MUHAMMAD
YUSUF SHE’RIYATINING O`ZIGA XOS USLUBI
Feruzaxon Jabborova,
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi
ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi
Muhammad Yusuf o`zbek xalqining sevimli shoirlaridan
biridir. U qisqa umr ko`rsa-da, o`z asarlari bilan kitobxonlar qalbida iz
qoldira olgan xalqning sevimli va erka shoiridir. Muhammad Yusuf tom ma’nodagi
xalq shoiri. U xalqning yuragidagi dardlarini yaxshi his eta olgan. Shu
sababdan ham uning she’rlari mehnatkash xalqi kabi sodda, samimiy va kitobxon
ko`ngliga yaqin va tilga tez o`rnab qoladi. Shoir o`zi bu haqida shunday deydi:
“Men she’rni faqat ko`chadan izlab, ko`chadan topaman. Kitob o`qib she’r yozmayman.
Kitobdan nasr topish mumkindir, ammo haqiqiy she’r- odamlar orasida. Ularni
ko`ngil ko`zi bilan qog`ozga tushira bilish lozimdir”. Bu so`zlarni aytganda shoir juda haq edi.
Shoir
qaysi mavzuda yozmasin undan vatanning nafasi ufurib turadi. Muhammad Yusufning
shoirligi Vatan nomli buyuk ildizga borib tutashadi. U shoirlikka biror -bir
martaba yoki mansab sifatida qaramaydi, balki shoirlikni vatani oldidagi buyuk
mas’uliyat deb biladi. U she’r haqida quydagi fikrlarni bejiz bildirmagan.
“She’r, bu-shirin dard, azob. Shoir shu dard bemori”, albatta, shoir
she’rlarida dard borligi uchun ham u kitobxon ko`ngliga yetib bera olgan va uni
mushohada qilishga undaydi. Shoir she’rlarini tashqaridan kuzatib emas, xalq
orasida yashab yaratadi. Shuning uchun ham xalqining dardi, armoni va
iztiroblarini chuqur his eta biladi. U o`zining qalami bilan xalqining haqiqiy
dardkashi, qadrdoni, g`amxo`ri bo`la olgan shoirdir. U xalqining yurak
sadolarini tinglay oladi, shu sababli ham balandparvoz, bo`yoqdor so`zlardan
iborat emas, aksincha, xalqona, samimiy va sodda ifodalardan foydalanadi. Bu
haqida shoirning o`zi ham shunday degan edi.”Jimjimador, balandparvoz so`zlarni
yomon ko`raman. So`zni borligicha ifoda etsam deyman. Uning ustidan bo`yoq
surkash mutlaqo ortiqcha. Qanday so`z bo`lmasin o`rnida ishlatilsa, soddalik va
ravonlik o`z-o`zidan paydo bo`ladi. To`g`ri so`zlarni bezab, haddan tashqari
go`zal qilish mumkin, lekin uni otangiz, onangiz tushunmasa, nima keragi bor?”
Shoir she’rlarini o`qiganimizda, uning bu qarashlariga doimo sodiq qolganining
guvohi bo`lamiz. Shuning uchun ham shoirning she’rlari yosh-u qarining
ko`nglidan birdek joy ola bilgandir.
Shoir turli mavzularda qalam
tebratdi va xalq orasida o`zining qahramonlarini ham yarata oldi. Masalan,
“Turkman qiz”, “Zebijon” va uning talqinida “Otabek”, “Kumush”, “Zaynab”
timsollari ham qayta yaratildi. U bir giyohga ham oddiy nazar bilan qaray
olmasdi. U ana shu giyoh misolida biz ko`ra bilmagan hislatlarni topa oldi va
o`zining “Lola”sini, “Lolaqizg`aldog`”ini, “Rayhon”nini, “Binafsha”sini,
“Yalpiz”ini alohida bir obraz sifatida kashf etdi. Ammo, Muhammad Yusuf
she’rlarining bosh mavzusi Vatan bo`lib, u vatanni qanday sevsa, xuddi shunday
boricha sevdi va shunday yozdi. Qalbdan chiqqan sodda, samimiy tuyg`ular xalq
qalbidan ham chuqur joy ola bildi. U o`z vataniga bo`lgan sevgisini
onasiga bo`lgan sevgisiga qiyos etadi. U vatani haqida fikr bildirar ekan
shunday deydi: “Mening vatanim-mening onam, dunyoda undan go`zali yo`q, dunyoda
undan ulug`i yo`q”. Fikrimizning isboti sifatida shoirning quyidagi she’rini
keltirishimiz mumkin bo`ladi.
O, ota makonim, onajon o`lkam
O`zbekiston, jonim to`shay soyangga.
Sendek mehribon yo`q, Seningdek ko`rkam,
Rimni alishmasman, bedapoyangga.