Oqbosh Ota

Oqbosh ota ziyoratgohi

Oqbosh ota ziyoratgohi Marhamat tumani Oqbosh maxallasi xududida joylashgan bo’lib, uzoq yillar mobaynida shu yerlik insonlarning tabarruk maskani bo’lib xizmat qilgan. – Bu joyda Oqbosh otaning qabri, shuningdek, Xudoyorxonga xizmat qilgan Madumar dodhoh va uning avlodlarining ham qabrlari  bor  – deydi shu yerlik Toshpo’latov Arabboy ota. Oqbosh  ota ziyoragohi juda qadimdan elning e’zozida bo’lgan. Bu ziyoratgohga insonlar biror jonliq so’yib, taom pishirib,  Oqbosh otaning haqqiga duo qilib, yurtga tinchlik, xalqimizga farovonlik,  dardlariga shifo, ro’zg’origa qut-baraka, boshlagan ezgu ishlariga rivoj tilaganlar. Qabriston yonginasida ulkan qayrag’ochlar bo’lib, ularning tagida buloqlar mavjud bo’lgan.  Buloqlar shifobaxsh bo’lib, turli dardlarga malxam vazifasini o’tagan. Shu yerlik onaxon Arabboeva Shirmonxonning aytishicha bu buloqlarning biri  yara-chaqa toshgan bemorlar uchun shifo bo’lgan bo’lsa, yana biri  sochiga oq tushgan yoshlarning joniga oro bo’lgan. Ya’ni agar shu suvda sochiga oq tushgan insonlar sochlarini yuvsalar oq sochlari qoraygan. Shu qishloqlik Xurtojixon Toshpo’latovaning ta’kidlashicha ushbu suvdan amalda foydalanib, natijaga erishgan. Bu shifobaxsh buloqlar insonlarning turli dardlariga shifo bo’lganligini aniqlash uchun ilmiy asoslash darkor.  Albatta, bunda olimlarimizning maslaxatlariga muxtojmiz.

Mustaqilligimiz sharofati bilan milliy qadriyatlarimizni o’zida asrab kelayotgan mana shunday muqaddas qadamjolarni tiklashga katta e’tibor berilmoqda. Bir necha tarixiy maskanlar singari Oqbosh ota ziyoratgohi va shu yerda joylashgan tarixiy yodgorlik ham  o’zini o’rganilishini kutayotgan tarixiy joylardan biridir.

Sh.Husanova, “TURON” NTM

Post Author: admin