Go’zal Ota

Go’zal ota ziyoratgohi

Go’zal ota ziyoratgohi Marhamat tumani Qoraqo’rg’on qishlog’ining G’urrak mahallasi xududidagi qabristonda joylashgan bo’lib, ushbu ziyoratgohni xalq orasida tabarruk maskan sifatida, ya’ni ko’zi og’riganlar uchun shifo topguvchi joy deb e’zozlanadi.

Mazkur ziyoratgoh to’g’risida Obidjon Mahmudov shunday yozadi:

“Qishloq axolisining og’zaki ma’lumotlari bo’yicha qaralganda, azizlardan biri eng birinchi bo’lib shu yerga dafn  etilgan. Go’zal ota  to’g’risida yana quyidagi fikr bor: Qoraqo’rg’ondagi katta qabriston “Oq mozor”, Go’zal ota qabristoni va Tayit mahalla qabristoniga qo’yilgan, ya’ni birinchi dafn etilganlar 3 ta aka-uka bo’lgan ekanlar. Hozir Go’zal ota qabristoni ichida o’tmishda tepalik bo’lgan joy o’rni bor. Pasayib, tekis bo’lib qolishga yetgan bu joyda qabr bor. Qabr ustiga g’ishtdan kichikroq ko’rinishda dahma qilingan. U avval hom g’ishtdan qurilgan bo’lgan. Mahalla ahli pishiq g’ishtdan boshqatdan ta’mirlab qo’yishgan, ta’mirlanganiga ham 15 yillarcha vaqt bo’lgan hozir.

Go’zal ota kim? Bu haqida surishtirish olib borganimizda, afsuski, bu xududda yoshi ulug’ insonlar hayotdan ko’z yumib ketgan va asosan yoshlar qolgan. Endi bir manba eshitganimni yozaman: 1982-1983 yillar chamasida (otam Kattabek hoji Davronov) otamga O’qchi qishlog’i markazida bir ayol va o’spirin o’g’li uchrab qolib, Go’zal ota qabristonini so’raganlar. Otam ularni o’zi bilan birga mahallamizga olib kelib, bizga qo’shni mahalla bo’lgan G’urrak mahalla yo’liga solib qo’ygan. Otam yo’lda u ayoldan qaerdan kelayotganliklarini va bu qabristonni qaerdan bilishlarini so’raganida ayol shunday javob bergan: “O’g’limni ko’zi og’rib qoldi. Doktorlarga olib bordim. Hech yaxshi bo’lmadi. Biz  Qo’rg’ontepalikmiz.  Qo’rg’ontepada juda o’tkir bilimli domla bor. Unga uchradik. U domla bizga kitobini varaqlab-varaqlab turib, Marhamatda Go’zal ota degan mozor bor, shu yerni ziyorat qilinglar,  deb aytdi. Go’zal ota qabristoni mahalliy aholini e’tiqod qilishicha, asosan og’rigan ko’zlarga em bo’ladi, kim chin dildan ixlos qilsa og’rigan ko’zi shifo topadi.

Mahalliy aholining rivoyat qilishicha, Qaraqo’rg’ondagi mozorning tarixi 700 yillarni o’z ichiga oladi. Agar Oq mozor ota qabristoniga 700 yillar bo’lsa, Go’zal ota qabristoni yoshi undan ulug’roq bo’lgan, aytishlaricha Go’zal ota unga “aka” bo’lgan. Eng kichigi Tayit mahalla qabristoni bo’lgan. To’rt asrni o’z ichiga olsa kerak. Sababi shuki katta bobom, ya’ni mulla Davronning otasi ham Tayit mozoriga birinchi kim dafn etilganligini bilmagan ekan. Go’zal ota qabristoni og’riq ko’zlarga shifo bo’lishligini O’sh, Jalalquduk, Qashqadaryo tomonlar hatto Qashqar tomondagilar ham bilishar va kelib ziyorat qilishar ekan”.

“O’zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari” (Andijon va Namangan viloyatlari) kitobidan foydalanildi. Toshkent, “Turon Zamin Ziyo”, 2014 y

Post Author: admin