Mingtepa OAV da

Mingtepa turizm maskaniga aylanadimi?

Biz saylovchilar ishonchini oqlashimiz uchun ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan Marhamat tumanida o‘nlab tadbirkorlik sub’ektlari va minglab ish o‘rinlari yaratish imkoniyati mavjud, jahon turizmining qaynoq nuqtasiga aylanishi mumkin bo‘lgan ob’ekt – Mingtepa yodgorligini muzeylashtirish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz.

Buning uchun birinchidan, Mingtepa tarixiy-me’moriy arxeologik yodgorligi, undagi qimmatli topilmalar haqida yurtdoshlarimizga ko‘proq ma’lumot berish, xalqimizga keltiradigan moddiy va ma’naviy foydasi, iqtisodiy va ijtimoiy samarasi, ma’naviy va ma’rifiy roli to‘g‘risida doimiy targ‘ibot ishlarini olib borishimiz zarur. Ikkinchidan, yodgorlikning arxeologlar tomonidan ochilgan qismlarini tozalab, yog‘in-sochin ta’siridan saqlashimiz, kelajak avlodga bus-butun yetkazishimiz va muzey tashkil etish maqsadida ustini bosqichma-bosqich yopib borishimiz kerak. Natijada, buyuk o‘tmishimizdan darak beruvchi, buyuk ishlarni amalga oshirayotgan O‘zbekistonning hozirgi davrini tarixga muhrlovchi muzey-shahar yaratiladi. Hunarmandchiligimiz yanada rivojlanadi. Uchinchidan, ushbu obidaga sayyohlarni jalb etishimiz, ekskursiyalar tashkil etishimiz, turizmni rivojlantirish orqali hududda tadbirkorlikni rivojlantirishimiz lozim.

Bu yo‘lda biz ham qarab turganimiz yo‘q, bir qancha ishlarni amalga oshirdik: Marhamat tumanida joylashgan, o‘zimiz tashkil etgan va faoliyat olib borayotgan “Turon” o‘quv markazida mo‘‘jazgina ochiq va yopiq maxsus “Mingtepa” muzeyi qurib ishga tushirildi, ichki qal’aning ilmiy xulosalarga asoslangan unikal maketlari yaratildi va bu joy o‘quvchilar, talabalar hamda aholining bilim olish maskaniga aylanib ulgurdi. Bu yerda har yili aprel oyida Mingtepa tarixi bo‘yicha an’naviy tanlov va muzeylar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining viloyat Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Andijonda turizmni rivojlantirish” mavzusidagi seminarda bo‘lgani kabi “Mingtepa tarixiy me’moriy yodgorligi bazasida turizmni tashkil etish va tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ma’ruzalar o‘qildi. Yodgorlik haqida maxsus video ko‘rsatuvlar, maqolalar, bukletlar, pannolar tayyorlandi. Mingtepa haqida xitoylik olimlar 2 ta kitob yaratgan bo‘lsa, biz e’tiborga molik albom yaratdik. Bundan tashqari fuqarolarimiz yodgorlik haqida to‘laroq ma’lumot olishlari uchun o‘quv markazimizning ma’naviyat bog‘ida OAV da chop etilgan materiallarni va fotosuratlarni o‘zida aks etgan 22 metrlik panno o‘rnatdik. Natijada fuqarolarimiz orasida bu nodir yodgorlikning tariximiz uchun, bugunimiz va kelajagimiz uchun ahamiyatini tushunib boruvchilar ko‘paymoqda.

Mingtepada turizmni rivojlantirish uchun 2016-2017 yillarda uchta xalqaro turistik yarmarkalarda o‘z ko‘rgazmalarimiz bilan ishtirok etdik.

Eng quvonarlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda viloyatimizga tashrifi chog‘ida Xonobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlarida turizmni rivojlantish to‘g‘risida bildirgan fikrlari bizni yanada ruhlantirdi.

Bu borada quyidagi takliflarimizni bayon etmog‘imiz joiz:

– Mingtepa arxeologiya ob’ekti muhofaza hududini aniqlash, atrofini panjara bilan o‘rash, muhofaza belgilarini o‘rnatish, ob’ektdagi noqonuniy qurilmalarni buzib tashlash uchun respublika budjetidan mablag‘ ajratish;

– Yodgorlikka zarar keltiruvchi har qanday harakatni zudlik bilan bartaraf etish;

– Mingtepa tarixiy-me’moriy arxeologik yodgorligini yaxshi saqlanib qolinishiga – muzey-shahar barpo etilishiga, Andijonda turizmni rivojlantirishga, hududda infratuzilmani shakllantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga, ushbu maqsadda hunarmandchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shish uchun investitsiya olib kirmoqchi bo‘lgan sarmoyadorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

– Marhamat tumanidagi barcha madaniy meros ob’ektlarining chegara hududini aniqlash va kadastr hujjatlarini tayyorlash;

– Yodgorlikdan topilayotgan osori atiqalarni saqlash va xalqimizga hamda sayyohlarga namoyish etish uchun shu joyning o‘zida barcha qulayliklar, ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan zamonaviy muzey qurish;

– Lozim topilsa, Marhamat tumanida sanoatni rivojlantirish imkoniyatlari cheklanganligini, agrar soha ishga yaroqli aholining oz qismini qamrab olganligini, hududda turizmni rivojlantirish uchun ob’ektlarning ko‘pligini, bu hudud ekologik eng toza tumanlardan biri ekanligini, bu yerdan shifobaxsh havo oqimi o‘tishini, yer osti ma’danlariga to‘yinib chiqayotgan zilol buloqlarning ko‘pligini, tog‘ va adirlar bilan o‘ralgan ajoyib tabiiy iqlimga, manzaraga ega ekanligini hisobga olib, turizmni va sog‘lomlashtirish tizimini yaratish uchun maxsus davlat dasturini ishlab chiqish.

Ortiqali HUSANOV,

Xalq deputatlari Andijon viloyati

Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

Manba: www.uzlidep.uz