Boboxuroson Ota

Bobo Xuroson ota ziyoratgohi

       Bobo Xuroson ota ziyoratgohi Marhamat tumanining shu nom bilan ataluvchi qishlog’ida joylashgan. Ushbu ziyoratgoh aholi orasida ‘”Chechak piri” ham deb ataladi. Aytishlaricha, chechak, suvchechak, sachratqi, uchuq kabi teri yaralarini shu joyning suvi bilan yuvib, tuprog’idan bemorga surtib qo’yilsa, tez orada tuzalib ketgan. Shuning uchun bu ziyoratgohni “Chechak piri xurosonlik ota” deb atab kelganlar.

          Ushbu ziyoratgoh haqida Obidjon Maxmudov quyidagilarni bayon etadi;

       “Xo’sh Boboxuroson ota kim? U bu qishloqqa qachon kelgan, qachon va qaerga dafn qilingam, degan haqli savollar hozirgacha aholi orasida yuradi. Bunday savollarga aniq yozib qoldirilgan manba va javob yo’q. Biroq, keksalar o’rtasida og’izdan-og’izga o’tgan turli gaplar yuradi. Emishki, Bobo Xuroson ota Afg’onistonning Xuroson muzofotidan kelgan ekan. O’rta Osiyo muzofotlariga islom dinini targ’ib qilib kelgan. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) avlodlaridan yoki uning sahobalaridan deb taxmin qilishadi. Ayrim taxminchilar Bobo Xuroson otani payg’ambarimizning 28-avlodidan ekan deb ham aytishadi. Ul zotning aniq ismini hech kim hozirgacha bilmaydi. Ba’zi odamlar u kishining ismini Rahimqul ekan, deb gapirishib yurishadi. Bobo Xuroson ota qishloqqa kelganidan so’ng qabristonga joylashib qoladi. Qabristonga qibla tomondagi darvozadan kirgandan keyin chap tomonda tepalik bor. O’sha yerda Bobo Xuroson otaning kulbasi joylashgan ekan. U kishining o’lgan va dafn qilingan vaqti noma’lum. Qabriston o’ramida ikkita maqbara ko’tarilgan. Qabristonning g’arbiy tomonida qiblaga qaragan kichik maqbara va qabristonning o’rta qismida Ulug’ tog’ tarafga qaratilib, Katta maqbara ko’tarilgan,

       Bizga bir narsa aniqki, 1960 yili xarobalashgan katta maqbarani himmati baland shaxs, marxum Qosimxo’ja Vallomatov uning poydevoridan boshlab buzib, qayta ta’mirlashni amalga oshirgan.

       Bu muqaddas joy tumandagi ziyoratgohlarning eng ulug’i deb aytiladi. Qadimda Bobo Xuroson qishlog’i joylashgan xulud qamishzor va keng quruqliklardan iborat bo’lgan ekan. Ko’chmanchi chorvador qabilalar yashagan. O’sha davrdan boshlab qabriston tashkil bo’lib, mayyit qo’yish boshlangan. Mayit qo’yish boshlangan davrga taxminan 800-1000 yil bo’lgan bo’lsa kerak. Sekin-asta ko’chmanchi qabilalar o’troq holiga kelib, kuruq yerlar va qamishzorlar o’zlashtirilib, qishloq holiga keltirilgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko’ra, ushbu qabristonga 1640 yildan boshlab aholi dafn etib kelinadi.

       “Bobo Xuroson ota” qabristoniga qadimda Aravon, O’sh, O’zgand, Jalolobod kabi qo’shni muzofotlardan ham mayyitlar keltarilib ko’milganini keksalar hozir ham gapirib o’tishadi. O’sha yurtlardan qabristonni ziyorat qilish uchun va ajdodlarini xotirlash uchun kelganlardan so’ralganda, “Ota-bobolarimiz shu qabristonga qo’yilgan ekan” deb javob berishadi. Demak, “Bobo Xuroson ota” qabristoni juda qadimiy ekanligi ma’lum bo’ladi.

“O’zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari” (Andijon va Namangan viloyatlari) kitobidan foydalanildi. (Toshkent, “Turon Zamin Ziyo”, 2014 y).

Post Author: admin