalqini
qutqarad, degan umid paydo bo‘ladi. Yozuvchi bu yerda ilmli inson hech qayerda
xor bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Ilm har qayerda olamni yoritishini oddiy misol
orqali ko‘rsatadi.
Bobda
quldorlikni tasvirlashda yozuvchi voqealarni darajama-daraja kuchaytirib
boradi. Natijada o‘quvchi davr tuzumini, ayanchli oqibatlarini to‘laqonli his
qiladi.
Yozuvchi
romanni badiiy tasvir vositalari bilan bezaydi:
“G‘ira–shira
bulut qoplagan namchil ko‘k sari ko‘tarila boshlagan oy to‘q- qizil, shafaq
tusda ko‘rinardi. Uning sathidagi dog‘lar esa qotib qolgan qon laxtasiga
o‘xshatilishi ajoyib badiiylikni kasb etgan bo‘lsa, odamlarning to‘p bo‘lib
turishi ummonga o‘xshatilishi ham yozuvchining yuksak didini namoyon qilgan.
Ushbu roman keng qamrovda yoritilgani bilan boshqa romanlardan ajrab turadi. Romandagi har bir bob majoziy ma’noda bir-biriga bog‘langan bo‘lib, boblardagi umumiy mazmunni jamlaydi. Yaxlit mavzuni aks ettiradi. Roman –tariximiz haqidagi qimmatli manba. Asar kompozitsiyasi ham mukammal yaratilgan. Muallif tarixni jonli tarzda o‘quvchi ko‘z o‘ngida jonlantira olgan. Bu roman insoniyat o‘zligini anglay bilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi romanlar xalqni har jihatdan tarbiyalab, ongini o‘stiradi. Roman quldorlik tuzumidan boshlanib, sariq ajdarning bosqinchilik yurishlarining tasvirini qamrab oladi. Oddiy xalqqa faqat itoat tuyg‘usi singdirilgan, qora yerni qarichlab mehnat qiluvchilar taqdirini hal etuvchi hukmron tabaqa vakillari va ularning qabih ishlari real tasvirlangan. Bundan tashqari, oddiy xalqning tinkasini quritgan sariq ajdarning bosqinchiligi ham tarixda bo‘lgani kabi tasvirlangan. Asar yakuni :”Mana endi makkor va suq Sariq ajdar orqaga chekinishga majbur bo‘ldi”. Ammo u tinch yotarmikan inida?- o‘ylashardi dovonliklar”. - degan so‘zlar bilan yakun topadi. Bu orqali insoniyatga har qanday davrda ham urushlar ayanchli oqibatlar olib kelishi, xalqning tinkasini quritishi ta’kidlangan.
Bilamizki, tarix va adabiyot bir-biridan farq qiladi. Tarixiy roman yozishga bel bog‘lagan yozuvchi esa ularni birlashtira olishi talab qilinadi. Bizning muallifimiz esa buning uddasidan chiqa oldi. Bu roman hali ko‘plab bahslarga sabab bo‘ladi va bu roman ta’sirida yangi-yangi asarlar yaratiladi.