Ershilik ayollar qanday bo’lishgan?

Muhtaram birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov o’zining “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish-eng oliy saodatdir” nomli kitobida  “Tarixdan ibrat olib yashash, tarix haqiqatlarini bilish kishiga quvvat beradi, uni hayot haqiqati bilan qurollantiradi” deb, Vatanimiz tarixining ildizlariga, o’zining xolisona yechimini kutayotgan dolzarb tarixiy izlanishlarga e’tibor qaratish zarurligini ko’rsatib o’tdilar. Bizning Marxamat tumanimiz ham juda boy tarixga ega. Tumanimiz markazida joylashgan Mingtepa arxeologik yodgorligi ostida yotgan ikki yarim ming yillik tarixga ega makonda hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va  Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi instituti olimlari bilan birgalikda arxeologik tadqiqotlar olib borilayotganligi bugungi kunda ko’pchilikka ma’lum. Arxeologik izlanishlar natijasida bu ko’hna zaminni ikki yarim ming yil avval qadim Dovon davlatining poytaxti bo’lganligini isbotlovchi juda ko’plab osori-atiqalar topilmoqda.

Mingtepa shahar xarobasi mashxur arxeologik olimlar A.N.Bernshtam, Yu.A.Zadneprovskiy, B.X.Matbabaevlarning arxeologik izlanishlari natijasida kelgan xulosalariga binoan Qadimgi Dovon davlatining poytaxti Ershi shahri ekanligi aniqlandi. Arxeolog olim A.N.Bernshtam o’zining xulosalarida “Ershining xitoy transkriptsiyasi shubhasiz Urashtning nomlaridan biri hisoblanadi. Bizning fikrimizcha, u aniq bir joyga joylashgan bo’lishi mumkin, ya’ni Aravon soyi oldidagi Marhamat harobalariga mos keladi, chunki  uning ustida rasm  (samoviy otlar tasvirlangan – Sh.H.) solingan  qoya mavjud. Bunday mahobatli shahar (Xitoy manbalarida tasvirlangani kabi) Quva va O’sh oralig’ida yo’q…  Marhamat harobalari mahobatlidir… Shunday qilib, biz quyidagi hulosaga keldik: Aravon soyi qirg’og’iga joylashgan Marhamat qishlog’idagi harobalar qadimiy Ershi shahrining harobalaridir…” deb ta’kidlagan.

Yuqoridagi ilmiy izlanishlar, arxeologik topilmalar va xulosalar haqida O’zbekiston Fanlar akademiyasi arxeolog olimlari B.X.Matbabaev, B. Abdullaevlar ushbu gazetamizda ko’plab yangi ma’lumotlarni,  fikrlarini bildirganlar.  Yuqoridagilardan kelib chikib aytish mumkinki,  Mingtepa shahar xarobasi vatanimiz tarixida muhim o’rin egallovchi tarixiy yodgorlik hisoblanib, yurtimizning qadim o’tmishi, xatto ta’bir joiz bo’lsa ta’kidlash o’rinliki, ilk insoniyat tarixidan so’zlovchi qadimiy yodgorlik ekanligi ma’lum bo’lmoqda.

            Dovon davlatining poytaxti bo’lgan Ershining tarixiga bir nazar solsak, bu qadimiy poytaxt shaxarga o’sha davrdagi Xanь (ya’ni Xitoy “Sariq ajdar xamlasi” kitobidan) davlati tomonidan eramizdan avval  II asrda ikki marotaba xujum qilingan. O’sha davrda juda ko’p davlatlarni egallashga ulgurgan kuchli Xan (Xitoy) podsholigi ikkala yurishda ham Dovonga kelib mag’lubiyatga uchragan. Eramizdan avval 101 yilda Xitoyning ikkinchi xujumidagi 100 ming  (shundan 60 ming nafari xarbiylar) kishilik qo’shiniga qarshi Ershining 14 ming kishilik himoyachilari 40 kunlik qamalga mardlarcha bardosh berib, natijada o’z yurtini bosqinchilardan saqlab qolganlar. O’sha davrda yashagan ajdodlarimizning matonati, jasorati, mardliklarini ta’riflashga til ojiz. Bizga ma’lumki, Mannop Egamberdiev  “Sariq ajdar hamlasi” kitobida Ershi xalqining bosqinchilarga qarshi qanday mardonavor kurashganligi bayon etilgan. Ayniqsa, Ershi ayollarining jasoratlarini shunday ta’riflaganki, ushbu kitobni o’qisangiz, yuraklaringiz junbushga keladi.  Unda yozilishicha, “Qamalning beshinchi kuni Xitoy sarkardasi Ershini bir hamla bilan olish rejasini tuzadi. Lekin,  bu reja dovonliklar hisobiga xal bo’ladi. Shunda jig’ibiyron bo’lgan Xitoy sarkardasi Li Guan-li qo’lga tushgan asirlarni so’roq qiladi. “Bugungi suvoriylar kim edi?” degan savoliga sotqin Sirtlonbek “Xotinlar” deb javob beradi. Xitoy sarkardalari xayratdan yoqa ushlaydilar. Qo’lga olingan otlarning birini olib kelinganda chiroyli qilib bezatilgan samandagi qon izlari nimqizil rang bulib,  ayol kishiniki ekanligi ma’lum bo’ladi. Shunda asirlardan biri ko’zida yosh bilan “Bu mening ikki oy oldin Ershiga uzatgan qizimning samaniku”, deb baqiradi. “Agar yana bir marta xayotingni qaytarib bersak, nima qilarding?”, “Senlarni o’z qo’lim bilan nimtalab tashlardim.”, deb javob qiladi dovonlik. Sarkarda jahl bilan asirlarni o’ldirishni buyuradi. “Bu dovonliklarni qanday yengish mumkin?”. Jang maydonida bironta ayolning murdasi topilmadi. Sababini so’raganlarida ayollar nafaqat o’zlarini balki, erlarining o’ligini ham jang maydonida qoldirmasliklari ma’lum bo’ladi. “Dovonda o’ttiz yoshdan kichik, ba’zan qirqqa yaqinlashgan ayollar ham jangga kiradi. Emiziklilarigina uyda qoladilar”  Sotqinning javobidan hayratga tushgan tajribali xitoy sarkardasi elchilarning gapini eslaydi: “qizquvdi shunchaki ermak emas, xatto yangi bo’shangan ayollar ham bellarini mahkam sirib, otga minaveradilar. Bizning shenbinlar (xitoy qo’shini shunday atalgan) mustahkam otga o’tira olmaydilar. Bunday suvoriylardan nima kutish mumkin?!“ To’rt haftadan beri jang qilinsa ham dovonliklar taslim bo’lmayotganligi sababini Xitoy sarkardasi tushunib yetadi va Dovonnnig nafaqat erkaklari balki ayollarining jasoratiga ich-ichidan tan beradi.

            Biz sevib tomosha qilgan Xitoy kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan seriallardagi vatanparvarlik  va jasurlik, ayollarining ham erkaklarcha jang maxoratlari -aynan bizning Ershining ayollaridan o’rnak olingan bo’lsa ne ajab?!

Ushbu kitobda yana shunday satrlarni o’qiysiz.  Vatani ozodligi uchun jon fido qilgan o’g’lonlari murdasi ustida turgan onalar ko’zlarida yosh bilan “O’g’lim, men sendan, roziman!… Dovon onalari o’g’illarini o’z yurtimizni, shu muqaddas tuproqni dushmanlardan saqlash uchun tug’adilar”, deb xitob qilgani va turmush o’rtoqlari jang maydonlarida o’lib yotganlarida o’ligini ham dushmanga qoldirishni or bilgan o’sha ayollar  erkakcha kiyinib, jang maydoniga mardonavor kirib, jang qilib, erlarining o’ligini olib chiqqanligi bayon etilgan. Bunday fikrlarni o’qigan har bir o’zbekistonlikning Vatanga bo’lgan mehri yanada ortishi va o’ziga kerakli xulosani chiqarishi tabiiy. Biz ayollar ham shunday matonatli ayollarning avlodi ekanligimizdan faxrlanib ketasan kishi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, qadim Dovon davlatida ayollarga bo’lgan hurmat va ehtirom juda yuqori bo’lgan. Oilada biror muhim masala ko’rilgan vaqtda ayollarning fikrlari inobatga olingan, qadrlangan va albatta bajarilishi shart bo’lgan. Hozirgi kunda mustaqil yurtimizda olib borilayotgan odilona siyosatda ham ayollarga katta e’tibor berilayotganligini ta’kidlash o’rinli. Bu tarix haqiqatlari qadimdan ota-bobolarimizdan bizga meros bo’lib kelayotganligi ayni haqiqatdir.

Xulosa qilib aytganda, qadimiy va yuksak tarixga ega bo’lgan ajdodlarimizdan qolgan madaniy meroslarni o’rganish va bus butunicha kelajak avlodga yetkazish orqali yoshlarimizda, Vatanimizning o’tmishidan xulosa chiqarib, ulardan kerak bo’lsa, o’rnak olib, ajdodlarga munosib farzand bo’lish xissini rivojlantirish zarur. Chunki biz o’tmishi va kelajagi buyuk yurtning egalarimiz!

Sh.Husanova, Xalq deputatlari

Marhamat tuman Kengashi deputati, tarixchi.

Post Author: admin