MINGTEPA TARIXI
MINGTEPA TARIXI

MINGTEPA TARIXI

Mehriniso Xolmatova,

Marhamat tumani 13-maktab o’quvchisi

Biz tarixi necha ming yillarni o‘z ichiga olgan, butun dunyoni ilmu ma’rifati, qudrati bilan lol qoldirgan buyuk xalqning farzandlarimiz. Ulug‘ ajdodlarimiz asrlar davomida ilm-u fan va madaniyat, din-u diyonat sohasida dunyoni hayratga soladigan ulkan ishlarni amalga oshirib kelganlar. Mustaqillik bizga ana shunday an’ana va qadriyatlarimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, boy tarixiy merosimizni o‘rganish imkonini bergani uchun ham benihoya aziz va qadirlidir.

Vatan ostonadan boshlanadi”, deydi donolarimiz. Men o‘zim tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumani va uni bir necha ming yillik  tarixini bir necha yillardan buyon o‘rganmoqdaman. Mingtepa tarixiy-me’moriy arxeologik yodgorligini borib ko‘rganimda, u haqidagi tarixiy manbalar bilan tanishganimda bizga ajdodlarimizdan qadimiy va noyob arxeologik yodgolik qolganiga guvoh bo‘ldim

Ushbu arxeologik yodgorlik 40 gektar maydonni egallab, atrofi 52 ta katta- kichik tepalik o`rab olgan. Tepaliklarga diqqat bilan qaralsa ,,Mingtepa``o`rami тo`rt burchakdan iboratligi ko’zga tashlanadi. Tepaliklar qadimiy shaharlarni o`rab turgan qalin qal’a devori vayronalaridir. Ushbu  qadimiy mudofa devorlarini qoldiqlari hozirda ham atrof yerlardan 6-8, ayrimlari esa 10 metrgacha baland. Ikki ming yildan buyon saqlanayotgan qal’a devori vayronasi shuncha bo`lsa, qadimda uning qaddi qanchalik mahobatli bo`lganini tasavvur qilish mumkin. Mingtepa Farg‘ona vodiysidagi YUNESKO ro`yxatiga  kiritilgan yagona arxeologik yodgorlikdir.

Tarixiy manbalardan, xususan xitoyshunos I.Bichurinning (1777-1854) qadimiy xitoy yozma yodgorliklaridan qilgan tarjimalarida shu narsa malum bo`lganki, Farg`ona vodiysida eramizdan avvalgi III-I asrlarda “Dovon” nomli davlat hukm surgan. Mingtepa, A. N. Bernshtam yozganidek, uning poytaxti Ershi shahrining vayronasidir. 1986 yili Fanlar Akademiyasinig arxeologiya insitituti tomonidan ushbu yodgorlik majmuasini o`rganishga kirishildi (tekshirish guruhi rahbari-arxeolog, tarix fanlari nomzodi Boqijon Matboboyev, ilmiy maslahatchi Sayfiddin Jalilov) dastlab ,,Mingtepa`` ning qoq o`rtasida joylashgan katta tepalik-shahar o`rdasining qoldig`I kovlanib o`rganildi va jiddiy ilmiy xulosalarga sabab bo`ladigan talaygina arxeologik ashyolar topildi.

Bu mudofaa devori uzoq tarixiy davrda zizilalar, turli urushlar, boshqa tabiiy ofatlar tufayli vayron bo`lib ketgan. Qurilish ashyolari, tuproq qatlami va topilgan ayrim yodgorliklarini, bu tepaliklarni arxeologlar tomonidan sinchkovlik bilan dastlabki o`rganish natijasida chiqarilgan xulosalar Mingtepa o`rdasi eramizdan avvalgi III-asrlarda barpo qilinganligini tasdiqlaydi. Bag‘rida juda ko‘p tarixiy boyliklarni saqlagan bu joylar sovet davrida paxta ekin maydoniga aylantirilgan va uzoq yillar davomida sug‘orish natijasida ularga zarar keltirilgan.

 O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya Instituti va Xitoy Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi Arxeologiya Instituti qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi 2016- 2017 yillarda tadqiqot ishlarini olib bordilar. 2017- yilda Xitoy Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi Arxeologiya Instituti olimlati Xi Cyn LI va Lyu Va Volar bilan suhbatlashganimda biz dunyoga mashhur tarixga ega yurt farzandi ekanligimizga amin bo‘ldim va tariximizni organishga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Olimlarga tadqiqot olib borishda ADU tarix fakulteti talabalari ko‘maklashdilar.

Mingtepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida topilgan otni loydan yasalgan shakli afsonaviy “Samoviy tulporlar” haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Tarixiy manbalarda Dovonliklarning tili va urf-odatlari, bozorlaridagi savdo, mahalliy hunarmandchiligi  haqida keltirilgan ma’lumotga shu joydan topilgan topilmalar yanada oydinlik kiritadi. U yerdan topilgan urchuq o‘sha davrdagi xalq hunarmandchiligi haqida so‘zlaydi. Men Mingtepada olib borilayotgan qazishma ishlarini ko‘rib bizning ajdodlarimiz tarixda va hozirgi kunda butun dunyoni nima uchun lol qoldirayotganini bildim .Bu joydagi xonalar katta bo‘lib ,ular devor bilan ajratilgan va u xonalarda katta – katta xumlar bo‘lgan. U yerdagi topilgan xumlarning bo‘yi 125 sm.gacha kattalikda bo‘lgan. Katta – kichik juda ko‘p xumlar topilgan . U xumlarda donlar saqlangan bo‘lishi mumkin, kichkinalarini esa kundalik turmushda ishlatilgan. Bu joydan yana odam suyaklari topilib, uning bosh tomonidagi idishlar diniy marosimlar haqida ma’lumot beradi. Bulardan tashqari mehnat qurollari sifatida ishlatilgan toshlar ham ko‘plab topilgan. Bu toshlar turli xilda bo‘lib, ularning uchlari yo‘nib uchli shaklga keltirilgan. Shunga o‘xshash toshlar , suyaklar bo‘laklari qoldiqlari juda ko‘plab topilgan. Tadqiqotchilar ularni avaylab yuvib, o‘rganish uchun tayyorlab qo‘ydilar.

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, tarixni unutmagan xalqni ma’naviyati boy bo‘ladi. Tarix bizlarga ajdodlarimizdan qolgan qadr-qimmatni o‘rgatadi, milliy gururni shakillantiradi, Vatanga bo‘lgan muhabbatni kuchaytiradi, o‘tmishimizga hurmat ehtirom bilan munosabatda bo‘lishga undaydi. Shuning uchun men biz yashayotgan hudud tarixini yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qildim. Bizga ajdodlarimizdan qolgan milliy boyligimiz, moddiy va madaniy meroslarimizdan biri- Mingtepa tarixiy- me’moriy arxeologik yodgorligini asrab avaylashimiz kerak. Ammo  2011 yilda taqiqlanishiga qaramasdan yodgorlik hududidagi noqonunuiy daraxtzorlar, bedapoyalar sug‘orilmoqda. Natijada yer ostidagi 41 gektardan ortiq maydonni egallagan qadimgi shahar suvga , zahga to‘lib zarar ko‘rmoqda.

Mingtepa yodgorligini saqlash, uni o‘rganish –bu bizning buyuk ajdodlarimiz oldidagi burchimizdir!

Ushbu qadimiy, mahobatli yodgorlikni muzey shaharga aylantirib, ajdodlarimizga munosib farzand bo‘laylik!

Farzandlari buyuk ishlarga qodir yurtning kelajagi ham buyukdir!

Ushbu rasmlar  O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya Instituti va Xitoy Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi Arxeologiya Instituti qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi 2016-2017 yillarda olib borgan tadqiqotlardan olingan.