Farg’onaning samoviy otlari

Farg’onaning samoviy otlari

O’rta Osiyoda tadqiqotchilarning taxmin qilishlaricha, otlarning yengil va og’ir qurolli suvoriylar uchun yaroqli bo’lgan turli zotlarini yetishtirish bo’yicha naslchilik ishlari miloddan avvalgi 2 ming yillikdayoq boshlangan. Birinchi mingyillikning dastlabki asrlarida bu faoliyat o’z natijalarini bera boshlagan. Chopqir otlarni yetishtirish bilan o’sha davrda asosan, Midiya va O’rta Osiyoda shug’ullanganlar, chunki bu yerlarda otliq qo’shin g’ildirakli aravalarning o’rnini egallab, armiyada asosiy bo’linma bo’lib qolgan edi.

Qadimgi davrdan Rimdan Xitoygacha bo’lgan mamlakatlarda O’rta Osiyoning «saman otlari» tengi yo’q hisoblangan. Bu otlar hozirgi axaltekin, qorabayir, laqay nomli otlarning ajdodlari edi. Qadimgi manbalarda «g’ayritabiiy mavjudotlar», «ilohiy otlar», «osmon otlari» deb atalgan O’rta Osiyo otlarining shon-shuhrati aynan miloddan avvalgi 1 mingyillikka borib taqaladi. Bunday otlarni yetishtirishda Parfiya, Baqtriya, Farg’ona, Choch (Toshkent vohasi) yilqichi-naslchilari dong chiqargan edilar. Otlar hattoki o’zaro urushlarga, bosqinchilik yurishlarga ham sabab bo’lgan. Xususan, miloddan avvalgi 104 va 101 yillarida Xitoyning Xan imperiyasi qo’shinlarining qadimgi Farg’ona (Dayyuan)ga qilgan harbiy yurishiga ham otlar sabab bo’lgan.

 

Elchining o’z imperatoriga bergan muhim ma’lumoti

Xitoy G’arbiy Xan imperiyasining hukmdori U-di (mil.av. 140–85 y.y.) atrofdagi qabilalarni o’ziga itoat ettirib, ularning yerlari hisobidan Xitoy hududini kengaytirmoqchi bo’lgan. Ammo o’sha davrdagi xun hoqonligi ushbu maqsadni amalga oshirishda to’siq bo’layotgan edi. Qolaversa, U-dining o’zi ham xunlarni tor-mor keltirib, ularning nazorati ostidagi yerlarni va boyliklarni tortib olishni juda istar edi. Biroq xunlarga qarshi olib borgan urushlari natija bermagach, U-di masalaga boshqacha yondashgan. U ilgari xunlardan aziyat chekayotgan xalqlarni birlashtirib, harbiy ittifoq tuzishni maqsad qildi. Shunday xalqlardan biri Xitoy manbalarida «Day-ruzie» deb nomlangan yuechjilar bo’lib, miloddan avvalgi 175-176 yillari xunlar yuechjilarning hukmdorini o’ldirgan va bu xalq hozirgi O’zbekiston va Afg’oniston hududiga ko’chib ketishga majbur bo’lgan. Yuechjilar miloddan avvalgi 130 yillari Markaziy Osiyoda yirik imperiya, ya’ni Kushonlar imperiyasiga asos solgan. Xan hukmdori U-di aynan shu xalqni xunlarga qarshi kurashda yagona ittifoqchi bo’ladi, degan umidda garchi uzoqda bo’lsa-da, o’z elchisi Chjang Chyanni (miloddan avvalgi 139 yilda) yuborgan.

Chjang Chyan Xitoydan Kushonlar imperiyasiga yetib kelish uchun 10 yil vaqt sarflagan, bu yo’lda unga xunlar qattiq qarshilik qilgan. Ammo kushonlar U-dining harbiy ittifoq bo’lish taklifini rad etgan. Chunki kushonlar «hozir yashab turgan hududini tabiiy jihatdan qulay va yaylovlari ko’pligi bilan» yaxshi ko’rib qolgan edi. Chjang Chyan o’z vazifasini amalga oshirolmagach, Markaziy Osiyo xalqlari haqida, jumladan, qadimgi Farg’ona davlati va bu yerdagi xitoylarga ma’lum bo’lmagan samoviy otlar haqida ma’lumot, beda urug’i, anor, uzum kabi meva va turli o’simliklardan olib, Xitoyga qaytadi. Ayniqsa u U-diga Xitoy uchun zotli tezchopar otlar borligini alohida ta’kidlaydi. Bu ma’lumot U-di uchun muhim edi.

Xitoy otlari farg’ona otlariga teng kelmas edi

Xitoydagi otlar jussasi kichik, oyoqlari kalta, tez chopa olmas edi. Xitoydan g’arbda joylashgan Usuan davlatidagi otlar garchi Xitoydagi otlarga nisbatan baquvvat bo’lsa-da, ammo Farg’ona otlariga teng kelmasdi. Elchi Chjang Chyan esdaligida Farg’ona (Dayyuan) otlari haqida quyidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan: «Aytishlariga qaraganda, bu otlar Tangri otlarining avlodi ekan. Farg’ona davlatida baland tog’ bor ekan, unda tutib bo’lmaydigan ot bo’lgan ekan. Rangdor bir otni shu tog’ etagiga boylab qo’yib, undan nasl olishgan ekan. Tug’ilganda badanidan qonsimon ter chiqib turgan ekan. Shu bois uni Tangri otining bolasi deb atashgan ekan».

Chjang Chyan Xan imperatori U-diga birinchi marta tulpor otlar to’g’risida so’zlab berganida, imperator elchilar orqali 1000 jing (hozirgi hisobda 500 kg) oltin va oltindan yasalgan ot haykali yuborib, Farg’ona hukmdori (vang)dan bular evaziga zotli otlardan berishni so’ragan. Biroq Farg’ona hukmdori Mugua ko’p sonli Xan qo’shinlari uzoqdan yetib kelolmaydi, deb o’ylab, bunga rozi bo’lmagan va bebaho otlarini bermagan. Bundan jahli chiqqan U-dining elchisi Che Lin Farg’ona hukmdorini haqorat qilgan va oqibatda Farg’ona hukmdori Mugua uni o’ldirib yuboradi. Buni eshitgan U-dining jahli chiqadi va mil. avv. 104 yili Li Guangli ismli sarkardani harbiy qo’shinga qo’mondon etib tayinlab, Farg’onaga hujum qilishga, Ershidagi otlarni olib kelishga yuborgan. [Li Guangli] bir necha o’n ming odam bilan uning [Farg’ona] zaminiga yetib borib, avvaliga Yivecheng (hozirgi O’zgan shahri)ni zabt etmoqchi bo’lgan, lekin uni ololmay orqaga qaytgan. Dunxuangga yetib kelganlar soni atigi 12 kishini tashkil qilgan. Uning bu ishni eplolmaganligidan imperator qattiq xafa bo’lib, ularni Yuymen [chegara] darvozasidan o’tishga ijozat bermagan. Shundan keyin qo’mondon Li Guanli Dunxuangda turib qolgan. Ikkinchi marta unga qo’shimcha harbiy qism¬ni yuborgan. Li Guangli 60 ming kishilik qo’shin bilan Farg’onaga ikkinchi marta hujum qilgan. Ushbu qo’shinga 100 ming qora mol, 30 ming ot, son-sanoqsiz eshak, xachir, tuya qo’shib berilgan. Shu bilan birga, otlarni yaxshi biladigan ikki sinchini topib, ular qo’shindagi otboqarlarga boshliq qilib yuborilgan. Ular Far¬g’onani egallab olishganidan so’ng zotli otlarni tanlab olishlari kerak bo’lardi. Farg’onaga yuborilgan ikkinchi harbiy qo’shin yaxshi qurollangan va son jihatdan ko’p edi. Shu bois, Farg’onaga qadar yo’lni tez bosib o’tdi. O’zgan qal’asini qamal qildi, qamalga vaqt ko’p ketishini hisobga olgan Li Guangli qo’shinning bir qismini Yuan shahriga yubordi. Yuan shahriga kiradigan suv yo’lini to’sib qo’ydilar. Bu shaharga 40 kun davomida hujum qilib, farg’onalik pahlavon Jonbeyni asir olganlar.

Farg’ona zodagonlari o’zaro kengashib, «xanliklar Farg’onaga hujum qilishining asosiy sababi, hukmdorimiz Muguaning tulporlarni yashirib, Xan elchisini o’ldirganligidadir. Agar biz uning o’zini o’ldirib, tulporlarni chiqarib bersak, Xan qo’shinlari qaytib ketadi. Bordi-yu qaytmasa, oxirgi bir tomchi qonimiz qolguncha jang qilamiz», degan fikrga kelib, Muguani o’ldirib, Li Guangli huzuriga elchi yuboradi. O’zganda hali qamal jarayoni ketayotgani va xitoy askarlarining soni va oziq-ovqati oz qolganligi hamda shimolda Qangqiya davlatidan harbiy yordam kelayotgan edi. Shu sababli, Li Guangli farg’onaliklar bilan sulh tuzib, bir necha o’nta zotli tez chopar otlar va 3 mingdan ortiq o’rta hol otlarni tanlab olib, orqaga qaytgan. Xitoyda esa Li Guangli g’alabasi katta tantana bilan nishonlangan. Ayniqsa, samoviy otlarning qo’lga kiritilishi muhim g’alaba hisoblangan.

 

OSMON OTLARIGA BAG’ISHLANGAN QASIDA VA AFSONALAR

Xitoyda Farg’onaning samoviy otlari haqida ko’plab asarlar, she’rlar va afsonalar to’qilgan. Jumladan, «Xannoma» («Xan sulolasi tarixi») asarida «Nag’ma – navo tazkirasi»da quyidagi she’rlar berilgan:

«Tangrining rahmatiga ming tashakkur,
Ko’kdan xosiyatli «tulpor» tushibdi.
Qip-qizil so’laklari chiqib og’zidan,
Butun badani terga cho’mibdi.
Favqulodda uning irodasi,
ruhi uning nihoyatda yuksakdadup.
Kezib osmondagi bulutlarni,
xira quyosh nurida shoshiladup.
Uning tani salgina jimjimador,
uzun o’tmay tuman yo’llardan oshar.
Ajdarholar unga hamroh bo’lishar,
kim unga endilikda tenglasharlap».
Mazkur qo’shiq Xan U-di Yuanshuning uchinchi yili (mil.av.120 yili) Uva daryosida tulporlarning paydo bo’lishi bilan yozilgan.
Keldi tulpor
yiroq g’arb yurtidan,
cho’l-biyobonlar kezib,
yotlarning bay’atidan
namoyon qilib.

Keldi «tulpor»,
bulog’i bor joylardan.
yolining rangi yo’lbarsga,
mijozi baayni o’xshar jinlarga.

Keldi «tulpor»,
bepoyon cho’llardan o’tib.
Minglarcha yo’llardan kezib,
Sharqqa axir keldi yetib.

Keldi «tulpor»,
roppa-rosa baliq yilida,
davom qilib yiroq safarin,
cheksiz masofa hamon oldida.

Keldi «tulpor»,
qarshi olib ochilar saroy darvozasi,
minib men uning ustiga,
boraman Qo’pumdagi valiylar makoniga.

Keldi «tulpor»,
ko’p o’tmay valiy ajdar so’zsiz kelar,
biz bilan Arshi a’loga sayohat qilur,
Tangri turgan qosh supaga birga bopup».

Xitoy manbalarida Farg’ona otlari haqida afsonalar ham to’qilgan: «Farg’onada mamlakat chegarasiga yaqin yerda bir baland tog’ bor. Bu tog’ ustida ushlab bo’lmaydigan ot bor ekan. Rangdor urg’ochi otni ushbu tog’ etagiga joylashtirib, shu otdan bolalatib olishgan ekan. Tug’ilganda toychadan qonsimon ter oqib turgan ekan, shu bois unga Tangri oti (tyanma) deb nom qo’yilgan ekan». Keyingi Xan sulolasi tarixida yozilishicha, Mingdi davrida (milodiy 58-75) farg’onaliklar qonsimon terlovchi ot deb nomlanadigan ot sovg’a qilgan ekan. Farg’ona otlarida uzunligi bir necha santimetr keladigan yumshoq shoxi bor ekan, odam tilini tushunar, ovoz, o’yin va nog’ora tovushlarini farqlay olar ekan. Suy davridagi (589–619) Shyuy tuji nomli asarda yozilishicha, uning Farg’onaning otlari sekin yuradigan va tez chopadigan zotlarga ajratilar ekan. Aksariyat otlarning qulog’i oq, oq rangli va ola-bula rangli otlarning qulog’i ko’pincha qizil, sariq va qizil rangli otlarning quloqlari esa qora bo’lar ekan. Bu otlarni qulog’ining rangidan farqlashar ekan. Ular boshqa otlarga o’xshamas ekan. Farg’onaning «qon terli otlari» deb atalgan bu otlarning bo’yi baland, tanasi baquvvat, lekin ixcham tuzilgan, bo’yni oqqush singari qayrilgan, qirg’iyburun boshli bo’lgan. Ushbu otlarning tasviri Farg’ona qoyatoshlaridagi suratda – Aravon qoyasida, Marhamat yaqinida, Novkat vodiysida va Obishirda, Ayirmachtov tog’ tizmasida tasvirlangan. Qoyalarda tasvirlangan otlarning aksariyati chayir, yag’rini baland, oyoqlari alifdek, mo’’jazgina kallali, uzun ohista egilgan bo’yinli. Bularning bari zotli otlarning o’ziga xos belgilaridir. O’rta Osiyoning bu jangovar otlari faqatgina o’z egasini tan olar, tuyoqlari va tishlarini ishga solgan holda egasi qatori jang qilar edi. Manbalarda bunday otlar yarador suvoriyni o’ldirmoqchi bo’lgan yoki uning qurol-yarog’larini olmoqchi bo’lgan dushmanlarni daf qilgani haqida hikoya qiluvchi ko’plab misollar keltirilgan. Bu hol jangda nafaqat inson, balki u bilan yonma-yon jang qilayotgan sadoqatli yo’ldosh – otlarning ham o’rni beqiyos bo’lganligidan dalolat beradi.

Sherali Qo’ldoshev,
O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi.

Manba: old.mv-vatanparvar.uz

Post Author: admin