Muhammad Yusuf

Tarjimai hol

   Iste’dodli shoirlardan biri Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan.

   O‘rta maktabdan so‘ng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yidda tamomladi. 1978-1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillarda «Toshkent oqshomi» gazetasida, 1986-1992 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, «O‘zbekiston ovozi» gazetasida ishladi. Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajardi.

   U o‘nga yaqin she’riy to‘plamlar, ko‘plab qo‘shiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Uning dastlabki she’rlari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida 1976 yilda e’lon qilindi.

   U rostgo‘y shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qo‘shiq to‘qiydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Uning she’rlari ravon va soddaligi bilan xalqonadir.

   1998 yilda shoirga «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berildi. Afsuski, u 2001 yilning 1 avgust kuni 47 yoshida bevaqt vafot etdi.

Post Author: admin