Alitepa

Alitepa ziyoratgohi

Alitepa ziyoratgohi Marhamat tumani Qorabog’ish qishlog’i  Alitepa maxallasi xududida joylashgan. Ushbu ziyoratgoh shu yerlik Isaqjon xoji Xo’jaev tomonidan obdonlashtirilib, ziyoratchilar dam olishlari uchun imkoniyatlar yaratib qo’yilgan. Shunindek, ushbu ziyoratgohda mo’’jazgina muzey tashkil etilgan bo’lib, u yerdan Mingtepa tarixidan so’zlovchi noyob topilmalar joylashtirilgan.

Ushbu muqaddas joyni eramizdan avvalgi VI-V va eramizning IV-V asrlargida hukm surgan Dovon (Davan) davlatining poytaxti Ershi shaxri xarobalaridan biri, degan taxminlar mavjud.

Alitepa yodgorligi o’zining topografiyasiga ko’ra, Mingtepa tizimiga kiruvchi yuzlab tepaliklaridan biri bo’lib, Ershi shahri tarkibidagi katta ahamiyatga ega bo’lgan qadimgi arkdir. Tarixiy voqealar ta’sirida Mingtepa xarobalari kabi bu inshoat  ham qulab tepalikka aylangan. Uning balandligi 39 metrni tashkil qiladi. Arxeolog olimlar tomonidan hozircha o’rganilmagan. Davlat ro’yxatiga olingan. U joylashgan Qorabog’ish qishlog’idagi mahallaga Alitepa nomi berilgan. Qadimshunos olim akademik Ahmadali Asqarovning fikricha, Alitepa hukumdor turadigan Arki a’lo bo’lib, atrofi hunarmandlar yashaydigan shahristondan iborat bo’lgan. Taniqli arxeolog olim Yu.A.Zadneprovskiy tahminicha, Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” nomli romanida tasvirlangan yer osti yashirin yo’li qadimgi Dovon davlatining paytaxti hisoblangan Ershi shahrining ichki qal’asi bilan Alitepani bog’lagan bo’lishi kerak.

Tepalik poyida qadimiy chashma buloq bor. Mahmudxon Maxdum (Mahmud Hasaniy taxallusi bilan ham ijod qiladi) o’zining “Amir Temur shamshirsozlari” asarida ushbu buloqni quyidagicha tasvirlaydi: “…chashmaning kengligi kichikroq bir hovuzcha miqdorida bo’lib, tagidan suvlar pufak-pufakcha bo’lib otilib chiqib turadi va ariq 6o’lib oqib, uzoqqa ketadi. Yezda suvi muzdakkina qishda esa muzlamaydi”. Uch ming yillik tarixga ega bo’lgan ushbu buloqni hech kim shoirchalik ta’riflay olmasa kerak.

Marhamat bag’rida bordur bir makon,

Bu makonda bir buloq oqqay ravon

Chin Alitepa yonida bu buloq,

Ming asrlar qa’riga go’yo chiroq.

Bu buloqdan kecha-kunduz suv ravon,

Har kishining qalbiga oromi jon.

Chun Isoqjon xoji aylab ehtirom,

Bu buloq qoshida bo’lgay subxu shom.

Tunu kun atrofini obod qilur,

Anga kelganlar dilini shod qilur.

Bu buloqdur el uchun Haq ne’mati,

Haq anga qo’ymish ajoyib xislati.

Doriyu darmon emish bemor uchun,

Har xil illatdin dili abgor uchun.

Podshohlarkim, yuvibon yuzini,

Haqqa aytgandur tashakkur so’zini.

Tegrasida ko’p musaffodur havo,

Tomchisida dard uchun qushlug’ davo”.

Mahmudxon Maxdumning she’rida tasvirlanganidek, Alitepa yodgorligi poyidagi jonga orom beruvchi shifobaxsh buloqni va uning atrofini Isoqjon xoji Xo’jaev tomonidan obodonlashtirilib, sayyohlarga, ziyoratchilarga dillarini xushnud etuvchi, dunyoqarashlarini kengaytiruvchi, ruhini baquvvat qiluvchi sharoit yaratib qo’yibdi. Mingtepa tarixidan so’zlovchi mo’’jazgina muzey aziz insonlardan O’roq eshonga, otasiga va mustaqil O’zbekistonimiz uchun xizmat davrida halok bo’lgan Alitepalik uchuvchi Sotqulovga ramziy qabrlar o’rnatilgan maqbara va choyxona quribdi.