ERSHINING “SAMOVIY
TULPORLARI”
Gulhayo Abdumutalipova,
Andijon Davlat universiteti
Tarix fakulteti tarix
ta’lim yo`nalishi
303-bosqich talabasi
.
Annotatsiya.
Maqolada
ko`pchilik tarixchi-olimlar tomonidan qiziqish va tortishuvlarga sabab bo`lib kelayotgan
qadim Farg`ona vodiysida joylashgan Dovon davlati va uning poytaxti deb taxmin qilinadigan
Ershi shahrining “samoviy tulporlar”i haqidagi ma’lumotlar hamda mill.avv. II asrda
Farg`ona va Xitoy mamlakatlari o`rtasidagi nizo va harbiy to`qnashuvlarning asl
sabablari yoritiladi.
Kalit so`zlar. Dayyuan,
Ershi, imperator U-Di, ”samoviy tulporlar”, Parkana, siyosiy nizolar, elchi Chjan
Szyan, “Shiji” va “Xanshu”, Mingtepa, Axsikent, Usun tulporlari.
Farg`ona vodiysiga
qadim-qadimdan tarixiy sirlarni o`zida jamlagan mo`jizakor o`lka deb qaraladi.
Sababi bu yurt aholisi o`zining mehnatsevarligi, sohibkorligi va dushmanlarga qarshi
mardonavor kurashib, Ahmoniylar bosqini davrida ham, Aleksandr Makedonskiy va Salavkiylar
davrida ham ozod o`lka bo`lib kelganligi bilan tarixda qolgan. Bunga qo`shimcha
qilib aytish mumkinki, ayniqsa, zotdor oq tulporlari qo`shni yurtlarda ham dovrug`
qozongani mubolag`a emas.
Dovon so`zining lug`aviy
ma’nosiga e’tiborimizni qaratadigan bo`lsak, bu borada tarixchi olimlarimizning
fikri deyarli o`xshash. Dovon atamasi Farg`ona vodiysining qadimgi xitoy manbalaridagi
“Dayyuan” nomi sifatida ishlatilgan. Qadim zamonda xitoylar “yuan” iyeroglifini
atrofi balandlik yoki tog`lar bilan o`ralgan kosasimon joyga nisbatan ishlatishgan.
Geografik jihatdan bu to`g`ri fikr. Masalan, 629-646 yillarda Xitoydan Hindistonga
borgan rohib Shyuan Zang qoldirgan “Datang shiyu ji” nomli sayohatnomasida “Farg`onaning
to`rt tomoni tog`lar bilan o`ralgan,”- deb yozadi.Farg`onaning “Parkana yoki Parkona”
deb atalishini ham maktab darsligida o`qiganmiz. Bu so`z aslida “Yuan” iyeroglifining
mahalliy xitoy tilidagi aynan tarjimasidir.[1] Ilgari Farg`ona sug`d yozuvlarida “Parg`ana” shaklida yozilgan bo`lib,
fors tilida tog` oralig`idagi vodiy,atrofi berk soylik degan ma`noni anglatgan.[2] Bu davlat taxminan mill.avv. III asrdan
to milodiy II yoki III asrgacha mavjud bo`lgan va mill.avv.II-I asrlarda qudratli
davlat uyushmasiga aylangan.[3] Qadimgi
Dovon davlatiga oid ma`lumotlar asosan Xitoy manbalarida, jumladan mashhur “ 24 tarix”ning 1-2 jildi “Shiji”(Tarixiy xotiralar)
va “Xan shu”(Xan sulolasining tarixi)da berilgan. Undan tashqari mill.avv.II asrda
Farg`onaga kelgan Xitoy elchisi Chjang Chyan ( ba`zi manbalarda Chjan Szyan)ning
xotiralarida ko`plab muhim ma`lumotlarga duch kelamiz.[4].
Azaldan tarixchi-olimlar
Farg`onaning poytaxti deb taxmin qilinadigan qadimiy Ershi shahrining “samoviy arg`umoq”lariga
qiziqib kelishgan va bu borada turli fikrlar mavjud. Dastlab Ershi shahri hozirda
qaysi hududda joylashganligiga oydinlik kiritib olishimiz zarur. Ancha yillardan
beri bu borada Namanganning Axsi hududida, Andijonning Marhamat tumanida va Qirg`izistonning
O`zgan shahri atrofida arxeologlar tun-u kun qazishma ishlari olib borishyapti.Turli
hududdagi tarixchi-olimlarning fikri ham turlichadir. Jumladan, rus tarixchilari
Bichurin, Malyavkin va L.A.Borovkova xitoy manbalarida berilgan shahar va qishloqlar
orasidagi masofani hisoblash natijasida Ershi shahrini Qo`qon shahri atrofiga to`g`ri
keladi deb xulosa qilishgan.[5]
H.Bobobekov esa Qo`qon
xitoy manbalarida tilga olingan Guyshan shahri bo`lsa kerak deb aytadi.[6] Shuni ta’kidlash kerakki, “Tarixiy xotiralar”da
Farg`onaning poytaxti Ershi deb ko`rsatiladi. “Xan sulolasining tarixi”da
esa uning markazi Guyshan deb yoziladi.
O`zbekistonlik tarixchi Anorboyevning Ershi shahri Axsikent
bo‘lishi kerak deb chiqargan tahmini diqqatga sazovordir. Uning aytishicha, Axsikentdan
topilgan yodgorliklar xitoy manbalaridagi Ershi shahri ta’rifiga mos keladi deb
ta’kidlaydi.Xususan,shaharning sopol quvurlar yordamida suv bilan ta’minlanishi
xitoyliklarning shaharni juda tez suvsiz qoldirishiga imkon bergan deb asoslanadi.[7]
Atoqli arxeolog olim A.Asqarov o`zining shu mavzuga oid
maqolasida 40 dan ortiq kitoblar muallifi Maqdum Vosiliy asarlariga ishora qilib,
Ershi “Kayirshi” so`zidan kelib chiqqanligi va u hozirgi Marhamat tumaniga to`g`ri
kelib, Dovon davlatining poytaxti vazifasini bajarganligi aytib o`tgan. Keyinchalik
xarobaga aylanib, uning o`rnida Mingtepa paydo bo`lgan.[8]
Yana bir xitoyshunos, arxeolog olim Bernshtam Ershi va
uning joylashgan o`rni haqida ancha jo`yali fikr bildiradi. Arxeologik manbalarni
yozma manbalar bilan bog‘lab u hozirgi Marhamat tumani markazi yaqinidagi Mingtepa
xarobalari qoldig`idir, degan fikrga keladi. Bu g`oyani o`sha paytda ham hozir ham
ko`pchilik olimlar qo`llab-quvvatlaydilar. Bunga yetarli arxeologik asoslar bor.
Masalan, xitoy manbalaridan Ershi Farg`ona vodiysining sharqiy qismida deb aytiladi
hamda bundan tashqari Mingtepa kuchli mudofaa sistemasiga ega. Shahar ikki qator
mudofaa devori bilan o`ralganligi tarixchi olimlardan Bernshtam, Zadneprovskiy va
Matbobotevlarning arxeologik qazishma ishlarida o`z tasdig`ini topdi.[9] Xitoy manbalarida xitoyliklar tashqi
mudofaa devorini buzib kirganligi va ichki mudofaa devori mustahkam bo`lganligi
uchun Dovonliklarni to`la bo`ysundirolmaganligi ta’kidlanadi. Bu esa yuqoridagi
fikrimizning isbotidir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib bir savol tug‘iladi. Xitoyning
qadimgi podshosi U-Di nima sababdan Dovon davlatiga ikki marta hujum qildi. Faqatgina
“samoviy tulporlar” tufaylimi yoki uning boshqa maqsadi ham bo`lganmi? Yuzaki olib
qaraganda u tulporlar dovrug`ini eshitib, ularni yoqtirib qolgan va ularga erishish
uchun urush boshlashdan ham qaytmagan. Lekin botinan e’tibor berilsa, buyuk davlat
hukmdori uchun butun qo`shinni xavfga qo`yib faqatgina tulporlar sababli urush boshlashi
mantiqan to`g`ri fikr emasdi. Demak, uning qandaydir boshqa kattaroq maqsadi bo`lgan
bo`lishi tabiiy.
O`sha paytda G`arb malakatlariga borib kelgan elchilar”
Farg`onada yaxshi otlar bor. Uni Ershi shahriga yashirib qo`yib,Xan elchilariga
bermayotir,” deb ariza qilishadi.Xitoy xoqoni Krurona xonligiga o`xshash ancha ko`p
talofat ko`rmasdan Farg`onani ham o`z ta’sir doirasiga olishni rejalashtiradi.[10] A.Xo`jayev keltirib o`tgan “Shiji”ning
“Farg`ona tazkirasi”da esa Farg`onaga elchi Chjang Chyan bilan birga borib qaytganlar”Yuan(Farg‘ona)
zotli otlari Ershida ekan, lekin Xan elchilarini ularga yo`latmas ekan,” deb aytishganligi
yozilgan. Ushbu tazkiraning ikkinchi bir joyida imperator Farg`ona otlariga qiziqib
qolib, pahlavon Che Lin boshchiliga elchilar guruhini yuborib, ularga oltin va oltindan
yasalgan ot haykalchasi evaziga Farg`ona hukmdoridan zotli otlarni berishni iltimos
emas, balki talab qiladi.[11] Tarixchi
Abduxoliq Abdurasul o`g`lining aytishicha esa, 1000 jing(tahminan 600 kgga yaqin)
oltin va misdan ishlangan “Zar ot” haykallariga almashtirishni talab qilishadi.
[12] H.Bobobekovning fikriga to`xtaladigan
bo`lsak, xitoy elchilari qabul marosimida Farg‘ona hukmdori oyog‘ining tagiga 1000
lak tilla tanga va bitta oltin ot tashlagan.[13] Matboboyev, Shamsutdinov va Mamajonovlarning ta`kidlashlariga ko`ra
1000 chin oltin va oltindan yasalgan tulpor haykalchasi keltiriladi. Ularning jami
oltin sovg`alari miqdorini 200-500 kg deb berishadi.[14]
Farg`onaning asl otlari aslida ozligi va noyob nusxa bo`lganligidan
ko`p miqdorda sotib yuborish, xonning o`sha ot tufayli erishgan shon-shuhratini
Xitoy xoqoniga o`tkazib berish degan gap edi. Qancha boylik taklif qilinsa ham ularni
sotmasligini aniq bilgan Xitoy imperatori Farg`ona hukmdorining obro`sini tushirish
uchun shu ishga qo`l uradi. Elchilarning qo`pol munosabatidan jahli chiqqan hukmdor
ularni o`ldirmoqchi bo`ladi, ammo oqilona fikr yuritib ularni O`zgan shahar hokimining
qo`li bilan o`ldiradi.Ba`zi tarixchilar esa hukmdorning o`zi o`z huzurida elchilarni
qatl qildirgan, deb ma`lumot berishadi. Har qanday holatda ham bu Xitoy uchun hujum
boshlashga bahona bo`ladi.[15]
Keyinchalik hujumlar natijasida Farg‘onani egallay olmagan
bo`lsa ham imperator tulporlarga ega bo`ladi. Xatto Xitoyga olib kelinayotgan otlar
Buyuk Xitoy devoriga yaqinlashib qolganligini eshitgan shoirlar mill.avv. 120-yili
Farg`ona otlarini o`z tulporlariga taqqoslab qo`shiqlar to`qiydilar:
“Tangrining
rahmatiga ming tashakkur,
Ko`kdan
xosiyatli tulpor tushibdi.
Qip-qizil
so`laklari chiqib og`zidan,
Butun
badani terga cho`mibdi.”
Xitoy xoqoni U-Di
bunday otlarga ega bo`lgandan so`ng, xoqonning maxsus istirohat bog`larida o`stirilgan
bedazorlarida mazkur otlarni alohida ko`ngil berib boqishni boshlaydilar. Xoqon
suluv, chiroylik, kelishgan, zabardast Farg`ona otlarini tomosha qilar ekan, ularga
havas bilan boqib , cheksiz hissiyotlarga cho`mgan. Shuning uchun Usun otlarini
“tulporlar” deb atashdan voz kechib, uni “uzoq quyosh botish oti” deb o`zgartirgan
va Farg`ona otiga “tulpor ot” deb nom beradi.[16]
Xulosa qilib aytadigan
bo`lsak, Xitoy imperatorining Farg`onaga yurish qilish sabablari turlicha bo`lgan,
birinchidan, undan tulpor otlarni talab qilib o`zining mavqeyini bildirib qo`yish
va tulporlarga egalik qilish bo`lsa, ikkinchi tomondan o`sha payt siyosiy hayotiga
e`tibor beradigan bo`lsak, Xitoyning yagona raqibi xunlar Xitoy bilan so`nggi urushlaridan
so`ng ancha zaiflashib qoladi. Imperator esa ularni ortidan quvish va batamom yengish
uchun uchqur arg`umoqlarga ehtiyoj sezadi.[17]
Chunki Usun otlari Farg`ona otlaridek chopqir, chidamli va baquvvat bo`lmagan. Yana bir
tomondan Xitoy imperatorining yana bir maqsadi G`arbni ham bo`ysundirib uning sohibkor
yerlari va boyliklariga ega bo`lishni hohlagan. Lekin xalqimizga xos jasorat va
yengilmas kuch Dovonliklarning o`z erkini boshqa davlatga berib qo`yishdek mudhish
holatdan olib chiqib ketgan. Andijonlik tarixchi ustozimiz Rustambek Shamsutdinov
o`z asarlarida ta`riflagandek xatto Dovonlik ayollar ham qilich o`ynatish va ot
choptirishda erkaklardan qolishmagan.[18]
Shu kabi holatlar vodiyimiz aholisini chet elliklar bosqiniga chidamli bo`lishganini
isbotlaydi.
[1] A.Xo`jayev.Farg`ona
tarixiga oid ma`lumotlar. Farg`ona,2013,128-bet.
[2] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,4-bet.
-“24 tarix”-mill.avv.II
asrdan boshlab yozilib kelingan Xitoy sulolalarining tarixi.unda mill.avv.3000-yillikdan
to milodiy 1644-yilgacha bo`lgan voqealar bayon etilgan.
[3] R.T.Shamsutdinov,
Sh.Karimov. Vatan tarixi 1-kitob,Toshkent, 2010,78-79-betlar.
[4] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,4-bet.
[5]Abduxoliq
Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,37-bet.
[6] H.Bobobekov.
Qo`qon tarixi,Toshkent,1996,15-bet.
[7] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,38-bet.
[8] A.Asqarov.
Marhamatga safar taassurotim.Toshkent,2010,7-bet.
[9] B.Matboboyev,R.Shamsutdinov,
A.Mamajonov. Buyuk ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994,35-bet.
[10] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002,41-bet.
[11] A.Xo`jayev.Farg`ona
tarixiga oid ma`lumotlar. Farg`ona,2013,141-bet.
[12] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 41-bet.
[13] H.Bobobekov.
Qo`qon tarixi,Toshkent,1996,10-bet.
[14] B.Matboboyev,R.Shamsutdinov,
A.Mamajonov. Buyuk ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994,33-bet.
[15] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 44-bet.
[16] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 35-bet.
[17] Abduxoliq
Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 44-bet.Si Machyan.Xunlar
tazkirasi,Tarixiy xotiralar,427-bet.
[18] R.T.Shamsutdinov,
Sh.Karimov. Vatan tarixi 1-kitob,Toshkent, 2010, 81-bet.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. R.T.Shamsutdinov, Sh.Karimov. Vatan tarixi
1-kitob,Toshkent, 2010.
2. B.Matboboyev,R.Shamsutdinov, A.Mamajonov. Buyuk
ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994.
3. A.Asqarov. Marhamatga safar taassurotim.Toshkent,2010.
4. Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona
tarixidan, Toshkent, 2002.
5. A.Xo`jayev. Farg‘ona tarixiga oid ma`lumotlar,
Farg`ona, 2013.
6. A.Anorboyev.O`zbekiston tarixida Qadimgi Farg`ona,Toshkent,2001.
7. H.Bobobekov. Qo`qon tarixi, Toshkent, 1996.