Ulug’bek Hamdam

Ijodkor haqida

 Ulug’bek Hamdam (Hamdamov Ulug’bek Abduvahobovich) 1968 yil, 24 aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumani, Yuqori Rovvot mahallasida duradgor oilasida tug’ildi.

1985 yilda o’rta maktabni oltin medal bilan tamomladi. 1986 va 1988 yillar orasida Ukrainada askarlik xizmatini o’tagan. 1988-1993 yillarda ToshDU ning o’zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. 1992-93 yillarda esa davlatimiz tashabbusi bilan o’qishga yuborilgan talabalar safida Turkiyaning Ko’nyo shahrida taxsilni davom ettirgan. 1993-1994 yillarda Sharqshunoslik institutida turk tilidan dars bergan. 1994-1996 yillarda Hozirgi Milliy Universitet o’zbek filologiyasi fakultetining kunduzgi aspiranturasini o’qigan.

1997 yilda «30-yillar o’zbek she’riyatida «sof lirika» muammosi» (Oybek she’rlari misolida) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Ilmiy rahbari — filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatov. Hozirda «XX asr o’zbek she’riyati badiiy tafakkur tadrijining ijtimoiy-psixologik asoslari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Ilmiy maslahatchi — filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov. 1997-2009 yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va Adabiyot institutida katta ilmiy xodim. 2009- yildan beri «SHarq yulduzi» jurnalining bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqda. Oilali, bir o’g’il va bir qizi bor.

Ulug’bek Hamdam bir necha nasriy, nazmiy hamda adabiy-tanqidiy to’plamlar muallifi. Uning ilk nasriy kitobi 1998 yilda «Yolg’izlik» nomi bilan chop etilgan. To’plamdan shu nomdagi qissa va qator hikoyalar o’rin olgan. «Yolg’izlik» muayyan bir qiziq voqea-hodisaning badiiy talqiniga bag’ishlangan asar emas, unda an’anaviy obrazlar, tasvirlar, manzaralar, dialoglar yo’q: u — janriy jihatdan ham biz ko’nikib qolgan realistik qissalardan tubdan farq qiladi. Tanqidchilik «Yolg’izlik»ni nasrimizdagi yangilanishlardan yaqqol darak berguvchi o’ziga xos ramziy asar sifatida baholadi. Hikoyalarida ham muallif inson qalbining hamishalik bezovta, tahlikali qismini tasvirlashga urinadi.

Yozuvchining 1997 yilda yozib tugatilgan va 2002 yilda e’lon qilingan «Muvozanat» romani adabiy hayotimizda o’ziga xos voqea bo’ldi. Roman shu kecha-kunduzda yashab, mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz va ularning qalb tovlanishlari haqida. Asarda xalqning turli qatlamlariga mansub va har-xil sohalarda ishlaydigan qator qaxramonlar borki, ularning o’y-tashvishlariyu maqsad-intilishlari zamonamiz kishilarining ruhiyatlari bilan uyg’unlashib ketadi. Asar bosh qaxramoni Yusuf murakkab davr evrilishlaridan insonga munosib bir tarzda chiqish uchun kurashadi. «Muvozanat» mustaqillik yillarining qaynoq kayfiyatini aks ettirgan realistik asar sifatida akademik M. Qo’shjonov, professorlar O.SHarafiddinov, U. Normatov, A. Rasulov, S. Sodiqov, N. Xudoyberganov, D. Quronov, yozuvchilar P. Qodirov, J. Abdullaxonovlar tomonidan yuksak baholandi.

  1. Hamdamning «Isyon va itoat» romani e’tiqod va iymon masalalariga bag’ishlangan bo’lib, asar qaxramonlari tiriklik mantig’i va ruh halovatini har ikki dunyo to’g’risidagi mushohadalar yordamida idrok etishga urinadi. Romanda dunyoning yaratilishi to’g’risidagi rivoyatlar zamondosh insonning hayoti bilan mantiqiy uyg’unlashtiriladi. Roman professor tarjimon N. Vladimirova tomonidan rus tiliga tarjima qilingan, alohida kitob holida chop etilgan.

Muallifning «Sabo va Samandar» romani ishq mavzusida salaflarga ergashib bitilgan asar bo’lib, unda pok va yuksak muhabbat tuyg’usi zamondoshlarimiz qismati orqali sharaflanadi.

Ulug’bek Hamdamning «Tangriga eltuvchi isyon», «Atirgul» va «Seni kutdim» nomli she’riy to’plamlari chop etilgan. Shoir she’rlarida ruh qichqirig’ini, qolipsiz, jilovsiz va hayajonli kechinmalar oqimini tuyish mumkin. Ularda kelish va ketish, nur va zulmat, oq va qora, do’st va dushman kabi tushunchalar yonma-yon yashaydi hamda shoir iztirobi bilan ziynatlanadi.

2010 yilda nashrdan chiqqan «Uzoqdagi Dinura» nomli kitobiga muallifning bitta qissasi, yangi hikoyalari hamda asosan, so’nggi yillar mahsuli bo’lmish she’rlari kiritilgan.

Istiqlol yillari muallifning «Badiiy tafakkur tadriji» va «Yangilanish ehtiyoji» nomli adabiy tanqidiy-to’plamlari e’lon qilindi. Ularda XX va XXI asr avvalidagi o’zbek, qisman jahon adabiyoti va adabiyotshunosligi muammolari tadqiq etiladi. U. Hamdam J. Rumiyning «Ichindagi ichindadir» va prof. U. Turonning «Turkiy xalqlar mafkurasi tarixi» nomli asarlarini turk tilidan o’girgan.

Ulug’bek Hamdamning xilma-xil janrlardagi badiiy va ilmiy asarlari markazida zamondosh insonning ziddiyatli mikroolami tadqiqi turadi.

Post Author: admin