ERSHINING “SAMOVIY TULPORLARI”
ERSHINING “SAMOVIY TULPORLARI”

ERSHINING “SAMOVIY TULPORLARI”

Gulhayo Abdumutalipova,

Andijon Davlat universiteti

Tarix fakulteti tarix ta’lim yo`nalishi

303-bosqich talabasi .

 

Annotatsiya. Maqolada ko`pchilik tarixchi-olimlar tomonidan qiziqish va tortishuvlarga sabab bo`lib kelayotgan qadim Farg`ona vodiysida joylashgan Dovon davlati va uning poytaxti deb taxmin qilinadigan Ershi shahrining “samoviy tulporlar”i haqidagi ma’lumotlar hamda mill.avv. II asrda Farg`ona va Xitoy mamlakatlari o`rtasidagi nizo va harbiy to`qnashuvlarning asl sabablari yoritiladi.

Kalit so`zlar. Dayyuan, Ershi, imperator U-Di, ”samoviy tulporlar”, Parkana, siyosiy nizolar, elchi Chjan Szyan, “Shiji” va “Xanshu”, Mingtepa, Axsikent, Usun tulporlari.

 

Farg`ona vodiysiga qadim-qadimdan tarixiy sirlarni o`zida jamlagan mo`jizakor o`lka deb qaraladi. Sababi bu yurt aholisi o`zining mehnatsevarligi, sohibkorligi va dushmanlarga qarshi mardonavor kurashib, Ahmoniylar bosqini davrida ham, Aleksandr Makedonskiy va Salavkiylar davrida ham ozod o`lka bo`lib kelganligi bilan tarixda qolgan. Bunga qo`shimcha qilib aytish mumkinki, ayniqsa, zotdor oq tulporlari qo`shni yurtlarda ham dovrug` qozongani mubolag`a emas.

Dovon so`zining lug`aviy ma’nosiga e’tiborimizni qaratadigan bo`lsak, bu borada tarixchi olimlarimizning fikri deyarli o`xshash. Dovon atamasi Farg`ona vodiysining qadimgi xitoy manbalaridagi “Dayyuan” nomi sifatida ishlatilgan. Qadim zamonda xitoylar “yuan” iyeroglifini atrofi balandlik yoki tog`lar bilan o`ralgan kosasimon joyga nisbatan ishlatishgan. Geografik jihatdan bu to`g`ri fikr. Masalan, 629-646 yillarda Xitoydan Hindistonga borgan rohib Shyuan Zang qoldirgan “Datang shiyu ji” nomli sayohatnomasida “Farg`onaning to`rt tomoni tog`lar bilan o`ralgan,”- deb yozadi.Farg`onaning “Parkana yoki Parkona” deb atalishini ham maktab darsligida o`qiganmiz. Bu so`z aslida “Yuan” iyeroglifining mahalliy xitoy tilidagi aynan tarjimasidir.[1] Ilgari Farg`ona sug`d yozuvlarida “Parg`ana” shaklida yozilgan bo`lib, fors tilida tog` oralig`idagi vodiy,atrofi berk soylik degan ma`noni anglatgan.[2] Bu davlat taxminan mill.avv. III asrdan to milodiy II yoki III asrgacha mavjud bo`lgan va mill.avv.II-I asrlarda qudratli davlat uyushmasiga aylangan.[3] Qadimgi Dovon davlatiga oid ma`lumotlar asosan Xitoy manbalarida, jumladan mashhur   “ 24 tarix”ning 1-2 jildi “Shiji”(Tarixiy xotiralar) va “Xan shu”(Xan sulolasining tarixi)da berilgan. Undan tashqari mill.avv.II asrda Farg`onaga kelgan Xitoy elchisi Chjang Chyan ( ba`zi manbalarda Chjan Szyan)ning xotiralarida ko`plab muhim ma`lumotlarga duch kelamiz.[4].

Azaldan tarixchi-olimlar Farg`onaning poytaxti deb taxmin qilinadigan qadimiy Ershi shahrining “samoviy arg`umoq”lariga qiziqib kelishgan va bu borada turli fikrlar mavjud. Dastlab Ershi shahri hozirda qaysi hududda joylashganligiga oydinlik kiritib olishimiz zarur. Ancha yillardan beri bu borada Namanganning Axsi hududida, Andijonning Marhamat tumanida va Qirg`izistonning O`zgan shahri atrofida arxeologlar tun-u kun qazishma ishlari olib borishyapti.Turli hududdagi tarixchi-olimlarning fikri ham turlichadir. Jumladan, rus tarixchilari Bichurin, Malyavkin va L.A.Borovkova xitoy manbalarida berilgan shahar va qishloqlar orasidagi masofani hisoblash natijasida Ershi shahrini Qo`qon shahri atrofiga to`g`ri keladi deb xulosa qilishgan.[5]

H.Bobobekov esa Qo`qon xitoy manbalarida tilga olingan Guyshan shahri bo`lsa kerak deb aytadi.[6] Shuni ta’kidlash kerakki, “Tarixiy xotiralar”da Farg`onaning poytaxti Ershi deb ko`rsatiladi. “Xan sulolasining tarixi”da esa uning markazi Guyshan deb yoziladi.

O`zbekistonlik tarixchi Anorboyevning Ershi shahri Axsikent bo‘lishi kerak deb chiqargan tahmini diqqatga sazovordir. Uning aytishicha, Axsikentdan topilgan yodgorliklar xitoy manbalaridagi Ershi shahri ta’rifiga mos keladi deb ta’kidlaydi.Xususan,shaharning sopol quvurlar yordamida suv bilan ta’minlanishi xitoyliklarning shaharni juda tez suvsiz qoldirishiga imkon bergan deb asoslanadi.[7]

Atoqli arxeolog olim A.Asqarov o`zining shu mavzuga oid maqolasida 40 dan ortiq kitoblar muallifi Maqdum Vosiliy asarlariga ishora qilib, Ershi “Kayirshi” so`zidan kelib chiqqanligi va u hozirgi Marhamat tumaniga to`g`ri kelib, Dovon davlatining poytaxti vazifasini bajarganligi aytib o`tgan. Keyinchalik xarobaga aylanib, uning o`rnida Mingtepa paydo bo`lgan.[8]

Yana bir xitoyshunos, arxeolog olim Bernshtam Ershi va uning joylashgan o`rni haqida ancha jo`yali fikr bildiradi. Arxeologik manbalarni yozma manbalar bilan bog‘lab u hozirgi Marhamat tumani markazi yaqinidagi Mingtepa xarobalari qoldig`idir, degan fikrga keladi. Bu g`oyani o`sha paytda ham hozir ham ko`pchilik olimlar qo`llab-quvvatlaydilar. Bunga yetarli arxeologik asoslar bor. Masalan, xitoy manbalaridan Ershi Farg`ona vodiysining sharqiy qismida deb aytiladi hamda bundan tashqari Mingtepa kuchli mudofaa sistemasiga ega. Shahar ikki qator mudofaa devori bilan o`ralganligi tarixchi olimlardan Bernshtam, Zadneprovskiy va Matbobotevlarning arxeologik qazishma ishlarida o`z tasdig`ini topdi.[9] Xitoy manbalarida xitoyliklar tashqi mudofaa devorini buzib kirganligi va ichki mudofaa devori mustahkam bo`lganligi uchun Dovonliklarni to`la bo`ysundirolmaganligi ta’kidlanadi. Bu esa yuqoridagi fikrimizning isbotidir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib bir savol tug‘iladi. Xitoyning qadimgi podshosi U-Di nima sababdan Dovon davlatiga ikki marta hujum qildi. Faqatgina “samoviy tulporlar” tufaylimi yoki uning boshqa maqsadi ham bo`lganmi? Yuzaki olib qaraganda u tulporlar dovrug`ini eshitib, ularni yoqtirib qolgan va ularga erishish uchun urush boshlashdan ham qaytmagan. Lekin botinan e’tibor berilsa, buyuk davlat hukmdori uchun butun qo`shinni xavfga qo`yib faqatgina tulporlar sababli urush boshlashi mantiqan to`g`ri fikr emasdi. Demak, uning qandaydir boshqa kattaroq maqsadi bo`lgan bo`lishi tabiiy.

O`sha paytda G`arb malakatlariga borib kelgan elchilar” Farg`onada yaxshi otlar bor. Uni Ershi shahriga yashirib qo`yib,Xan elchilariga bermayotir,” deb ariza qilishadi.Xitoy xoqoni Krurona xonligiga o`xshash ancha ko`p talofat ko`rmasdan Farg`onani ham o`z ta’sir doirasiga olishni rejalashtiradi.[10] A.Xo`jayev keltirib o`tgan “Shiji”ning “Farg`ona tazkirasi”da esa Farg`onaga elchi Chjang Chyan bilan birga borib qaytganlar”Yuan(Farg‘ona) zotli otlari Ershida ekan, lekin Xan elchilarini ularga yo`latmas ekan,” deb aytishganligi yozilgan. Ushbu tazkiraning ikkinchi bir joyida imperator Farg`ona otlariga qiziqib qolib, pahlavon Che Lin boshchiliga elchilar guruhini yuborib, ularga oltin va oltindan yasalgan ot haykalchasi evaziga Farg`ona hukmdoridan zotli otlarni berishni iltimos emas, balki talab qiladi.[11] Tarixchi Abduxoliq Abdurasul o`g`lining aytishicha esa, 1000 jing(tahminan 600 kgga yaqin) oltin va misdan ishlangan “Zar ot” haykallariga almashtirishni talab qilishadi. [12] H.Bobobekovning fikriga to`xtaladigan bo`lsak, xitoy elchilari qabul marosimida Farg‘ona hukmdori oyog‘ining tagiga 1000 lak tilla tanga va bitta oltin ot tashlagan.[13] Matboboyev, Shamsutdinov va Mamajonovlarning ta`kidlashlariga ko`ra 1000 chin oltin va oltindan yasalgan tulpor haykalchasi keltiriladi. Ularning jami oltin sovg`alari miqdorini 200-500 kg deb berishadi.[14]

Farg`onaning asl otlari aslida ozligi va noyob nusxa bo`lganligidan ko`p miqdorda sotib yuborish, xonning o`sha ot tufayli erishgan shon-shuhratini Xitoy xoqoniga o`tkazib berish degan gap edi. Qancha boylik taklif qilinsa ham ularni sotmasligini aniq bilgan Xitoy imperatori Farg`ona hukmdorining obro`sini tushirish uchun shu ishga qo`l uradi. Elchilarning qo`pol munosabatidan jahli chiqqan hukmdor ularni o`ldirmoqchi bo`ladi, ammo oqilona fikr yuritib ularni O`zgan shahar hokimining qo`li bilan o`ldiradi.Ba`zi tarixchilar esa hukmdorning o`zi o`z huzurida elchilarni qatl qildirgan, deb ma`lumot berishadi. Har qanday holatda ham bu Xitoy uchun hujum boshlashga bahona bo`ladi.[15]

Keyinchalik hujumlar natijasida Farg‘onani egallay olmagan bo`lsa ham imperator tulporlarga ega bo`ladi. Xatto Xitoyga olib kelinayotgan otlar Buyuk Xitoy devoriga yaqinlashib qolganligini eshitgan shoirlar mill.avv. 120-yili Farg`ona otlarini o`z tulporlariga taqqoslab qo`shiqlar to`qiydilar:

“Tangrining rahmatiga ming tashakkur,

Ko`kdan xosiyatli tulpor tushibdi.

Qip-qizil so`laklari chiqib og`zidan,

Butun badani terga cho`mibdi.”

Xitoy xoqoni U-Di bunday otlarga ega bo`lgandan so`ng, xoqonning maxsus istirohat bog`larida o`stirilgan bedazorlarida mazkur otlarni alohida ko`ngil berib boqishni boshlaydilar. Xoqon suluv, chiroylik, kelishgan, zabardast Farg`ona otlarini tomosha qilar ekan, ularga havas bilan boqib , cheksiz hissiyotlarga cho`mgan. Shuning uchun Usun otlarini “tulporlar” deb atashdan voz kechib, uni “uzoq quyosh botish oti” deb o`zgartirgan va Farg`ona otiga “tulpor ot” deb nom beradi.[16]

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, Xitoy imperatorining Farg`onaga yurish qilish sabablari turlicha bo`lgan, birinchidan, undan tulpor otlarni talab qilib o`zining mavqeyini bildirib qo`yish va tulporlarga egalik qilish bo`lsa, ikkinchi tomondan o`sha payt siyosiy hayotiga e`tibor beradigan bo`lsak, Xitoyning yagona raqibi xunlar Xitoy bilan so`nggi urushlaridan so`ng ancha zaiflashib qoladi. Imperator esa ularni ortidan quvish va batamom yengish uchun uchqur arg`umoqlarga ehtiyoj sezadi.[17] Chunki Usun otlari Farg`ona otlaridek chopqir, chidamli va baquvvat bo`lmagan. Yana bir tomondan Xitoy imperatorining yana bir maqsadi G`arbni ham bo`ysundirib uning sohibkor yerlari va boyliklariga ega bo`lishni hohlagan. Lekin xalqimizga xos jasorat va yengilmas kuch Dovonliklarning o`z erkini boshqa davlatga berib qo`yishdek mudhish holatdan olib chiqib ketgan. Andijonlik tarixchi ustozimiz Rustambek Shamsutdinov o`z asarlarida ta`riflagandek xatto Dovonlik ayollar ham qilich o`ynatish va ot choptirishda erkaklardan qolishmagan.[18] Shu kabi holatlar vodiyimiz aholisini chet elliklar bosqiniga chidamli bo`lishganini isbotlaydi.

 

[1] A.Xo`jayev.Farg`ona tarixiga oid ma`lumotlar. Farg`ona,2013,128-bet.

[2] Abduxoliq Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,4-bet.

-“24 tarix”-mill.avv.II asrdan boshlab yozilib kelingan Xitoy sulolalarining tarixi.unda mill.avv.3000-yillikdan to milodiy 1644-yilgacha bo`lgan voqealar bayon etilgan.

[3] R.T.Shamsutdinov, Sh.Karimov. Vatan tarixi 1-kitob,Toshkent, 2010,78-79-betlar.

[4] Abduxoliq Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,4-bet.

[5]Abduxoliq Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,37-bet.

[6] H.Bobobekov. Qo`qon tarixi,Toshkent,1996,15-bet.

[7] Abduxoliq Abdurasul o`g`li.Qadimgi Farg`ona tarixidan,Toshkent, 2002,38-bet.

[8] A.Asqarov. Marhamatga safar taassurotim.Toshkent,2010,7-bet.

[9] B.Matboboyev,R.Shamsutdinov, A.Mamajonov. Buyuk ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994,35-bet.

[10] Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002,41-bet.

[11] A.Xo`jayev.Farg`ona tarixiga oid ma`lumotlar. Farg`ona,2013,141-bet.

[12] Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 41-bet.

[13] H.Bobobekov. Qo`qon tarixi,Toshkent,1996,10-bet.

[14] B.Matboboyev,R.Shamsutdinov, A.Mamajonov. Buyuk ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994,33-bet.

[15] Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 44-bet.

[16] Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 35-bet.

[17] Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002, 44-bet.Si Machyan.Xunlar tazkirasi,Tarixiy xotiralar,427-bet.

[18] R.T.Shamsutdinov, Sh.Karimov. Vatan tarixi 1-kitob,Toshkent, 2010, 81-bet.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. R.T.Shamsutdinov, Sh.Karimov. Vatan tarixi 1-kitob,Toshkent, 2010.

2. B.Matboboyev,R.Shamsutdinov, A.Mamajonov. Buyuk ipak yo`lidagi Farg`ona shaharlari. Andijon,1994.

3. A.Asqarov. Marhamatga safar taassurotim.Toshkent,2010.

4. Abduxoliq Abdurasul o`g`li. Qadimgi Farg`ona tarixidan, Toshkent, 2002.

5. A.Xo`jayev. Farg‘ona tarixiga oid ma`lumotlar, Farg`ona, 2013.

6. A.Anorboyev.O`zbekiston tarixida Qadimgi Farg`ona,Toshkent,2001.

7. H.Bobobekov. Qo`qon tarixi, Toshkent, 1996.