Maxdum Vosiliy

MAXDUM VOSILIY

       Maxdum Vosiliy (Hasanxon Maxdum ibn Muhammad Ibrohim) 1898 yili Farg’ona muzofotiga qarashli Mingtepa (Hozirgi Marhamat)ning Qorabog’ish qishlog’ida tavallud topgan. Uning otasi Mulla Muhammad Ibrohim arab va fors tillari bilimdoni, islom huquqshunosligi (fiqh)ni chuqur bilgan olim edi. Shuning uchun u Mingtepada bir necha vaqt qozilik mansabida ishlagan. Muhammad Ibrohimning otasi Mulla Sohibnazar esa Qo’qon xonining muftiysi sifatida faoliyat ko’rsatgan. Uning otasi esa Xudoydod So’fi nomi bilan tanilgan taqvodor kishi bo’lgan.

       Maxdum Vosiliy dastlabki ilmni o’z otasi Muhammad Ibrohim va tog’asi Ziyovuddin Maxdumdan oladi. So’ng esa akasi Muhiddin Maxdum (laqabi Burgut Maxdum) bosh mudarris bo’lgan Andijondagi madrasada tahsilni davom ettiradi. 1919-1920 yillarda Buxoroga borib, to 1925 yilgacha Mirarab madrasasida o’qiydi. Maxdum Vosiliy o’zining bilimga chanqoqligi va iqtidorligi bilan madrasa ilmlarini puxta egallaydi. Ustozlari va tengdoshlari orasida hurmatga ega bo’ladi. Uning ustozlari o’sha davrning mashhur olimlari Mulla Asvad Maxdum, Xoja Umarcha domla, Mulla Ikromcha domla, Baqoxoja Eshon domla va mulla O’roq domlalar bo’lgan.

       Buxoroda madrasada o’qishlar to’xtab qolgach, Maxdum Vosiliy Marhamatga qaytadi. Ulamolar yig’inida yosh Vosiliy bahsda barchani lol qoldiradi. Aravon nohiyasida bir muncha muddat qozi bo’lib turgan va chuqur ilmga ega bo’lgan Mulla Xolmat qozi Vosiliyni o’ziga kuyov qiladi va Bibi Hamida ismli ahli savod yolg’iz qizini Vosiliyga beradi. Mulla Xolmat qozi 1937 yilda Toshkentda qatl etilgan.

       Oradan ko’p o’tmay, qizil imperiya malaylari Vosiliyning ketidan tushadilar. Uning akasi Muhyiddin Maxdum Qashqarga qochishga majbur bo’ladi va o’sha yerda vafot etadi. Vosiliy o’zini yashirish uchun Buloqboshida odamlarning devorlarini urish va g’isht quyish bilan mashg’ul bo’ladi. Biroq hukumat odamlari uning uyiga bostirib kirib, barcha narsalarini talon-taroj qilib olib chiqib ketadilar. Vosiliy bu yerdan ham ketishga majbur bo’ladi va Asaka shahriga kelib, pillakashlik korxonasida ishlaydi. Bu yerda ham uning ulamoligi oshkor bo’lgach, Marhamatga ketadi va o’z opasi uyida bir necha muddat yashab, so’ng Marhamat qishlog’ida qo’nim topadi.

       Vosiliy Marhamatda qora ekin brigadasi degan brigadada ishlaydi va o’z ilmini doimo yashirishga majbur bo’ladi. Marhamatda ham unga tinchlik yo’q edi. Umrining oxirigacha tazyiq ostida yashaydi. Bir guruh malaylar u haqda tinimsiz tuhmat xatlarini uyushtirib, uni o’zgacha fikrlovchi sifatida ko’rsatishga urinadilar. Bu haqdagi lavhalar mazkur kitobda keltirilgan. U she’rlaridan birida nolib:

O’qugon ilmim mani jonimga xanjar bo’ldi-ku,

Bu g’arib boshimni xanjar birla yanchar bo’ldi-ku,-

deb yozgan edi. Hatto uning she’rlarini gazetada bosishga ham ruxsat bermaydilar. Faqatgina mustaqillik tufayli Vosiliyning she’rlaridan namunalar “Marhamat ilhomlari” nomi bilan 2002 yili Toshkentda chop etildi.

       Vosiliy notinch hayot kechirganiga qaramay, ijod bilan to umrining oxirigacha shug’ullandi va quyidagi asarlarni yozdi:

  1. Kachko’li Vosiliy al-Marhamatiy (Vosiliy al-Marhamatiyning “Kachko’l” kitobi).
  2. Majma’ ut-tavorix (Tarixiy voqealar majmuasi).
  3. Majma’ ul-adviya (Davolar majmuasi).
  4. Majma’ ul-masoil (Masalalar majmuasi).
  5. Bunyon ul-bayon fi unvon ul-bayon (“Unvon ul-bayon” kitobi haqida barmoqlar tiklagan binolar).
  6. Muqaddimat us-salot (Namoz muqaddimasi).

7.Risolai qimiz (Qimiz haqida risola).

  1. Majmua’ ul-ash’or (She’rlar majmuasi).
  2. Sharh va tarjimai “Atboq uz-zahab” (“Atboq uz-zahab”ning sharhi va tarjimasi).
  3. Tarjima va sharhi “Chilkof” (“Chilkof”ning tarjima va sharhi). 11. Sharhi “Hizb ul-bahr” (“Hizb ul-bahr” kitobining sharhi).
  4. Masoyili fiqh ( Fiqhiy masalalar).
  5. Muntaxab ut-tibb (Tibiy kitoblardan saylanma).
  6. Majma’ ul-oyot va-l- ahodis ( Oyat va hadislar to’plami).
  7. Masoyil ul-amvot mina-l-kutub al-mo’’tabirot (Mo’’tabar kitoblarda bayon qilingan o’liklar masalasi).
  8. Bayozi Vosiliy.
  9. Majma’ ul-mutafarriqot (Har xil masalalar majmuasi).
  10. Majma’ ul-hikoyot (Hikoyatlar majmuasi).
  11. Hadiqat ul-masoil (Masalalar bog’i)
  12. Tarjimai “Nomi Haq” ba zaboni turkiy (“Nomi Haq”ning turkiy tarjimasi).
  13. Majma’ ul axbor (Xabarlar majmuasi)
  14. Majma’ ul-ad’iyyati min al-oyot val-ahodis va min aqvol il-mashoyix min al-kutub il-mu’tabarot (Mu’tabar kitoblardan, hadis va oyatlardan tanlab olingan duolar)
  15. Zaruriyoti Mahmudiyya (Mahmud uchun zarur narsalar).

24.Kalimoti qudsiyai mashoyix (Mashoyixlarning qudsiy kalimalari).

  1. Kitob ul-vasiyyati janobi Sayyid Ahmad to’ra ibn Sarimsoqxon to’rai Araboniy al-Farg’oniy (Janobi Sayyid Ahmad to’ra ibn Sarimsoqxon to’ra Araboniy al- Farg’oniyning vasiyat kitobi).
  2. Kitob ul-mutoyiba (Mutoyiba kitobi).
  3. Majma’ ul-mutafarriqot min ar-raqoyiq vaz-zaruriyyot
  4. Muntaxab az kitobi Irshod ut-tolibin (“Irshod ut-tolibin” kitobidan saylanma).
  5. Oltin beshik tarixi.

30.Tarixi hazrati Ofoq alayhir rahma (Hazrati Ofoq alayhir rahmaning tarixi).

31.Tafrij ush-shiddat bi-sharh il-munfarija (Qiyinchilikdan qutqaruvchi “Munfarija” sharhi).

  1. Kitob ul-haj min al-Hidoya fil-Muzdalifa (“Hidoya”dan olingan Muzdalifa haqidagi Haj kitobi).
  2. Dukchi Eshon (she’rlar to’plami).
  3. Mas’alai Olimxon to’ra (Olimxon to’ra masalasi).
  4. Arz ul-ahvol ila Nu’mon Qori al-Xatib (Nu’mon qori al-Xatibga arznoma).
  5. Al-qavl ul-bolig’a fiy imraat is-soliha (Soliha ayollar haqida ulug’ so’zlar).
  6. Hoza ad-daftar li-axina –l-akram Mulla Abdurrasul Maxdum (Hurmatli birodar Mulla Abdurrasul Maxdum haqidagi daftar).
  7. Bayon ul-ixtiloj va vat-ta’bir (A’zo uchishi va tush ta’biri bayoni).
  8. Daftar ut-tarix (Tarix daftari).
  9. Fil-me’roj vaz-zaxrat fiy Bayt il-muqaddas (Bayt ul-Muqaddasdagi Me’roj tarixi haqida).
  10. Hozihi-d-daftar fi tarjimati mushtaqqoti risolat il-Mu’izziy li-Fayzirahmon (Fayzirahmon uchun yozilgan al-Mu’izziy risolasidani ishtiqoqlar tarjimasi daftari).
  11. Intiboh fi halli ishtiboh (Ishtibohlarni hal qilish haqida ogohlantirish).
  12. Duhn ul-ojir (G’isht yog’ini tayyorlash haqida).
  13. Tanbih ul-hazarot fi tahqiq il-g’afalot (G’aflatlarni tarqatish haqida hozirlarga ogohlantirish).
  14. Shahm ul-hanzal va davo ul-ayn ma’xuz min Ummon ut-tibb (“Ummon ut- tibb” kitobidan olingan Abujahl tarvuzining eti va ko’z dorisi).
  15. Xonlar tarixi.
  16. Daftar fit-tibb (Tabobat daftari).

       Yuqorida zikr qilingan kitoblarning ko’pchiligi arab tilida bo’lib, ularni tushunish, tarjima qilish va sharhlash chuqur arab tili bilimini talab qilardi. Vosiliy bu ishlarning uddasidan chiqa olgan. U hatto o’z fikrlarini arab tilida nasrda emas, balki nazmda ham ifodalay olar edi. O’tmishda ham, hozirda ham arab tilini bilgan va tushungan odamlar ko’p bo’lgan, biroq ularning hammasidan ham asar qolgan emas. Qishloqda, ilm-fan markazidan uzoqda turib, ilmiy ijod bilan, ayniqsa o’zi zamondan notinch bo’lgan holda shug’ullanish hammaning ham qo’lidan kelavermasligi, buning uchun kuchli iroda va sabr-toqat zarurligi hisobga olinsa, Vosiliyning jasorati o’z-o’zidan ayon bo’ladi. Vosiliy tiriklik paytida hazillashib: “Sizlar mening vafotimdan so’ng hali qishloqda menga haykal tiklaysizlar”, - deb qo’yar edi. Uning ijodi o’rganilsa, xalq orasiga yoyilsa, ajabmaski hazil qilib aytganlari haq bo’lib chiqsa.

       Hozirda marhamat tumanidani olim yashagan hovlida “Maxdum Vosiliy nomidagi ma’naviy meros markazi” ishlab turibdi. Markazda olim tomonidan yig’ilgan va tazyiq sababli birovlarning uyida yashirin saqlangan 700 ga yaqin arab, fors va turkiy tillaridagi asarlar saqlanmoqda.

       Vosiliy 1979 yilda vafot etgan. U yashagan ko’cha hozirda Maxdum Vosiliy nomiga qo’yilgan.

MAXDUM VOSILIY VA MA’NAVIY MEROS MARKAZI

 

Post Author: admin