MINGTEPA ARXEOLOGIK YODGORLIGI

 Andijon viloyati Marhamat shahrining sharqiy qismida, Andijon shahri markazidan 38 km uzoqlikda joylashgan. Milloddan avvalgi V-IV va milodning IV asrlarda hukm surgan Dovon davlatining poytaxti bo’lgan Ershi shahrining xarobalaridir. Xitoy yozma manbalarida tilga olingan “Buyuk ipak yo’li”da joylashgan bu mahobatli shahar o’zining hunarmandchiligi, dexqonchiligi va “Samoviy tulporlari” bilan dunyoga mashhur bo’lgan.

 Bu qadimiy tarixiy obida haqida quyidagilarni bayon etamiz.

 

Qadimiy Mingtepa buyuk kelajakka xizmat qilmog’i zarur

Munosabat

 Ona zaminimizdagi har bir qarich yer aziz va mo’tabar. Lekin uning inson zotiga qadimdan xizmat qilib, o’z bag’rida bu ongli zotning o’tmishini-yu tarixini, yuksalishi-yu qulashini, muvaffaqiyati-yu mag’lubiyatini, sodiqligi-yu sotqinligini, yaratuvchanligi-yu buzg’inchiligini o’zida muqaddas kitob bo’lib saqlab kelayotgan go’shalari borki, ular tom ma’noda bizga yanada azizroq va yanada mo’’tabarroqdir. Mingtepa shunday go’shalardan biri hisoblanadi. U hali sahifalari yer ostida qatlam-qatlam bo’lib o’qilishini kutib yotgan sirli yilnomadir. Yurtimizning o’tmishi buyuk ekanligidan so’zlovchi va uning kelajagini buyuklashtirishga xizmat qiluvchi bu ulug’ kitobni necha-necha qadimshunos olimlar o’qishga urinib ko’rdilar va ko’rmoqdalar.

     Birinchi Prezidentimizning “Andijon tuprog’i necha asrlik madaniyat va taraqqiyot namunalarini o’z bag’rida saqlab kelayotgan Dalvarzintepa va Eylaton, Mingtepa va Sho’rabashot kabi tarixiy joylar, ko’hna yodgorliklarning borligi bu zaminning yurtimizdagi qadimiy tsivilizatsiya beshiklaridan biri bo’lganini eslatadi”, deb aytgan so’zlari yildan-yilga arxeologlarning tadqiqotlari orqali o’z tasdig’ini topmoqda.

     Mustaqillik yillarida Vatanimiz tarixini xali ochib ulgurilmagan sahifalarini izlab topish va o’rganish imkoni yaratildi. 2011 yili O’zbek va Xitoy fanlar akademiyalari qadimiy Mingtepa madaniyatini o’rganish bo’yicha besh yillik arxeologik ekspeditsiya tashkil etish uchun hamkorlik bitimini tuzganlar. 2012 yildan buyon ikki mamlakat olimlarining hamkorligi davom etmoqda. Jahon va o’zbek olimlarining aksariyati ta’kidlaganlaridek, butun dunyoga o’nlab tillarda ko’rsatuv olib boruvchi Xitoy davlatining SSTV nomli birinchi telekanali o’zbek va xitoy arxeologlari, tarixchilari hamda mahalliy ziyolilar va keng jamoatchilik ishtirok etgan, qadimiy Mingtepa shahri o’rnida hamkorlikka bag’ishlangan yodgorlikni ochilishi to’g’risida axborot berish chog’ida quyidagilarni e’tirof etdi:

     “Eramizdan avval VI-V asrlarda Farg’ona vodiysi xududida zich yashovchi axoliga ega bo’lgan boy Dovon (Davan) mamlakati joylashgan. U, keyinchalik Mingtepa deb nom olgan poytaxt Ershi va 70 ta shaharlardan tarkib topgan. Bu katta savdo shahar orqali Buyuk Ipak Yo’li o’tgan”.

     Butun jahon ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga sabab bo’lgan ma’lumotni 2017 yil 11 yanvar kuni Sinxua axborot agentligi tarqatdi. O’zbekiston va Xitoy arxeologlaridan iborat guruh Farg’ona vodiysining janubi-sharqida joylashgan Mingtepa qadimiy shahri qoldiqlarini qazish vaqtida ahamiyatli kashfiyot qilishdi. Ular tarixga o’zgartirishlar kiritdi. Bu 2016 yilning noyob topilmasi O’zbekiston tarixini boyitadi va Dovon davlati tarixiga oydinlik kiritadi. Manbaga ko’ra, 2000 yildan ziyod vaqt avval Mingtepa Farg’ona vodiysidagi eng yirik to’laqonli qasr-shahar bo’lgan.

     Bu esa, o’z navbatida Mingtepa arxeologik yodgorligining jahonning aksariyat manbalarida takidlanganidek, Dovon davlati poytaxti Ershining keyinchalik Mingtepa deb qayta nomlangan shahar ekanligi va uning joylashgan o’rni haqida aniq axborot olinganligi yana bir bor halqaro darajada e’tirof etilishi edi.

     Bunday e’tirof sababchisi Mingtepa arxeologik yodgorligining joylashuvi, o’tmishi, salohiyati, buguni, kelajagi va axamiyati qanday ekanligi biz o’zbekistonliklar uchun o’ta qimmatlidir.

Mingtepa o’zi nima?

Shunday savol bilan murojaat qiladilar ko’pchilik mehmonlar. Yuqorida biz so’z yuritgan Mingtepa moziydan sado beruvchi arxeologik yodgorlik edi, xolos. Aslida Minggtepa hozirgi Marhamat tumanining to’liq, atrofdagi qo’shni tumanlarning bir qismini qamrab olgan xudud hisoblangan. (Bir misol, Asaka tumanining Xonaqa mahallasi yaqiniga joylashgan tepalik ham Dovon yodgorligi hisoblanadi). Bu joy tarixda Dovon davlati davridan qolgan minglab tarixiy yodgorliklarga – tepaliklarga ega bo’lganligi uchun ham bir yarim ming yildan ortiq vaqtda Mingtepa deb nomlangan. Bundan tashqari bu yerda XIII asrlarda islom dinini targ’ib qilish uchun kelgan ulug’ zotlar – Otalardan yettitasi abadiy qo’nim topgan. Ularning qabrlari shifobaxsh buloqlar bo’yida, ajoyib tabiiy landshaftga ega joylarda bo’lib xalqimiz uchun mo’’tabar ziyoratgohlarga aylangan. Qisqacha qilib aytganda, Andijon viloyatidagi 300 ta atrofidagi ro’yxatga olingan madaniy me’ros ob’ektlaridan uchdan biri Mingtepaga (xozirgi Marhamat tumaniga) joylashgan.

Mingtepa mustaqillikkacha

Xududdagi hozirgacha saqlanib qolgan yetmishdan ortiq qadamjolar, ziyoratgohlardan eng mahobatlisi (Farg’ona vodiysida ham!!!) Mingtepa arxeologik yodgorligi hisoblanadi. U Andijon viloyatining sharqiy qismida, hozirgi Marhamat tumanining markazida joylashgan. Bu shahar xarobasi ichki va tashqi qal’alardan iborat bo’lib, ichki qal’aning o’zi 41,2 gektar, tashqi qal’a 300 gektardan ortiq maydonni egallagan mahobatli yodgorlikdir. Bu tarixiy obida 1939 yildan boshlab arxeolog olimlarning e’tiborini o’ziga tortib kelmoqda. Olimlarning fikricha u xali uzoq yillar o’rganilishga loyiq noyob ob’ekt.

     Agar uning o’tmishiga bir nazar solsak, u xunarmandchiligi va qishloq xo’jaligi yaxshi rivojlangan, samoviy otlari bilan dong taratgan, ming yildan ortiq (oxirgi ma’lumotlarga qaraganda miloddan avval VI – V va milodning IV — V asrlari) vaqt xukum surgan vodiy tarixidagi boy va kuchli davlatning bosh shahri sifatida bir necha bor tashqi xujumlarga va tabiat injiqliklariga dosh bera olgan, lekin baribir uzoq vaqtning salbiy ta’siri natijasida vayronaga aylangan tarixiy obida hisoblanadi.

     U, eng achinarlisi, katta buzilishlarni aynan o’tgan asrning o’rtalarida yurtimizdagi ko’plab tarixiy madaniy me’ros ob’ektlari kabi boshidan kechirdi. Mustabid tuzum bizga tariximizdan, o’tmishimizdan so’zlovchi, g’urur va iftixor tuyg’usini berib qalblarimizni quvonchga to’ldiruvchi Mingtepadek muqaddas tarixiy me’moriy yodgorlikni ayovsizlarcha buzib, qishloq xo’jaligi ekinlari ekish maydonlariga aylantirdi. Tariximizning buyukligidan – ma’naviyatimiz ildizi baquvvat ekanligidan darak beruvchi moddiy va nomoddiy yodgorliklarimizni yo’q qilishga tushdilar. SHunisi alamliki, oq oltinni “oltin qo’llar” yaratadi deyishib, manashu “oltin qo’llar” bilan ularni yo’q qilishga urindilar. CHunki tarixidan maxrum qilingan xalq qullikka maxkumdir. Ona zaminidagi aziz qadamjolarni o’z qo’li bilan yo’q qiluvchi manqurtga aylantirishga urindilar. Eng daxshatlisi, bir asrdan ziyod milliy ruximizni sindirishga, qaramlik ruxiyatini singdirishga qaratilgan siyosat olib borildi. Natijada, butun insoniyat tamaddudining beshiklaridan biri hisoblanayotgan Mingtepadek ulkan qadamjoyni buzib uning jahon sayyohlari aziz hisoblab, ko’zga surtadigan tuprog’idan g’isht ishlab chiqish uchun zavod qurmoqchi bo’lindi, cho’chqalar boqildi, paxta ekildi, yakka tartibda uylar solishga joy berildi. Bunday tepaliklar ichki qal’aning o’zida arxeolog olim A.N.Bernshtam o’rgangan 1946 yilda 16 ta bo’lgan. O’tgan asrning elliginchi yillari ulardan 15 tasi mustabit tuzimda paxta ekish maqsadida yo’q qilingan. Bu ham yetmaganidek, xozirda saqlanib qolgan birgina xukumdor arkiga xarom o’lgan hayvonlarning o’liklari tashlanan…

     Yanada achinarlisi, XIX asrda boshqa xududlarga nisbatan bir muncha taraqqiy etgan, o’nlab ta’lim muassasalariga – o’g’il bolalar va qizlar uchun aloxida maktablarga, o’nlab olimu fuzalolarga, jafokash, matonatli xalqiga ega bo’lgan millat sha’nini himoya qilish uchun, yurt ozodligi yo’lida bosqinchilarga qarshi bosh ko’targan (1878 yildagi Yetimxon va 1898 yildagi Andijon qo’zg’olonlari) Mingtepani nom nishoni bilan yo’q qilishga harakat qilindi. Mingtepani yer bilan yakson qilish to’g’risida buyruq berildi. Uning markazi uch kun to’plardan o’qqa tutildi, qishloqlar vayron qilindi. Mahalliy xalqni ma’naviy jazolash uchun Dukchi Eshon masjidi buzib yuborildi. Yer bilan tep-tekis qilingan qishloq o’rnini boshqa yutlardan ko’chirib keltirilgan 450 xonadonga MARHAMAT (tuman va shaharning xozirgi nomi shu so’zdan olingan) qilindi va “Russkoe selo” deb 1975 yilga qadar atab kelindi. Bu nom 1926 yilda yangi tashkil etilgan tuman nomiga va 1975 yildan tuman markazi nomiga ham ko’chib o’tdi. Tarixiy adolatsizlikka barxam berish, o’zlikni anglash yo’lida xalqimizning iftixori bo’lgan Mingtepaning nomini tiklash Vatanni jonidan ortiq ko’ruvchi o’zbek ziyolilarining orzusiga aylangan. Mustaqilligimiz kuychisi, Vatanning tanaga kirgan “zirapchasi”ni aziz bilib, Parij restoranini “tandiri”ga almashmay uni sevishda barchamizga saboq bergan ustoz, xalqimizning sevikli shoiri Muhammad Yusuf orzusini amalga oshirish vaqti keldi chog’i:

Har kimsa ham ot qo’ysin o’z uzlatiga,
Har kimga o’z uyi aziz tomi bilan.
Zor qilmasin birovning «marxamat»iga —
Mingtepani ataylik o’z nomi bilan.

Erkli elda erkadir har joni muslim,
Har yurtning o’z eli muslim, joni muslim.
Har kelgindi kelsa o’zgarmasin ismim,
Mingtepani ataylik o’z nomi bilan.

Mingtepa mustaqillik yillarida

Ozod va obod Vatanimizda Mustaqilligimiz quyoshi porlagandan beri o’tmishimizga e’tibor kuchaydi. O’zlikni anglash davri boshlandi. Mamlakatimizda xalqimiz uchun mo’’tabar bo’lgan tarixiy joylarni asrash va ularni o’rganishga e’tibor qaratildi. Eng muximi natijalar salmoqli. Mingtepaning ming birinchi tepaligi deb e’tirof etilayotgan O’zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf “O’zbekiston” she’rida “Rimni alishmasman bedapoyanga”, deb daholarcha bashorat qilgan edi. CHindanda Olloh Mingtepa ostida qadimiy shahar borligini shoirning diliga solgan ko’rinadi. Haqiqatdan ham 2015-2016 yillari o’zbek-xitoy ekspeditsiyasi 2 metrdan ziyod yer ostidan bo’yi 1,7-2 metr keladigan ayrimlari himoyalangan xumlar joylashgan zaxira omborini topishga muvoffaq bo’ldi. Qazilma ishlari olib borilgan paytda ustaxonalar xarobalari, ichki shahar g’arbiy darvozalarining qolgan qismi va tashqi shahar sharqiy devori yonidagi qabriston topilgan. Bu 300 gektardan ortiq yer ostida qolib ketgan qadimiy shaharni ochishga qo’yilgan birinchi qutlug’ qadam bo’ldi.

     Mingtepa shahar xarobasining salohiyati va bugungacha saqlanib qolgan xolatiga e’tibor qaratsak, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi instituti bilan 2012 yildan beri olib borayotgan arxeologik qazishma ishlari natijasi bo’yicha olimlarning xulosasiga ko’ra undagi tepaliklar 64 ta bo’lib xozirgi kunda ellik ikkitasi saqlanib qolgan. Qal’aning ichki qismidagi markaziy tepalikning madaniy qatlami 10 m.dan ortiq. Eng quyi qatlami miloddan avval IV asrga oid. Bu yerda shahar arki bo’lgan tepalik saqlanib qolgan. Mingtepa mudofaa devorining har 38-40 m. masofasida kuzatuv minorasi o’rnatilib, uning uzunligi 18 m. eni 9 m, balandligi 5-6 m.ga yetadi. Topilmalar: toshyo’lak, ishlab chiqarish korxonasi, har xil o’lchamdagi xumlar, tosh, sopol, suyak qoldiqlari, hatto bir tomonida jangchi va ot, ikkinchi tomoniga ot yoki kiyikka o’xshash hayvon surati tushirilgan sopol parchasi topildi. SHaharning janubiy va g’arbiy darvozalarining o’rni va ularga tutash ko’chalarning o’rinlari aniqlandi. SHuningdek, shaharning mudofaa tizimi o’rganilib, ulardagi minoralar qurilishi bosqichlari haqida ilmiy asoslarga ega bo’lindi. Bu qadimiy mudofaa devorlari yaxshi pishirib tayyorlangan g’isht va paxsalardan tiklangan bo’lib ming yillar o’tsa ham o’zining sifatini va mahobatini saqlab qolganligi bilan kishini hayratga soladi. Shaharning tuzilishi, mahobati, bu yerda qadimiy hunarmandchilikni yuksak darajada rivojlanganligidan darak beradi. Hunarmandchilikning toshtaroshlik, kulolchilik, to’qimachilik, temirchilik kabi sohalari ancha rivojlanganligi bu yerdan chiqqan moddiy ashyolardan bilish mumkin. Sopollar qo’lda, yopma usulda va kulolchilik charhida tayyorlangan. Sopol idishlar yuksak did bilan nafis etib tayyorlangan bo’lib, ba’zilariga tirnab gul solingan. Topilmalarga tushirilgan rasmlar yuksak mahorat bilan ishlangan. “Bunday kompozitsiyali rasm vodiy kulolchiligida birinchi marta topildi”, deydi O’zbekiston-Xitoy xalqaro ekspeditsiya rahbari, tarix fanlari doktori, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti prfessori B.X.Matboboev.

     Xitoy yozma manbalarida yoritilgan bu mahobatli qal’a ajdodlarimizni bir necha bor tashqi saltanatlar xujumidan himoya qilib qolganligini, xozirda u qadimgi shaharsozlik madaniyatini o’zida yaxshi saqlaganligini hisobga olib va yuqoridagi ilmiy izlanishlar, arxeologik topilmalar va xulosalardan kelib chiqib aytish mumkinki, Mingtepa shahar xarobasi Vatanimiz tarixida muhim o’rin egallovchi tarixiy yodgorlik hisoblanib, yurtimizning qadim o’tmishi, xatto ta’bir joiz bo’lsa ta’kidlash o’rinliki, insoniyatning ko’xna tarixidan so’zlovchi qadimiy yodgorlik ekanligi ma’lum bo’ldi.

Mintepaning ma’naviy axamiyati

Shuni ta’kidlash kerakki, Mingtepa yodgorligi kabi tarixiy joylar xalqimizning tarixini tiklashga xizmat qiladi. Birinchi Prezidentimiz aytganlaridek “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q”. Tarixni bilmay o’zlikni anglab bo’lmas. O’zlikni anglash inson ma’naviyatini yuksaltiradi. Ma’naviyat inson hayotiga ma’no kiritadi va yengilmas kuchga aylanadi. SHuning uchun ham yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi. Chunki ma’naviyatli inson o’z manfaatidan ko’ra xalq manfaatini ustun qo’yadi va ona yurtiga xizmat qiladi. U buyuk ishlarni amalga oshirishga qodir bo’ladi. Bunday insonlar bilan Davlatimiz buyuk bo’lib boraveradi! Shundagina biz, albatta, buyuk davlatni qurgan oliy baxt egalariga aylanamiz.

     Mingtepa yodgorligini saqlash – bu bizning buyuk ajdodlarimiz ruxi oldidagi burchimizdir! Bu kelajak avlodga ushbu qadimiy mahobatli inshoatni bus-butun yetkazish burchidir!! Bu haqiqiy INSON ekanligimizni bildirib turuvchi burchdir!!!

     Bizning yurtimiz qadimiy tarixga ega. Juda boy madaniy me’rosimiz bor. Bunday beqiyos ma’naviy boylikka ega mamlakatlar dunyoda barmoq bilan sanarli. SHunday ekan, bu haqda o’ylaganda qalblarimiz to’lqinlanib ketadi. Yurakda g’urur paydo bo’ladi. Kindik qonimiz to’kilgan tuproqqa mehrimiz yanada oshadi. Ko’ngilda iftixor hissi jo’sh uradi. Biroq tariximiz bundan ham yuqoriroq darajalarga yuksalishini ta’minlash uchun, buyuk kelajakka erishish uchun faxrlanishning o’zi kifoya qilmaydi. Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan katta tarixiy me’rosni o’rganish, bugungi avlod uchun hanuz pinhon kelayotgan sirlarini ochish zarur. Tafakkurimizni bu nodir manbalar bilan quvvatlantirmoq, kelajak yo’limizni ulardagi buyuklik mash’ali bilan yoritmoq kerak. Bu bebaho boyliklarni yurtimiz taraqqiyotiga, xalqimiz faravonligiga xizmat qildirmoq lozim. SHundagina bu boylikning chinakam sohibiga aylanishimiz mumkin.

Ortiqali Husanov, «Turon» NTM

Post Author: admin