Bandimozor Ota

Bandi ota ziyoratgohi

       Bandi ota ziyoratgohi Marhamat tumanining sharqida, Qirg’iziston Respublikasi bilan chegara xududi yaqinida joylashgan Qorabog’ish qishlog’ining Rohat mahallasi hududida joylashgan. Ushbu ziyoratgoh ham uzoq tarixga ega.

       Tarixiy  ma’lumotlarga qaraganda, qorabog’ishlik vafot etganlar mayyiti 1700 yillardan boshlab  bu  yerga qo’yila boshlangan. “Rohat” o’z nomini sobiq sho’rolar hukumati davrida olgan. Shuningdek, “Qadamjoy” mahallasi ham shu xududda joylashgan. Qadim Chilon mahallasi bilan chegaradosh. Ba’zi ma’lumotlarda mahalla aholisi 1898 yilgi Dukchi Eshon qo’zgolonidan keyin ko’chib kelganligi qayd etilgan. Qishloqning janubida, qishloq markazidan 450-700 metr uzoqlikdagi adir xududida qishloq qabristoni bo’lmish “Bandimozor” nafaqat tumandagi, balki mamlakatimizdagi eng qadimgi ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. “O’tgan asrning to’qsoninchi yillarida 101 yoshida vafot qilgan Mirzosharif otadan mozor tarixi haqida so’ralganda: “Mening otam (u kishinig otalari ham go’rkov bo’lganlar) bu “Bandimozor” otaga uchinchi bor odam qo’yilganini bilaman” deganini aytgan deydi, tariximizning jonkuyari, fidoyi inson Sayfulloh Mullo Hojimuhammad o’g’li. U kishining aytishicha, Mirzosharif otaning ajdodlari uzoq umr ko’rgan ekanlar. “Bandi mozor” uzoq tarixga ega ekanligiga yana bir isbot bor ekan. Hozirgacha tumanning boshqa joylaridan vafot qilgan kishilarni “Bandi mozor”ga olib kelib, “Bobolarimizning yoniga qo’yaylik,”, – deb dafn qilishar ekan.

       Mozor qishloq chetidan oqib o’tadigan “Qumariq” yoki “Qirg’izariq”ning yuqori qismidan boshlanadi. Mozorning eng past joyida Arovon tog’lari, Asaka adirlari, Marhamat-Quva chegarasidagi adirla yaqqol ko’rinib turadi. Mozor hududidan pastroqda “Qumariq” ning quyi qismida, turli-tuman tabiiy daraxtlar soya solib turgan yerda “Bandi mozor” ziyoragohi joylashgan. Ziyoratgoh sokin, tinch va nihoyatda toza, shifobaxsh havosi bilan mashhur.

“O’zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari” (Andijon va Namangan viloyatlari) kitobidan foydalanildi. Toshkent, “Turon Zamin Ziyo”, 2014 y

 

“Bandi mozor” ziyoratgohi

Bu yerning asl nomi «Orzi qora ota» oromgohidir. Xalq orasida «Orzi qora ota» nomi bilan mashhur bo’lgan bu aziz inson ham hayoti mobaynida islom dinini targ’ib qilib, odamlarni to’g’ri yo’lga boshlagan deyiladi.

Bundan tashqari bu mozorda ko’plab aziz insonlarning xoki bor. Shuning uchun ham xalq bu joyni necha asrlardan buyon ziyorat qiladi. Bu joyning nomi «Bandi mozor» bo’lib qolishining sababi, oyog’iga yem tushib yurolmay qolgan otlar shu mozorni atrofini aylantirilib so’ngra yem berilsa tuzalib ketar ekan. Otlar bandilikdan ozod bo’lganligi uchun ham bu joyning nomi xalq tilida Bandi mozor bo’lib qolgandir.

 

Abdusalom Isaqov qo’lyozmalari asosida tayyorlandi

Post Author: admin