Jingirtepa (Jung’ortepa)

Jingirtepa Marhamat tumani tarixidan so’zlovchi Mingtepa arxeologik yodgorligi ichida joylashgan bo’lib, ushbu tepalik to’g’risida xalq orasida turli rivoyatlar, afsonalar mavjud.

Marxamat markazidan besh, olti chaqirim narida adirliklar boshlangan joyda bir tepalik bor. Yoshligimizda bu tepaning ustiga chiqib tepganimizda jiringlagan ovoz kelib hammamizni hayratga solar edi. Bugungi kunda ham bu tepadagi mo’jizali ovoz bor. Tepaning ustiga chiqib qaralsa Mingtepa harobalari ham tuman markazi ham kaftdek ko’rinib turadi.

Rivoyatlarga qaraganda Chindan kelgan bosqinchilar shu tepagacha yetib kelgan ekanlar. Shu tepadan turib «Ershi» qal’asini kuzatishdan nariga o’ta olmagan deyiladi. Bir necha vaqt bu tepa jung’orlar kelgan tepa nomi bilan ham yuritilgan ekan. Bu to’g’risida Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar xamlasi» nomli tarixiy romanida, Obidjon Maxmudovning «Zulmatga qarshi isyon» tarixiy qissasida ma’lumotlar berilgan.

Ne-ne tarixlarni guvohi bo’lgan bu tepa bugun ham savlat to’kib turibdi.

 

Jung’ortepa

Ma’lumki, tarixiy arxeologik tepaliklar, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlar, shuningdek, shifobaxsh qaynar buloqlar yurti bo’lmish ko’hna Mingtepani bugun butun dunyo, eng muhimi tarixchilar, arxeologlar, etnograflar, shoiru yozuvchilar, xullaski keng jamoatchilik yaxshi biladi.

Mana shu ichki va tashqi shahristondan iborat Mingtepa qal’a yodgorligining atrofida joylashgan eng muhim arxeologik ob’ektlardan biri bu so’zsiz Jung’ortepadir. Qadimgi Xitoy yozma manbalarida, shuningdek, rus xitoyshunos olimlarining tarixiy asarlarida va zamonaviy internet sahifalarida tilga olingan ushbu tepalik Mingtepa tarixini o’rganishda, u bilan bog’liq boshqa voqea – xodisalar jarayonini tadkiq etishda muhim ilmiy-tarixiy ma’lumotlar berishi bilan qimmatlidir.

“Jung’or” so’zi aslida turkiy – mo’g’ul tilida “so’l”, “chap” degan ma’noni anglatadi, Shu bois, “Jung’ortepa” so’zining ma’nosi Ershi (Mingtepa) ga nisbatan janubiy – sharqda bo’lganligi bois, “So’ltepa” yoki “Chap tomondagi tepalik”dir. Sababi tumanimizning Qorabog’ish QFY, Chilon MFY hududida joylashgan va mahalliy aholi tilida Jingirtepa deya atalib kelingan ushbu tabiiy-arxeologik yodgorlik Mingtepa tashqi shahristoni (300 gektardan ziyod)ning yuqori janubiy  qismidan o’tgan “Ipak yo’lining” shundoqqina “elkasi”da turgan bo’lib, u dengiz sathidan qariyb 500 metr balandlikda, ya’ni Ulug’tog’ yon bag’ridagi “Yomonqiya” adirligining etagida joylashgan. Qadim Ershi xabarchi tepaliklarining eng muhim ob’ekti bo’lib, u Qorovultepa, Banditepa, Qo’ychi Xalfa, Chilon tepa, Toshtepa, Munchoqtepa va Dadaboytepa adirlik tizmasida joylashgandir. Yuqorida tilga olingan manbalar va shuningdek, hamyurtimiz, taniqli adib, iqtisod fanlari doktori Mannop (Abdumannob) Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” (“Moskva”, 1984 y) tarixiy romanida yozilganidek, ushbu tepalik qadimda Ershi qo’mondonining qarorgohi (kuzatish minorasi bo’lib, miloddan avvalgi IV-III va milodiy IV asrlar) bo’lgan. Sababi, Jung’ortepada turgan qorovulboshi Ulug’tog’dan berilgan ogohlantiruvchi qora tutundan O’sh-Selat yo’li orqali kelayotgan karvon yoki dushmandan shundoqqina 500-600 metr masofada joylashgan Ershi tashqi mudofaa devori qo’riqchilarini xabardor qilib turgan. Jung’ortepadan turib atrofni kuzatgan odamga sharqdan Chilustuntog’i, janubdan Ulug’ tog’, shimoldan Kulla-Andijon va g’arbdan Polvontosh-Quva adirliklari bilan o’ralgan, “Vodiy ichidagi vodiycha” bo’lmish Mingtepa kengliklari kaftdek ko’zga tashlanadi. Yana bir muhim tomoni shundaki, pastdan turib kuzatgan odam Toshtepa va Jung’ortepani bamisoli ikki o’rkachli tuya ko’rinishida ekaniga ishonch hosil qiladi.

Ilmiy manbalardan ma’lumki, o’tgan asrning 50-60 yillarida bir guruh rus arxeolog olimlari M.E.Masson, A.N,Bernshtam, Yu.A.Zadneprovskiy, N.G.Gorbunova va boshqalar Mingtepani o’rganish chog’ida Jung’ortepada ham arxeologik qazish ishlarini bir muddat olib borganlar. Mahalliy aholi bu tepalikni “Jingirtepa” deb atashlarining boisi shuki, tarixiy rivoyatlarda aytilishicha, tepalikning uchiga chiqib oyoq bilan tepilganda go’yoki jiringlagan ovoz eshitilar emish. Ya’ni-kim tepalik ichi g’ordan iborat bo’lib, uning ostidan shovullagan daryo o’tganmish. Bundan tashqari “Xitoyliklar bir davrlar ko’mib ketgan oltin xazina bor” emish. Bu gaplar xalqimizning og’zida yurgan, hali biron-bir ilmiy -tarixiy isbotini topmagan rivoyatlardir, albatta. Ushbu tarixiy ahamiyatga molik arxeologik yodgorlik ham boshqa yuzlab tepaliklar qatori muhofazaga olingan.

Ushbu manzilga olib boruvchi Chilon mahallasining asosiy katta ko’chasi ham Jingirtepa nomi bilan ataladi. Bir narsa aniqki, Mingtepa tarixi bilan bog’liq antik (qadimiy) davr silsilalariga oydinlik kiritishda Jung’ortepa o’ziga xos tarixiy – arxeologik manba bo’lib xizmat qilishiga shak-shubha yo’q. Zero, olis moziy izlarini o’rganish va o’tmishi buyuk yurtimiz boqiy qadriyatlarini kelajak avlodga yetkazishda ushbu yodgorlikning ahamiyati beqiyosdir.

Kelgusida bu tarixiy manzillarni obod qilish eng muhimi, ziyoratgoh joylarga aylantirish, eko va madaniy turizm ob’ekti sifatida bir qator amaliy ishlarni ro’yobga chiqarish barchamizning ezgu amallarimiz bo’lmog’i kerak.

Obidjon Mahmud Dovoniy,

“Oq oltin” gazetasi, 2016 yil 17 sentyabr.

Post Author: admin