Qo’ychi xalfa ziyoratgohi

Qo’ychi xalfa (Bekmurod polvon) ziyoratgohi Marhamat tumani Qorabog’ish qishlog’ining Qadamjoy mahallasi xududida joylashgan. Ushbu ziyoratgoh maxalliy axoli tomonidan muqaddas sanalib, cho’ponlarning, ya’ni chorvachilik bilan shug’ullanuvchi insonlarning piri deb e’zozlanib kelingan. Qo’ychi xalfa haqida ko’plab rivoyatlar xalq orasida aytib yuriladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Qo’ychi xalfa asli o’ratepalik bo’lib, 1840 yili tavallud topgan. Uning asl ismi Bekmurod  bo’lib, chorvachilik bilan shug’ullanganligi uchun Qo’ychi xalfa nomi bilan xalq orasida mashhur bo’lgan. Qo’ychi xalfa 1909 yilda vafot etgan va hozirda uning nomi bilan ataladigan qabristonga dafn etilgan. Axoli orasida Qo’ychi xalfa karomatlari to’g’risida turli rivoyatlar saqlanib qolgan. Aytishlaricha, u har kunlik peshin namozini Ka’bada o’qib qaytar va bu orada qo’ylari hech qaerga tarqalmay o’tlab yuraverar ekanlar.

Qo’ychi xalfa Sultonxon to’raning muridi bo’lib,  bu haqda “Dukchi Eshon manoqibi”da  ham ma’lumotlar mavjud.

“O’zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari” (Andijon va Namangan viloyatlari) kitobidan foydalanildi. Toshkent, “Turon Zamin Ziyo”, 2014 y

Post Author: admin