Ma’rifatparvar shoira Samar Bonu ijodi keng o’rganilmoqda

    Marhamat tumanidagi 5-son bolalar musiqa va san'at maktabida "Samar Bonu she'riyati: o'zbek adabiyotining yorqin sahifasi" deb nomlangan adabiy, ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.

Ma'rifatparvar shoira Samar Bonu tavalludining 180 yilligiga bag'ishlab Marhamat tumani hokimligi, xotin-qizlar qo'mitasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi, "Turon" o'quv markazi hamda "Iqbol" gazetasi tahririyati hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, shoiraning avlodlari, yosh ijodkorlar, adabiyot va she'riyat ixlosmandlari, shuningdek, qo'shni Farg'ona va O'sh viloyatlaridan mehmonlar ishtirok etdi.

Biz bilamizki, XIX asr o'zbek adabiyotining vakilasi Samar Bonu O'shda tug'ilgan. Marhamat tumanining O'qchi qishlog'ida yashab, ijod qilgan. o'zining go'zal g'azallarini jamlab, devon tuzgan.

Keyingi yillarda shoiraning hayoti va ijodini o'rganish, keng targ'ib etish, shu orqali yoshlarning adabiyotga, she'riyatga bo'lgan qiziqishlarini oshirish, shoira haqidagi bilimlarni boyitish borasida qator ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Xurshida Qo'chqorova, yozuvchi Sohibaxon Hoshimova, Andijon davlat universiteti dotsentlari Lazokat Jalolova, Dildora Abdullayeva, O'shlik shoira Farida Abduraimova, "Turon" o'quv markazi rahbari O. Husanov adabiyotga, ijod ahliga ko'rsatilayotgan e'tibor,  shoira hayoti va ijodining o'ziga xos qirralari, tadbirning maqsad va ahamiyati xususida gapirdilar.

24-,25-umumta'lim maktablari o'quvchilari tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, o'qilgan she'rlar, sahna ko'rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Tadbir doirasida havaskor shaxmatchilar o'rtasida turnir o'tkazilib, yosh musavvirlarning ijodiy ishlari ko'rgazmasi tashkil etildi.

Yakunda bir guruh faol ishtirokchilar hamda shaxmat turniri g'oliblari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandilar.

Tadbir shoira Samar Bonu ijodini o'rganish, targ'ib etish bilan birga, yoshlarning adabiyotga, she'riyatga, kitob mutolaasiga bo'lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.

Post Author: admin