Ho’ja Bosmon Ota

Ho’ja Bosmon ota ziyoratgohi

Mustaqillik O’zbekistonning haqiqiy va chin yangi tarixini tiklash uchun imkon yaratdi. Xalqimizning boy tarixini tiklashda milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizning o’rni katta. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, xalq an’analarini va urflarini asrlar davomida o’zida saqlab kelayotgan maskanlar-tabarruk qadamjoylar, ziyoratgohlardir. Marhamat tumani o’zining qadimiy yodgorliklari, ziyoratgohlari, shifobaxsh buloqlari kabi tarixiy makonlariga boy xudud hisoblanadi. Hozirgi kunda O’zbekiston tarixini ilk debochalaridan biri hisoblanayotgan Mingtepa arxeologiya yodgorligiga hamohang tarzda e’tiborga olinayotgan ziyoratgohlar bizning tumanimizda bir necha o’nlab topilmoqda. Ushbu muqaddas ziyoratgohlardan biri Xo’jabosmon ota ziyoratgohi bo’lib, ushbu tabarruk maskan tarixning ko’plab silsilalaridan so’zlaydi. Ziyoratgoh hozirgi Marhamat tumanining Xo’jaariq maxallasi xududida joylashgan. Xo’jabosmon ota ziyoratgohi tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, bu yerlar o’rta asrlarda to’qayzorlar bo’lgan. Keyinchalik axoli sekin asta to’qayzorlarni o’zlashtirib, yashash makonlariga aylantirganlar.

Xo’jabosmon ota ziyoratgohi muqaddas maskan sifatida axoli tomonidan uzoq vaqtlardan buyon e’zozlab kelingan. Ziyoratchilar tomonidan ziyoratgohda joylashgan Xo’jabosmon ota qabristoni ziyorat qilinib, Xo’jabosmon ota haqqiga qur’on tilovat qilingan. Bu yerga kelgan kishilar ziyorat qilish bilan birga mushkullarini oson qilish, niyatlarini ijobat bo’lishini tilab, yaratgandan madad so’raganlar va albatta, niyatlari amalga oshishida shu makonda o’tgan aziz avliyoning ruxi qo’llashiga ishonganlar.

Xo’jabosmon ota ziyoratgohi bilan bog’liq bo’lgan sirli voqealarni

xo’jaariqlik keksalar ko’p eslashadi. Ularning aytishicha:

O’tgan asrning o’rtalarida jamoa xo’jaligi radio uzelidan axoliga sel olish havfi borligini, ko’chirishga tayyor turishlikni, kechasi uxlab qolmaslikni ogohlantirar ekanlar. Shunda qariyalar bolalarga “Qo’rqmanglar, bizni seldan va boshqa balolardan Xo’jabosmon ota saqlaydi,” deb tinchlantirar ekanlar. Shunday kunlarda ko’pincha bolalar ko’chalarga chiqishib Xo’jabosmon ota ziyoratgohi tomonga qarashib kuzatishar ekanlar. Shunda ular ziyoratggoh ustidagi osmonda g’aroyib xodisalarning guvohi bo’lar ekanlar:  qalin qora bulutlar momoguldirak va chaqmoqlari bilan xuddi ikki bshli ajdarhoga o’xshab qo’rqinchli dag’dag’asi bilan og’zilaridan o’t purkaganday  kelar ekan. Shu zohati xuddi kimdir qilich bilan  bu maxluqning ikkala boshini ikki tomonga ajiratib yuborganday tuyular ekan. Qora bulut ikkiga ajiralib yarimi Ulug’tog’ga, yarimi Asaka tomonga bo’linib ketar ekan. Ertasiga Marhamat va Asaka tomonlarni sel olibdi degan habar tarqalar ekan.

Shu o’rinda O’qchi qishlag’i Chek mahallasida yashagan Nuriddin buva Razzoqovni (joylari jannatda bo’lsin) qiziqarli hikoyasini eslash o’rinli. Uning aytishicha Xo’jabosmon ota tomondan kelayotan qora bulutlar Mirishkor ota ziyoratgohiga kelganda yana orqaga qo’rqinchli chaqmoqlari bilan qaytar, Xo’jabosmon otaga kelganda yanada  daxshatliroq tus olib orqaga yana qaytar ekan. U bu xolatni ko’p marotaba kuzatanganligini yiirma yillarcha avval hikoya qilib beran edi. Bu xodisani qariyalar ikkala ziyoratgoh bir birlari bilan otishyapti deb baholar edilar.

Yana bir voqea: xo’jaariqlik Anorboy buva Boybo’taevning (Olloh ruxini shod etsin) aytishicha o’tgan asrning elliginchi yillari mahalla oqsqollari ziyorat uchun Xo’jabosmon ota ziyoratgohiga jo’nayotgan payitda Qo’qondan  islom ilmining yetuk bilimdoni Minavvar eshon kelib qoladi. Oqsoqollar ziyoratgohga ketayotganliklarini aytadilar. Mehmonni ham eiyoratgohga taklif etadilar. Minavvar eshonni so’rida qoldirishib, mahalla oqsoqollari xizmatga turadilar. Shunda Anorboy buva choy olib kelganida mehmon bir o’zi ovoz chiqarib kim bilandir gaplashib o’tirganini guvohi bo’ladi. Lekin so’rida mehmondan boshqa xech kim yo’q edi. Anorboy buva bu g’aroyib suhbatni  bo’lmaydi. Qo’y so’yilib, ovqat pishirilib, dasturxon tuzalib hamma yig’ilganda mehmon bo’lgan xodisani gapirib beradi. Uning aytishicha Xo’jabosmon ota xozir ekan. Mehmon bu ulug’ zot bilan suhbatlashganini aytadi. Bu suhbatdan o’sha davrda ziyoratgoh qarovsiz bo’lib qolanligi, bundan Xo’jabosmon ota aziyat chekayotani va natijada axoli o’rtasida xar xil kasalliklar ko’payib ketanligidan tashvishda ekanligi  ma’lum bo’ladi. Bu va bunga o’xshash biz uchun sirli bo’lgan voqealarni o’tgan yili vafot etgan Yaxyo aka Turdiboev ko’p takrorlashdan charchamas edi.

Bunday g’ayri oddiy misollarni ko’p keltirish mumkin edi. Lekin bunga o’xshash bizning aqlimizga sig’maydigan, ammo o’z qonuniyatiga bo’ysunib amalga oshadigan voqealarga ko’pchiligimiz ishonmaymiz. To’g’rida, qiylanib bu xodisalar sababini o’rganishdan ishonmay qo’yish osonroq emasmi?! Qarang, shu yerda ham ishyoqmaslik ustun keldi-ya. Yanada ishonchsizlikni oshirmaslik uchun Xo’jabosmon ota ziyoratgohi bilan bog’liq bo’lgan boshqa voqealarga to’xtalmaslikni lozim topdik.

Xo’jabosmon ota ziyoratgohida shifobaxsh buloqlar haqida gapirib berish esimdan chiqayozidi. Bu buloqlardan insonlar turli dardlarga shifo topish maqsadida foydalanganlar. Shu yerlik axoli vakillaridan biri Ismoilova Nishon opaning aytishicha ziyoratgohda uchta shifobaxsh buloq bo’lib, birinchisi qo’tir buloq, ya’ni qo’tir yarasi toshgan insonlar shu buloq suvidan ichsa yoki yara joylarni yuvsa shifo topgan ekan. Ikkinchi buloq-quloq buloq bo’lib, qulog’i og’rigan bemorlar ushbu suvda qulog’ini yuvsa tuzalib ketgan ekan. Uchinchi buloq  haqida axoli  vakillari shunday fikr bildiradilar. Bu buloqning nomi  farzand buloq bo’lib, farzandi yo’q insonlar ushbu ziyoratgohni ziyorat qilib, buloq suvlaridan ichib, yuz-qo’llarini yuvsa farzandlik bo’lishgan degan fikrlarni bildiradilar.

Hozirgi kunda davlatimiz va muxtaram Prezidentimiz tomonidan turizmga katta e’tibor berilmoqda.  Shu o’rinda aytish kerakki, Marhamat tumani o’zining deyarli 2,5 ming yillik tarixga ega Mingtepa arxeologik yodgorligi va yuqorida tilga olingan bir necha o’nlab ziyoratgohlar va buloqlariga ega makon sifatida  turizmning qaynoq nuqtasiga aylanishiga asos bo’la oladi.

 

Sh.Husanova, “Oq oltin” gazetasi, 2017 yil 19 mart.

Post Author: admin