Mingtepa – qadimgi Farg’ona poytaxti

Kishilik jamiyatining daholaridan biri Arnold Toynbi vodiyga «Qadimgi Farg’ona – jahon tsivilizatsiyasining muhim markazlaridan biridir» deb ta’rif berishi bejiz emas. Qadimgi Farg’ona Baqtriya, So’g’d, Xorazm kabi Turonzaminning yirik tarixiy-madaniy o’choklaridan biri hisoblanib, umumbashariyat madaniyatiga qo’shgan munosib hissasi tufayli «Farg’ona tsivilizatsiyasi» degan nom ostida jahon tarixiga kirgan.

Vodiy xududida ayniqsa uning sharqiy qismida yani Qoradaryoning yuqori va o’rta oqimlarida ilk dehqonchilik va dastlabki shaharsozlik makonlari ko’plab qayd etilgan va arxeologlar tomonidan yaxshi o’rganilgan.

Yozma manbalarda xususan antik davr mualliflarida Farg’ona vodiysi to’g’risida deyarli ma’lumotlar uchramaydi. Faqatgina ba’zi ma’lumotlar Xitoy yilnomalarida qayd etilib, ularda Farg’ona vodiysida 70 dan ortiq katta-kichik shaharlar mavjudligi aytilib Ershi, Yuchen. Guyshuan (Guyshan) shahri nomlari keltiriladi.

Xigoy yilnomalarida Ershiga ko’p to’xtaladilar. Arxeologlar Andijoi viloyatidagi Mingtepani tarixiy Ershi bilan qiyoslaydilar. Bu yodgorlik tarkibiy jihatdan ichki (o’rta shahar) va tashqi shaharlardan iborat bo’lib, ark qoldiqlari ichki shaharda joylashgan va uni markaziy qismi saqlangan xolos. Xitoy manbalari xabar bergan Ershi – «o’rta shahri» qoldiqlari faqat Mingtepada saqlangan (maydoni 40 gektardan ziyod). «O’rta shahar» ikki qator kuchli mudofaa devorlari bilan o’ralgan, ular arxeologik jihatdan qayd etilgan. Ichki shaharning mudofaa inshootlari to’la saqlangan: 1952 yildagi ma’lumotga asosan g’arbiy va sharqiy devorda 20 tadan, janubda 6 ta, shimolda 12 ta kuzatuv minoralari (burjlari) saqlanib bizgacha yetib kelgan.

2011 yili samodan olingan suratlar taxlil etilganda Mingtepa ichki shahrini rejasi to’g’ri to’rtburchakli emas, balki parallellogramma ko’rinishdagi ekanligi ayon bo’ldi. Bu narsa nafaqat Mingtepa rejasiga emas, balki uni o’rganish bilan bog’liq muammolarga ham o’zgartirish kiritishi shubxasiz. Chunki u ko’plab belgilariga ko’ra ilk temir davrining eng yirik yodgorligi Eylaton qadimgi shahri rejasi bilan o’xshashlik tomonlari ko’zga tashlanadi. Bu narsa Mingtepani davriy jihatdan bir oz qadimgi davrga qadimiylashishi mumkinligi uchun yangi dalil bo’ladi. Chunki har ikki shahar bir davrda bunyod etilgan bo’lishi mumkin. 2015-2016 yillari ikkinchi tashqi devor o’rami to’rt tomonida 500 gektar maydon Xitoy maxsus asbobi Tan chan (sanchqich) yordamida o’rganib chiqildi. Natijada Mingtepani tashqi mudofaa devorlari qoldiqlari qayd etildi. Ko’hna shaharning ikkinchi tashqi mudofaa devori himoyalagan xududni 300 gektardan ziyod ekanligi aniqlandi.

Mingtepani birinchi mudofaa devori tizimi bo’yicha ham yangi ma’lumotlar qo’lga kiritildi. Yuqorida ta’kid etganimizdek, g’arbiy mudofaa devorining o’rta qismidagi (9 va 10 minoralar oralig’i: qazishmada eng qadimdagi (miloddan oldingi IV-III asrlar) mudofaa devori to’g’risida ma’lumotlar olindi. Devorning eni: quyida 5,45m, yuqorida 4 m., balandligi 6 m. Shahar himoyasining-mudofaa tizimining tayanch bo’g’inlariga katta e’tibor qaratilgan. Miloddan avvalgi IV-Sh asrlarda madaniy qatlam ustiga qurilgan eng qadimgi mudofaa devorga tirqab qo’shimcha devor va kuzatuv minoralari tiklangan. Minoralar juda mahobatli bo’lgan: qadimgi devordagi 10 metr turtib chiqqan, minora uzunligi 18 metr. Ikki marta qilingan qayta qurilishlar natijasida mudofaa devorining umumiy qalinligi (quyida) 7,3 metrga, yuqoridagisi 4 metrga, balandligi 6 metrga borgan. Bunday mahobatli ximoya devori va to’g’ri to’rtburchakli minoralar vodiyning boshqa biror yodgorligida hali aniqlangan emas. To’g’ri to’rtburchakli minoralar vodiyda ilk bor Eylaton shahar xarobasida paydo bo’ladi (mil avv VI-III asrlar) va vaqt o’tishi bilan mukammalasha boradi. Shahar darvozalariga kelsak, bizningcha Mingtepani kamida uch tomonida darvozalari bo’lib, ulardan markaziy darvoza 9- va 10-minoralar oralig’ida joylashgan bo’lishi kerak. Shunday qilib g’arbiy mudofaa tizimidagi qazishmada ikki tomondan uzunchoq xonalardan iborat burjlar (minoralar) bilan kuchaytirilgan darvozaxona tizimi ochildi. Bu tizim Markaziy Osiyo va Xitoy antik va o’rta asrlar shaharlarida qayd qilingan (Loyan, Chan-an va b.).

Yodgorlikni markaziy qismidagi qazishmada uzunligi 30 metrcha, eni 140-170 sm toshyo’lak shimol janub yo’nalishida tozalab ochildi. Mazkur ko’chada 2-4 suvoriy otliqlar yoki «Qo’kon aravasi» bemalol yurgan. Mayda tosh to’shalgan bunday ko’cha Mingtepa janubidan ham aniqlandi. Ushbu qazishmadan asosan yirik xajmdagi idishlarni parchalarini va xumlarni topilshi mazkur kism ishlab chikarish bilan bogliq bo’lishi mumkin xamda ular sanasi eramiz boshlariga to’gri keladi degan xulosani beradi. Ishlab chikarish teri ishlash (ko’nchilik) yoki to’qimachilik sohalari bilan bog’langan bo’lishi mumkin. Chunki xumlar ostki kismi yer ostiga kovlab bir tizimda o’rnatilgan va xumlar atrofi maxsus loy – qir (turpoq, qamish kuli va oxak aralashmasibilan o’ralgan (gidroizolyatsiya qilingan). Mutaxassislar fikricha, mazkur oshxona idishlari eramiz boshlariga to’g’ri keladi. 1946-1952 yillari tekshiruvlar paytida Mingtepada balandligi 2 metrgacha borgan shunday idishlar topilgai. Topilmalarga asosan qazishma o’rnida ochiq osmon ostidagi ishlab chiqarish punkti bo’lgan degan xulosani aytish mumkin. Mazkur topilmalar ehtimol Xitoy manbalari tilga olgan vino ishlab chiqarish bilan bog’lik bo’lishi kerak. Ya’ni ular xabaricha Farg’ona vodiysida uzum yetishtirish rivojlangan va badavlat oilalar bir necha ming dan (litr) vino saqlaganlar. Hatto manbalarda tilga olinishicha, Xitoy imperatorining «Putaogun» (uzum saroyi) degan mashhur saroyida yuqori martabali mehmonlar qabul qilingan. Aynan mazkur saroyda Farg’ona vodiysidan keltirilgan uzum ko’chatlari parvarish etilgani xaqida ma’lumot bor.

Qazishmalarda moddiy madaniyat namunalari ko’plab topildi (kulolchilik, temirchilik, toshtaroshlik, to’qimachilik namunalari). Mingtepadan topib o’rganilgan ashyoviy topilmalar asosan ziroatchilik va xunarmandchilik bilan shug’ullanib kelgan qabilalariga tegishli bo’lgan.

Demak, Mingtepa shahar xarobasida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari qadimgi Farg’onaning Davan davlatidagi shaharsozlik madaniyatini gullab yashnaganidan darak beradi. Ikkinchi qurilish davrida (mil avv II-1 asrlar) qadimgi devorni yanada musxahkamlash uchun qo’shimcha devor va to’g’ri to’rtburchakli kuzatuv minoralari bunyod etiladi.

Ko’chmanchi chorvadorlar xaqidagi arxeologik va etnografik materiallarni xisobga olgan xolda aytish mumkinki, atrofdagi ko’chmanchilar notinchlik paytida tashqi shaharda vaqtincha to’xtaganlari bo’lishi mumkin. Demak, Mingtepani ichki shahrida o’troq aholi uy-joylari, tashqi shaharda ko’chmanchilar yurtalari bo’lgan. Davan xukmdorlaridan biri Mugua sak zodagonlaridan biri bo’lgani va davlat boshida ko’chmanchi axoli vakili turgani ham ko’shimcha dalil bo’ladi. Ta’kid joizki, xuddi Mingtepa shahar xarobasidagi kabi strukturaviy tuzilishga ega yodgorliklar vodiyni o’zida (Eylaton yodgorligi) va Qashkadaryoda (Kalai Zoxaki Maron yodgorligi) uchraydi.

Mingtepa bizni fikrimizcha «katta shahar» (Xitoychada ‘dao chen«) tipidagi shaharlar katoriga kiradi. Xitoy manbalari xabaricha Davanda ikki qator himoyalangan taxarlar bo’lgan. Hozirda olib borilgan arxeologik natijalar Mingtepani ana shunday shaharlar qatoriga kiritishga asos bo’ladi. Mingtepani Farg’ona tarixidagi maqomi masalasi xali uzil kesil xal bo’lgani yo’q. Bu masalani manbalarda chigallashadigan tomoni bor, sababi birorta Xitoy manbasida boshqa birorta davlatni poytaxti degan termin uchramaydi. Ta’kid joizki, Xitoyliklar Ginshi termini bilan o’z davlatlari poytaxtlarinigina tushinadilar. Boshqa davlatlar poytaxtlarini du ya’ni rezidentsiya deydilar. Agar yuqoridagilarni hisobga olsak Mingtepa ko’plab belgilariga ko’ra poytaxt maqomiga ega bo’lgan shaharlar tipiga kiradi. Qadimgi shahar miloddan oldingi IV-III asrlarda shakllangan, milodning V-VI asrlaridan keyin Mingtepada xayot to’xtagan.

Andijon viloyati, Marxamat shahri yaqinidagi Mingtepa yodgorligini Ershi shahri bo’lishi mumkinligi aksariyat farg’onashunoslar tomonidan tan olingan. Bunga bir necha sabablar bor:

  1. Mingtepa arxeologik kompleksi (mudofaa devorlari, ichki va tashqi shahar, ark, sopol buyumlari) davriy jihatdan Xitoy yilnomalarida keltirilgan vaqt – miloddan avv. 136-115 yillarga to’g’ri keladi va ular salmog’i ham yetarlicha.
  2. Xitoy manbalari habar bergan Ershi «o’rta shahri» qoldiqlari faqat Mingtepada saqlangan (maydoni 40 gektardan ortiq). O’rta shahar ikki qator kuchli mudofaa devorlari bilan o’ralgan, ular arxeologik jihatdan qayd etilgan.

3.Ershi xitoyliklarni vodiyga kirib kelishdagi Yu (Yuchen)dan keyingi shahar edi. Manbalarni sinchiklab o’rganilsa, mavjud geografik holatga ko’ra, ular Sharqiy Fargonada joylashgan bo’lishlari kerak. Biz keltirib o’tgan da’lil-asoslarni Farg’ona vodiysida keyingi 70 yilda o’tkazilgan arxeologik qazuv ishlari ham tasdiqlaydi. Chunki aynan vodiy sharqiy tomonlari ilk dexqonchilik va dastlabki shaharlar paydo bo’lgan xudud hisoblanadi. Asosiy dexqonchilik bilan bog’liq yodgorliklar 60-70 foizi shu xududda ekanligi aniqlangan. Qolaversa, tanilgan farg’onashunos N.G. Gorbunova va boshqa olimlarning Davan davlatini Sharqiy Farg’onada joylashgan degan salohiyatli xulosalar ham bor. Xullas, Davan poytaxti Ershi o’rni hozirgi arxeologik ma’lumotlarga ko’ra Mingtepada joylashgan bo’lishi kerak. Buni keyingi ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Jumladan uzoq vaqtlardan beri o’z maqolalarida Ershi – bu Axsikent deb hisoblovchi A.Anarboev ham «Vodiynoma» jurnalidagi (2016 yil 1 – son) makolasida Mingtepani – bu Ershi degan fikrni to’g’riligini tan oldi.

Mingtepa o’z mahobati va ulug’vorligi bilan boshqa yodgorliklardan ajralib turadi. Chet ellarda xususan Xitoyda Mingtepaga va undagi qazishmalarga qiziqish katta. XXR Ijtimoiy fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari Mingtepadagi ilmiy qazishmalarda qatnashmoqdalar. 2016 yili qadimgi shaharni ko’rgani Xitoydan ikki gurux sayoxatchilar va arxeologlar kelib ketdilar. Chin mamlakatining SSTV telekompaniyasi o’n minutlik ko’rsatuv qilib ko’plab mamlakatlarga bir necha tilda tarqatdi. Bu 2016 yil sentyabr oyida VTV (Bejing Tv) kompaniyasi Andijon (Mingtepada), Samarkand, Buxoro, Xorazmda, Shahrisabzda suratga olish ishlarini boshlab yubordi. Bu ham Mingtepaga e’tibor va uni Buyuk Ipak yo’lidagi roliga yuksak baho berilishi ramzidir. Ta’kid joizki, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShOS) mamlakatlari rahbarlari Toshkent sammiti paytida (23-24 iyun, 2016) XXR raisi Si TSzinpin Mingtepadagi arxeologlar bilan uchrashib suhbatlashdi va qazishma ishlarini davom ettirishni ta’kidlab ular ishlarida zafarlar tiladi.

Mingtepa transkontinental yo’llar tizimida Baqtriya, Ustrushona, Choch kabi xududlarini Xitoy bilan bog’lagan shahar edi. Yuz yillar davomida Ipak yo’li bo’yidagi xunarmandchilik, savdo markazi sifatida geosiyosiy rol o’ynagan. Buni Farg’ona vodiysidan topilgan ayrim Xitoy tanga pullari, ipak matolari va jez ko’zgulari dalolat beradi.

Matboboev B.X., tarix fanlari doktori,

professor. O’zR FA Arxeologiya instituti

Post Author: admin