Samar Bonu

Hayoti va ijodi

     XIX asr Farg’onasi o’zbek shoiralarining badiiy salohiyati juda yuqori bo’lganligi bilan ajralib turadi. Bu asr o’zbek adabiyotiga Uvaysiy, Nodira, Mahzuna va Samar Bonu kabi zabardast shoiralarni tuhfa etdi. Bonu (asl ismi Samar Bonu Sirojiddin qizi) 1837 yilda ulug’ faylasuf shoir Huvaydo meros qilib qoldirgan yuqori darajadagi adabiyot muhitiga ega bo’lgan, o’z davrining kuchli adabiy-falsafiy doirasining markazi bo’lgan oilada tavallud topgan. Samar Bonu tarbiyani, avval, oqila, fozila ayol bo’lgan onasidan, keyinchalik otasi - shoir va olim Mavlaviy Sirojiydan olgan. Samar Bonu 1855 yili otasining shogirdi Andijonning Mingtepa qishlog’i (hozirgi Marhamat tumani)da yashovchi SHarifjon ismli yigitga turmushga chiqqan. O’n oy turmush qurgan Samar Bonu eri fojiali o’ldirilganidan so’ng, 19 yoshida yangi tug’ilgan o’g’li Zahiriddin bilan beva qolgan. Uning "Bonu g’arib" she’ri bu og’ir judolik va musibatdan, o’zi kabi ayollar qismatidan, zamonasidagi haqsizliklardan zorlanib bitilgan. Samar Bonu hayotning og’ir sinovlaridan mardonavor o’tdi. U maktab ochdi, qizlar uchun o’ziga hos dorilfunun yaratdi. Uning pedagogika sohasidagi faoliyati yurtimiz ta’lim tizimining rivojida o’ziga hos ahamiyat kasb etadi. Samar Bonu 1891 yili 54 yoshida Mingtepada vafot etgan.

     Samar Bonu pokligi, ma’naviy kamoloti, she’riy iste’dodi jihatidan Nodira, Uvaysiylar darajasida bo’lsa ham, jasorati va mustahkam irodasi bilan e’tiborni yanada ko’proq jalb etadi.

Samar Bonu maktabi

     Bonu buyuk Al-Buxoriyning “Bilimdan o’zga najot yo’q va boshqa bo’lmag’ay” o’gitiga, aniqrog’i falsafasiga amal qilib, ota-bobolarining yo’lidan bordi. Maktab ochdi. Yo’q, qizlar uchun o’ziga xos dorilfunun yaratdi. Buning uchun bu oqila, fozila, jasur va go’zal qizda bilim keragidan ortiq edi. U Sharifjondan qolgan qo’rg’onida uning “sarri poyidin o’zum jo’kurmadim hargiz” ya’ni boshqa yerga yugurmadim, ketmadim deb maktab qurdi. Uning maktabi bir-biri bilan tutash bo’lgan 4X8 metrli o’quv xonasidan va har xil adabiy, ma’rifiy  tadbirlar o’tkazishga mo’ljallangan 8X18 metrli chiroyli ayvondan  tashkil topgan edi. Ayvonning xorilariga aylantirib Huvaydoning ushbu misralari bitilgan edi:

Arzimni aydim bodi saboga,

Yetkursa holim ul dilraboga.

Qilsa xudoyim ko’nglin muloyim,

Raxm aylagaymu man mubtaloga.

     Bonu Markaziy Osiyo tarixida faqat shoiragina emas, o’ziga xos ajoyib o’quv uslubini yaratgan, madrasa hamda o’g’il bolalar o’qiydigan  maktablardan tubdan farq qilgan ta’lim muassasasini kashf etgan pedagog sifatida iz qoldirdi. Uning pedagogik faoliyati oliygohlarda Uvaysiy, Dilshod Barnolarning ta’limga qo’shgan hissalari kabi  o’rganiladi. Ularning ta’lim sohasidagi faoliyati “Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti” darsligiga kiritilgan. Qozoq olimasi Baubekova Gulzaxira Djuraevna tomonidan 2010 yilda yoqlangan “XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Markaziy Osiyo ma’rifatparvarlarining psixologik – pedagogik qarashlari” nomli doktorlik dissertatsiyasida “Ayol pedagoglar – N.Kuljonova, A. O’razboeva, Nodira, Anbar Otin, Muazzamxon, Samarbonu, Dilshod Barno, Xo’qandiy va Halfa Xonimlar pedagogik g’oyalarining o’ziga xosligi tahlil qilingan va atroflicha ochib berilgan”... Boshqa mualliflarning bir necha referatlari hamda ilmiy maqolalari mavjud. Ushbu to’plamga ulardan parchalarni kiritishni lozim topdik. Bonu maktabining o’quv dasturi o’sha davr o’g’il bolalar o’qiydigan maktablarinikiga o’xshash bo’lgan. Lekin yuqorida nomlari tilga olingan ma’rifatparvar shoiralar singari arab tilidagi matnlarni kamroq o’qitib, darslarni ona tilida olib borganlar. O’quvchi qizlarga Xaftiyak va Chor kitob qisqa o’rgatilgan.

     Bonuning maktabida boshqa shoira-o’qituvchilar kabi ko’proq fors-tojik va turk tillarida ijod qilgan shoirlar A. Navoiy, M. Fuzuliy, Xofiz, Mirza Bedillarning asarlari o’rgatilgan. Shogirdlarning qo’llari bir oz xatga kelishi bilan «xat mashqi» darsida (uni «husni xat» darsi ham deyishardi) ularga o’z she’rlarini aytib yozdirganlar. Shunday qilib qobiliyatli shoira qizlarning she’riyatga xavaslarini uyg’otgan. Otinbibi o’quvchi qizlar bilan bo’lgan munosabatlarda alohida mayinlik, samimiylikni o’zida mujassam eta olgan:

Menga shogird bo’lubsizlar, necha qimmat baho qizlar,
Bari bir-biridan ortuq, farosatli, raso qizlar.

Saodat axtari birlan tug’uldi yaxshi soatda,
Tamomi insu jinsdin ham paridin purhayo qizlar.

Yuzi issiq, qadi ko’hluk, iboyu ham ishoratlik,
Sifat az Qof to Qof aylasam bo’lmas ado qizlar.

Duo mendan olur fayzu futuh, albatta-albatta,
Misoli andalibu to’tidek shirin navo qizlar.

Otingizni tutib bir-bir baytu ash’orlar aytsam:
Bibisoliha, Sharifaniso, To’faniso qizlar.

Yana Shodmonbibi, Bibi Fotima ixloslar aylab
Bibi Ma’lum, Sabohat, Talha – Bonuga ano qizlar.

Bu qizlar xushnazokatdur, kamlik, o’ksus ko’rmasin aslo.
Masaldur, mazlum ojizni duosi mustajo qizlar.

Bular fazlu kamolini degan birla ado bo’lmas,
Iboyu ham ishoratlik, adablik porso qizlar.

G’animatdur sizlarg’a yaxshi so’zlar, yaxshi niyatlar,
Ki g’ofil bo’lmay olg’aysiz biotindan duo qizlar.

     Maktabda o’quvchi qizlar uchun o’zlashtirish qiyin bo’lgan arab yozuvini yoki so’zlarni  o’rgatishda har xil o’xshatishlardan, topishmoqlardan keng foydalanilgan. Masalan, “nun” harifini ichida tuxumi bor qush iniga o’xshatganlar. Bu uslub o’quvchilarga murakkab bo’lgan dars materiallarini oson yodda saqlab qolishga yordam bergan.

      Maktabning xashamatli ayvonida tez – tez, adabiy, ma’rifiy kechalar o’tkazilib turilgan. SHe’rxonlik, mushoiralar avjiga chiqqan. O’sha davrning yetuk kishilari,  otinbibilari bunday tadbirlarda ishtirok etganlar va o’ziga xos dorilfinunga aylantira olganlar. Qobiliyatli qo’qonlik shoira Qambarniso singari shoiralar bilan uchrashuvlar o’tkazib borilgan. Bonu hayotining oxirigi davrida va uning vafotidan so’ng ukasi  Salohiddin Soqib bu  dargohga tez-tez tashrif etib turgan. Unga g’azalxonlikda hech kim teng kela olmagan. SHe’rxonlikni yuqori san’at darajasiga ko’tara olgan shoir bo’lgan u.   U g’azal o’qiganida ishtirokchilardan hayajonlanmagan, yig’lamagan birorta odam qolmagan. O’qchiliklar kattalardan eshtgan bu holatlarni faxr bilan eslashadi.

     Shoira – o’qituvchilardan Uvaysiy, Dilshod va Bonu O’rta Osiyo maorifchilari qatlamining eng qobiliyatli hamda yorqin uch vakili edi. Ularning pedagogika sohasidagi ijodlari hozirgi va kelajak avlodning rivojlanishga qaratilgan o’tmishning ma’naviy merosida ulkan hissa bo’lib qoldi.

Post Author: admin