Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O’zbekistonda va islom dunyosidagi eng mashhur olimlardan edi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyati Marhamat tumani Tosh yo’li mahallasida tug’ilgan. Boshlang’ich ta’limni Marhamat tumanidagi 15 – (xozirgi 23-) maktabda olgan. Shayx Muhammad Sodiq boshlang’ich diniy ta’limni otasidan olgan. O’rta maktabni Buloqboshi tumanida tugatgach, Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasida, so’ngra Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy Islom institutida tahsil  olgan. «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalida ishlagan. Muhammad Sodiq Liviyadagi ad-Dava’ al-Islami Milliy Islom Universitetida tahsil olgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy idorasining tashqi aloqalar bo’limida ishlab, ayni paytda Oliy institutda dars bergan. Keyin mazkur dargohda rektor o’rinbosari, so’ngra rektor lavozimlarida ishlagan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 1989 yildan O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi, so’ng mustaqil O’zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi bo’lgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sobiq Sovet davlatining Oliy kengashida deputat sifatida sobiq Sovet Ittifoqi musulmonlarining haq-huquqlarini hurmatlash, ularning huquqlarini qaytarish masalalarini ko’targan edi. Natijada sobiq kommunistik tuzumning musulmonlarga nisbatan siyosatida ijobiy o’zgarishlar bo’lib, sobiq ittifoqda ko’plab masjidlar va madrasalar ochila boshlangan, musulmonlarga o’z diniy urf-odatlarini, marosimlarni ado etishga ruxsat berila boshlangan. Haj safariga boradigan musulmonlarning soni keskin oshirilgan.

1997 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Saudiya Arabistonidagi xalqaro Islom tashkiloti bo’lgan Robita al-Islomiya (Musulmon Olami Ligasi) tarkibidagi Musulmon davlatlar va Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi federatsiyasiga rahbar etib tayinlangan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf umrining oxiriga qadar ushbu tashkilot boshqaruv Kengashining doimiy a’zosi bo’lgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ijodi:

Shayx 6 jildli “Tafsiri Hilol”, 39 jildli “Hadis va Hayot”, 5 jildli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 3 jildli “Kifoya sharhi muxtasari viqoya”, 3 jildli “Ruhiy tarbiya”, 4 jildli “SHarhi adabul mufrad”, 2 jildli “Yaxshilik va silai rahm kitobi”, “Iymon”, “Vasatiyya — hayot yo’li”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Ixtiloflar haqida”, “Din nasihatdir”, “SHoyadki taqvodor bo’lsak”, “Poklik iymondandir”, “Haj ibodati”, “Islomda inson huquqlari”, “Islomda oila”, “Tarix omonatdir”, “Jamiyat ko’ksiga urilgan xanjar”, “Islom musaffoligi yo’lida”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Ramazonni qanday qarshilaymiz”, “Islom va atrof muhit muhofazasi”, “Sunniy aqiydalar”, “Usulul fiqh”, “Aqoid ilmi”, “Samarqandlik ulamolar”, “Bozor”, “Isrof”, “Ochiq xat”, “Zuhd va hayo” kabi 100 dan ortiq kitoblar muallifi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf a’zo bo’lgan tashkilotlar:

  • Makka shahridagi Butun Dunyo Islom Robitasining ta’cis majlisi
  • Butun dunyo tasavvuf uyushmasi
  • Butun dunyo Islomiy xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati
  • Butun dunyo da’vati uyushmasi
  • Butun dunyo ulamolar kengashi uyushmasi
  • Islomobod shahridagi butun dunyo Islom uyushmasi
  • Makka shahridagi butun dunyo mutafakkir ulamolari yig’inining ijroiy qo’mitasi
  • Butun dunyo masjidlar uyushmasi
  • Iordaniyadagi Oli Bayt mussasasiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi

Shayxning faoliyati:

  • Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy institutini bitiruvchisi
  • Tripoli shahridagi Butun Dunyo islomga da’vat fakultetini bitiruvchisi
  • Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy institutida tafsir, ulumul Qur’on va faroiz fanidan dars beruvchi
  • Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy institutda mudir noibi
  • Toshkentdagi Imom Buxoriy nomli oliy institutda mudir
  • O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy idorasi raisi hamda muftiysi
  • Toshkent Islom universitetida oliy o’quv bo’limida ustoz

Shayx meros qilib qoldirgan kitoblar va bilimlar jamiyatning axloqiy turmushida kishilarga to’g’ri yo’l ko’rsatish uchun xizmat qilishda davom etaveradi.

Post Author: admin